Koronavirus Antarktidadan tashqari barcha kontinentlarga yoyilib borar ekan, bugun Qo'shma Shtatlarda ham favqulodda holat e'lon qilindi. Yevropa hozirda virusning yangi o'chog'i deya ta'riflanmoqda. AQSh Yevropadagi 30 davlatdan safarlarni cheklagan.
Federal hukumatning bunday sharoitda ishlatadigan mablag'i bor. Prezident favqulodda vaziyat haqida qarorini e'lon qilgach, bu hisobga yo'l ochiladi. Gap o'nlab milliard dollar pul haqida ketmoqda.
Sog'likni saqlash vazirligi mamlakat bo'ylab, shtatma-shtat tizimni jadalroq ishlashga undovchi mexanizmlarni ishga soladi.
Diagnostika, dori-darmon, tibbiy xizmatlar va omborlar bilan bog'liq masalalar hal etilishi yuzasidan tezkor choralar ko'riladi.
Hukumat tibbiy bizneslar bilan yaqindan hamkorlik qilib, test vositalari ishlab chiqaruvchi hamda hozirda vaksina yaratish ustida ishlayotgan kompaniyalarni quvvatlamoqda.
Kongress koronavirusga qarshi kurash uchun 8,3 milliard dollar ajratgan. Amerikaliklar bu virus tekshiruvidan bepul o'ta olishi kerak, deydi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi.
Tibbiy ta'tillar, tibbiy sug'urtasizlarning ahvoli, karantindagilar yuzlashadigan masalalar - Sog'likni saqlash vazirligi hammasiga javob beradi va mas'ul.
Harbiy bazalarda yaqinda xorijdan qaytganlarni ko'rikdan o'tkazish tezlashadi.
Prezident bu vaziyatda katta vakolatlarga ega. Xususan, agar ma'qul topsa, internet aloqani cheklashi mumkin. Muayyan fuqarolarning bank hisoblarini muzlatish vakolatiga ham ega.
Kongress prezidentga to'siqlar qo'yishga haqli va o'tmishda bunday hollar ko'p bo'lgan. Qonunchilik organi davlat rahbariga haddidan oshib ketmasligi uchun so'zini o'tkaza oladi.
Amerika tarixida fuqarolar urushi, Ikkinchi jahon urushi va terrorga qarshi kurashda prezidentlar inson huquqlari buzilishi uchun zamin yaratganlikda ayblangan. Qiynoqlar, odamlarning dom-daraksiz ketishi, yuridik himoyadan mahrum qilinishi kabi hollar kuzatilgan.
Xalq salomatligi tahdid ostida deya favqulodda vaziyat hukmron paytda, prezident kimni qachon karatinda saqlash haqida ham buyruq bera oladi.
Davlat rahbaridan fuqarolarning erkinligini cheklamaslik kutiladi, lekin uning huquqiy maslahatchilari istisno tarzida turli yo'llarni taklif qilishi va bu choralar ko'pchilikning manfaati uchun xizmat qiladi deya asoslanishi mumkin.
Shtatlarning deyarli yarmi allaqachon favqulodda holatda. Gubernatorlar ham kuchli vakolatlarga ega. Federal va mahalliy choralar bir-biriga qarshi kelmasligini ta'minlash bunday paytda eng murakkab vazifa.