Tojikistondan sharh: Musulmon olamidagi inqiloblar va Amerika roli

Tojikistondan sharh: Musulmon olamidagi inqiloblar va Amerika roli

Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi jarayonlarni butun dunyo, qolaversa Markaziy Osiyo ziyolilari diqqat bilan kuzatmoqda.

G’alayonlar davlat ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmasada, ma’lumotga chanqoq odamlar uni qidirib topayapti, o’qiyapti.

Тоjikistonlik ziyolilar fikricha, so’nggi hodisalar misolida AQShning regiondagi siyosati tanazzulga yuz tutayotganini ko’rish mumkin.

Xo’janddagi “Amerika Burchagi”da bepul internetga kelib turuvchi bir fuqaroga ko’ra, AQShning Yaqin Sharq mamlakatlarida siyosiy elitani o’ziga qaratib olgani va G’arb madaniyatini musulmonlarga zo’raki tiqishtirishi mahalliy aholiga yoqmagan.

Ba’zilar esa arab mamlakatlarida G’arb rejalashtirgan ish bo’lmoqda, deydi.

Tarix fanlari nomzodi, qator xalqaro anjumanlarda ishtirok etib kelayotgan dosent Inomjon Madaliyev ham o’xshash fikr bildiradi. Unga ko’ra, AQShning Yaqin Sharqdagi siyosati uning jahon siyosatidagi bir nuqtasidir.

“Agar biz global o’ylaydigan bo’lsak, har qanday geopolitik kurashlarda muhim nuqtalar mavjudki, ana shu nuqtalarni turli uslublarda tekshirib, uni tahlil etib, keyin olib borayotgan siyosatini natijasi ko’rinadi”.

Madaliyev fikricha, SSSR barham topgandan so’ng asosiy qarshi kuch shikastlangach, siyosiy sistema kurashi siyosiy diniy kurashga aylangan.

“Amerika sistemasiga qarshi islom dini emas, islom dunyosi turmoqda. Bu o’yin bir necha nuqtalardan iborat. Markaziy Osiyoda Qirg’iziston, Pokiston, Afg’oniston, Eron. Yaqin Sharqqa boradigan bo’lsak, inson aqli bovar qilmaydigan hududlarda alanga chiqmoqdaki - Misr, Tunis, Jazoir - buni virus sifatida, ochiq jamiyat nuqtai nazaridan go’yo demokratiya degan virusni tashlab, ideologik kurash boshlangandek”, - deydi olim.

Tojikistondagi ayrim mustaqil tahlilchilar va Rossiyadan turib ba’zi rus tahlilchilari ham Shimoily Afrika va Yaqin Sharqda zanjirsimon takrorlangan xalq g’alayonlari, inqiloblar G’arb tomonidan tashkillashtirilgan, degan mazmundagi fikrlarni bayon etishmoqda.

Dosent Inomjon Madaliyev bu fikrlarga qisman qo’shiladi.

“Ma’naviyat” gazetasi bosh muharriri Zohhirjon Ergashev fikricha, Amerikaning mintaqadagi siyosati buzuq siyosat. Uning aytishicha, AQSh uchun Isroilni qo’llash siyosati ustuvorlik qilib kelmoqda.

“Falastinni talabi haq, arab davlatlarini talabi haq, Eronni talabi haq. Amerikaga u yerda hech nima yo’q. Amerika chiqib ketishi kerak. Bo’ladigan gap mana shu”, - deydi Ergashev.

Tarixchi Madaliyevga ko’ra, Yaqin Sharq mamlakatlaridagi vaziyat global siyosat nuqtai nazardan tahlil qilinsa, Amerikani ayblash to’g’ri emas.

“Maltus teoriyasi nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo’lsak, barcha o’zgarishlar, deylik, yirik abarqudrat davlatlar siyosatini oqlash mumkin”, - deydi u.

“Ikkinchi nuqtai nazar: atrofdagi bugungi vahimalar, go’yo isom yoinki nasroniylar, yo diniy kurashlar… meni shaxsiy fikrim shuki, din insoniyat, ma’naviyat-madaniyat va borlig’ini yaratgan bo’lsa, yana din shu narsani yo’q qilishi mumkin. Uchinchi masala: insoniyat tarixida, umuman tamaddun tarixida hamisha abarqudrat davlatlar boshqaradi. Demak, shunday bo’lsa agar, bu siyosat durust bo’ladi. Amerikani unday-bunday deb ayblash kerak emas”, - deydi Madaliyev.

Siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev nazarida, islom mamlakatlari G’arb davlatlarining tuzumlarni o’zgartirish texnologiyasini o’zlashtirib olmoqda.

“G’ayrislom davlatlarining o’zi ham buni o’rgatib turgan joyi bor”, - deydi u.

“Ya’ni, Yaqin Sharqdagi voqealar birgina AQSh siyosati tufayli emas. Lekin Amerika u yerdagi mamlakatlarning millionlab aholisi manfaatlari bir chetda qolib, rahbarlarinigina ittifoqchi hisoblab, katta xatoga yo’l qo’ydi”.

Yo’ldoshev fikricha, islom dunyosi hozir birlashib bormoqda.

“Bu birlashuv, Yaqin Sharqdagi aholi hamjihatligi dunyoning turli chekkalaridagi mazlum musulmon birodarlar qalbida albatta sado beradi”.