Bir toshbaqa izidan… Yangi film

  • Amerika Ovozi

Bir toshbaqa izidan… Yangi film

“Toshbaqaning sarguzashtlari” filmi bu jonivorning bir umrga tatigulik sayohati haqida.

Rejissyor Nik Stringer hujjatli filmda dengiz toshbaqasining Florida shtatidan avval Atlantika okeani bo’ylab janubga, so’ng Karib orollari va yillar o’tib, yana Floridaga safarini kuzatib, videoga tushirib borgan.

Har 10 ming toshbaqadan faqat bittasi uzundan uzoq bu sayohatdan omon chiqar ekan.

“Bundan 200 yil oldin dengiz toshbaqalari quruqlikda yashagan. Lekin dinozavrlar kelib, mayda jonivorlar suvga qochgan”.

Filmning ochilish sahnasi: Florida plyajlarida tuxumni arang yorib chiqayotgan, dushmanga tutilib qolmaslik uchun suv tomon lapanglab chopayotgan mitti dengiz toshbaqalari.

“Bepoyon okeanning o’t-o’lani uning uchun panagoh”.

Film davomida tomoshabin toshbaqalardan birini kuzatib, hayot uchun kurashning guvohi bo’ladi.

Kamera ortidagi ovoz sohibi - britaniyalik aktrisa Miranda Richardsonni tinglab, birgalikda bir necha ming chaqirim yerni bosib o’tamiz.

Yo’l-yo’lakay meduza yeb, tanovul qilamiz.

Safar uzoq, har zamonda yonimizdan delfin, akulalar o’tib turadi.

Toshbaqamiz hayot sinovlaridan beshikast chiqishga muvaffaq bo’ladi.

Aktrisa Miranda Richardson Jahon Yovvoyi Tabiat Jamg’armasida elchilik ham qiladi.

“Toshbaqa o’zi dunyoga kelgan yerda, qadrdon plyajida tuxum qo’yadi. Shuning uchun ham uzoq yo’l yurish hech gap emas. Plyaj yo’qmi, demak bola uchun sharoit ham yo’q. Neft to’kilgan dengizda-ku tiqilib, darrov jon beradi. Sellofan paketni baliq ekan deb yeyishi aniq, farqini bilmaydi”, - deydi u.

Richardsonning aytishicha, jonivorga oson bo’lsin deb odamzod ehtiyot choralari ko’rayotgani rost. Toshbaqa tuxumi bor joylar atrofi o’rab qo’yilmoqda, hatto alohida joylar ajratilmoqda.

“Himoyaga olingan plyajlar kam emas. Baliqchi kemalar esa qisqichbaqa ovlab, dengiz toshbaqalariga zarar qilmasligi uchun maxsus moslama bor”, - deydi Richardson.

1987 yilda AQShda yangi tartib kiritilgan: baliqchi maxsus to’r sotib olishi shart. Teshiklari aynan toshbaqalar chiqib ketishi uchun mo’ljallangan.

Lekin ayrimlar, ayniqsa, Meksika ko’rfazidagilar bu gapni pisand qilmaydi.

Luizianalik Din Blanchard qisqichbaqa ovlab, pul qiladi. Ota-bobolari ham baliqchi o’tgan, unga yaxshigina firma meros qolgan.

“Dengiz toshbaqalarini ayab ish tutamiz, moslamalar ham bor. Hech kimga ziyon qilayotganimiz yo’q”, - deydi u.

Lekin bu choralar yetarli emas.

“Odamzot o’zi juda ko’p isrof qiladi. Axlat bir dunyo. Uni tozalashni ham bilish kerak. Biz saranjom bo’lsak, atrof ham yarqiraydi. Tabiat ham bizdan minnatdor bo’ladi”.

Filmimiz qahramoni uzoq safardan keyin nihoyat yana uyga, Florida sohillariga qaytib, onalikka hozirlik ko’ra boshlaydi.

Film ijodkorlari yoshlar bu filmni ko’rsa, tabiatga mehri oshadi degan umidda.