Tojikistonda kutilgan saylov g’alabasi, Qirg’izistonda iste’fo

Bir hafta ichida Markaziy Osiyoda ikki tarixiy voqea yuz berdi. 28 yildan beri Tojikistonni boshqarib kelayotgan Emomali Rahmon beshinchi bor yetti yilga prezidentlikka saylandi. Qirgʻizistonda 4 yil oldin saylangan va qonuniy muhlati 2023-yilgacha boʻlgan amaldagi Prezident Sooronbay Jeenbekov isteʼfo berishga majbur boʻldi.

Nima sababdan ikki demokratik yoʻlni tanlagan qoʻshni davlatdan birida toʻrt-besh yilda davlat rahbari almashadi, ikkinchisida esa 30-35 yilgacha bir kishi rahbarlik qiladi?

Tojikistonda Markaziy saylov va referendum komissiyasi 14-oktabr kuni oʻz qarori bilan prezidentlik saylovida Emomali Rahmon 90,97 foiz ovoz olganligini tasdiqladi. Qarorda qayd etilishicha, saylovda 4 million 238 ming 839 nafar, yaʼni umumiy saylovchilarning 84,44 foizi ishtirok etgan va ulardan 3 million 853 ming 987 nafari Rahmonga ovoz bergan.

Qolgan toʻrt nafar nomzodga jami 331 717 nafar ovoz bergan, xolos. Bu natijalarga jamoatchilik shubha bilan qaramoqda. Chunki Tojikiston qonunchiligi boʻyicha prezidentlik saylovida qatnashish uchun kamida 250 ming imzo yigʻish kerak. Bu umumiy saylovchilarning taqriban besh foizini tashkil etadi.

Buni ham ko'ring Tojikistonda navbatdagi "sahnalashtirilgan" saylov

Har biri 250-260 mingtadan jami 1 milliondan ortiq imzo toʻplab, yaʼni umumiy saylovchilarning 20 foizdan ortiq ovozini yigʻib saylovda qatnashgan toʻrt nafar nomzodning hammasi boʻlib 7,82 foiz ovoz ololgan.

Tahlilchi Rajabi Mirzoning qayd etishicha, saylovchilar oxirgi daqiqalarda oʻz fikrini oʻzgartirishi mumkin. Ammo bunga kuchli sabab kerak boʻladi. Tojikistondagi prezidentlik saylovida bunday holat kuzatilmadi. Qolaversa, saylovda qatnashgan har toʻrt nomzod ham oʻz magʻlubiyatidan qanoatmand ekanligini maʼlum qildi.

Agrar partiyasidan nomzod boʻlgan Rustam Latifzoda “xalq shunday ovoz berdi va biz uni eʼtirof etamiz”, deydi. Iqtisodiy islohotlar partiyasidan nomzod Rustam Rahmatzoda ham saylov natijalariga eʼtiroz bildirmadi. Sotsialistik partiya raisi va prezidentlikka nomzod Abduhalim Gʻafforzoda “modomiki xalq shunday qaror qildi, bu qaror toʻgʻri qabul qilinadi”, deydi.

Kommunistik partiya vakili Miroj Abdulloyev fikricha, prezidentlikka saylangan odam haqiqatan tarixiy shaxs va jamiyat hayoti u kishiga bogʻliq.

“Biz kommunistlar umid qilamizki, prezident Kommunistik partiyani qoʻllab-quvvatlaydi”, - deydi u.

Tahlilchi Neʼmatullo Mirsaidov Emomali Rahmonning 90 foizdan ortiq ovoz olganiga shubha qilmaydi. Uning fikricha, saylovda amaldagi prezidentga muxolif boʻlgan kuchli raqibning oʻzi yoʻq edi. Buning sababi esa siyosiy sahnada amaldagi hukumatga raqib boʻla oladigan muxolifatning yoʻqligida.

Buni ham ko'ring Yakkahokimlari bilan tanilgan Markaziy Osiyoda yana bir nodemokratik saylov

Amal qiladigan muxolif partiyalarning imkoniyatlari juda kam. Prezidentlik saylovida yetarlicha imzo yigʻa olmaganligi sababli nomzod sifatida qaydga olinmagan Demokratik partiya raisi Saidjafar Usmonzoda saylov natijalari haqida hech qanday bayonot qilmadi.

Ammo saylovda qatnashishdan butunlay bosh tortgan Sotsial-demokratik partiya raisi Rahmatillo Zoyirovning aytishicha, saylovda umumiy saylovchilarning 28 foizi qatnashdi. Saylov oʻtkazildi, deya qaror qilish uchun esa umumiy saylovchilarning 50 foizidan ortigʻi qatnashishi kerak.

"Markaziy saylov va referendum komissiyasi eʼlon qilgan raqamlarga men ham, Sotsial-demokratik partiya ham rozi emasmiz. Birinchi kamchilik saylovchilar roʻyxatida. Mamlakatdan tashqaridagi mehnat muhojirlari roʻyxatda ikki marta qayd etildi, ham mamlakat ichida va ham xorijda. Bu notoʻgʻri. Saylovchilar soni parlament saylovida ham 4,9 million nafar edi, prezidentlik saylovida ham shunday koʻrsatildi. Demografik nuqtai nazardan oʻzgarishi kerak edi. Bizning hisobimiz boʻyicha, agar muhojirlarni hisobga olmasak, mamlakat ichida 2,6 million saylovchilar bor. Bu raqamdan 1 millionu 400 mingga yaqini saylovda qatnashdiki, bu 28 foizni tashkil etadi. Shuning uchun ham biz saylov oʻtkazildi deb ayta olmaymiz”, - deydi Zoyirov.

Mustaqil tahlilchi Rajabi Mirzoning aytishicha, Tojikistonda qancha saylovchi borligi, qancha odam saylovga qatnashganligi va qancha ovoz berganligini aniqlash imkonsiz. Chunki jarayon shaffof tarzda va tegishli darajada yoʻlga qoʻyilmagan.

Saylovning noqonuniy oʻtkazilganligini iddao qilayotgan birgina Sotsial-demokratik partiya vakillari emas. Xorijdagi muxoliflardan biri boʻlgan “Vatandor” harakati rahbari Dodojon Atovulloyevning aytishicha, Tojikiston tarixida faqat ikki marta demokratik saylov oʻtkazilgan: 1991-yil va 1994-yil. Undan keyingi barcha saylovlar yolgʻondan, nomigagina va demokratik talabotlarga umuman javob bermaydi. Saylov oʻtkazilmasidan oldin kim yutib chiqishi aniq, yaʼni sahnasozlikdan boshqa narsa emas.

Buni ham ko'ring Vashington choyxonasi: Qirg'izistonda nima gap?

Muxolifat yetakchisi eʼtirof etgan 1994-yildagi saylovda ikki nomzod ishtirok etgan va Emomali Rahmon 59,5 foiz ovoz olgan edi. Undan keyingi saylovlarda esa bu koʻrsatkich sezilarli darajada yuqorilagan: 1999-yili 97,6 foiz, 2006-yili 79,3 foiz va 2013-yili 83,9 foiz.

Xorijdagi muxolifat yetakchilaridan biri Muhiddin Kabiriy Tojikistonda saylov instituti oʻz vazifasini bajara olmay qolganligiga ishora qiladi.

“Milliy kelishuv” prezidentlik saylovini noqonuniy ekanligini eʼlon qilgan edi, ammo eʼlon qilingan saylov natijalari nafaqat noqonuniy, balki gʻayridemokratik hamdir. Bu saylovda Tojikiston hukumati koʻrsatdiki, mamlakatimizda qonuniy yoʻl bilan hokimiyat almashishi imkonsiz va tojik xalqi uchun boshqa yoʻllar bilan hokimiyatni almashtirish va oʻz qismatini oʻzgartirishdan boshqa yoʻl qolmadi”, - deydi Kabiriy.

Inqilob haqida soʻzlayotgan faqatgina xorijda panoh topgan muxolifat yetakchilari emas. Mamlakat ichida qonuniy faoliyat qilayotgan muxolifat partiya vakillari ham oxirgi saylov ortidan ilk bor inqilobdan soʻz ochmoqda.

“Kelgusi yetti yil Tojikiston uchun eng ogʻir yillar boʻladi. Balki inqilob ham yuz berar”, - deydi Sotsial-demokratik partiya raisi, Prezident Rahmonning huquqiy masalalar boʻyicha sobiq maslahatchisi Rahmatillo Zoyirov.

Ammo mamlakat ichkarisidagi mustaqil tahlilchi Ilhom Yusupov fikricha, Tojikistonda Qirgʻiziston kabi inqilob yuz berish ehtimoli juda kam. Buning bir nechta sabablari bor.

Buni ham ko'ring Qirg'iziston parlamenti Jeenbekov iste'fosini ma'qulladi

Birinchidan, Tojikistonda odamlar och qornim, tinch qulogʻim, deb yashashni afzal bilishadi. Chunki odamlar 1990-yillardagi fuqarolik urushining achchiq taʼmini hali hamon unutgani yoʻq. Boshqa tarafdan, mamlakat ichida inqilobga chorlaydigan siyosiy kuchning oʻzi yoʻq.

Qolaversa, demokratik institutlar va fuqarolik jamiyati deyarli shakllanmagan. Aksincha, mahalliychilik va millatchilik kuchli. Albatta, norozilar ham bor, ammo 40-50 yoshdan kattalar mamlakatda tinchlik hukmron ekanligiga shukur qilishadi. Faqatgina fuqarolik urushi dahshatlarini koʻrmagan yosh avlod orasida fuqarolik jamiyati shakllanishi va hukumatga nisbatan eʼtiroz qila oladigan darajadagi avlod yuzaga kelishiga sabab boʻlishi mumkin.

Markaziy Osiyo boʻyicha xalqaro miqyosdagi tahlilchi Doniyor Roʻzmetov fikricha, Markaziy Osiyo davlatlarida qoʻshni yashayotgan xalqlarning umumiy jihatlari koʻp boʻlishi bilan birga ularning ijtimoiy, antropologik va tarixiy tomondan farqlari borki, hali yetarlicha oʻrganilmagan.

“Qirgʻizlar oʻzlarini uchinchi inqilobini qilayotgan bir paytda tojiklar oʻz prezidentlarini imi-jimida beshinchi bor saylab oldilar. Bu jihatdan oʻzbeklar ham tojiklarga yaqinroq turadi”, - deydi tahlilchi.

Qirgʻizlar koʻchmanchi boʻlganligi uchun ham beqarordir, degan fikrlar ham bor. Ammo mintaqaning boshqa koʻchmanchi xalqlari, qozoq va turkmanlarga eʼtibor qaratsangiz, bu fikrdan qaytishga majbur boʻlasiz, deydi tahlilchi.

Ro’zmetov fikricha, qirgʻizlarning asosiy yutugʻi fuqarolik jamiyatini shakllantira olganida. Yana ham aniqroq aytadigan boʻlsak, oʻzbek va tojiklardan farqli ravishda adolatsizlik yoki umumiy raqibga qarshi birlasha olish madaniyatining shakllanganida. Na Oʻzbekiston, na Tojikistonda bunday madaniyat shakllangan.