Koreya sammiti AQSh bilan murosaga zamin yaratishi kerak

  • Amerika Ovozi

Seul ko'chalaridagi ekranlarda...

27-aprel kuni ikki Koreya rahbari uchrashadi. Janubiy va Shimoliy Koreya bir xalq bo'lsa-da, bir-biriga g'anim siyosiy tuzumlar. O'tgan bir yil ichida aloqa ilidi. Asosiy sabab, deydi siyosatdonlar, Shimoliy Koreyaning iqtisodiy jihatdan bag'oyat zaiflashgani va tashqi yordamga muhtoj ekani. Atom qurollarini ko'paytirib, xalqaro hamjamiyatning qarshiligiga uchrab kelayotgan Pxenyan dunyo bilan aloqani yaxshilashni bejiz janubiy qo'shnisidan boshlagani yo'q.

Your browser doesn’t support HTML5

Pxenyan-Seul sammitiga ulkan umidlar bog'langan

Shimoliy Koreya lideri Kim Chen Un va Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In orasidagi muloqot zaminida yadroviy maqsadlardan voz kechish talabi yotadi. Pxenyan o'tgan hafta qilgan e'lonida atom arsenali va dasturini yopayotganini bildirdi. Lekin buni amalda isbotlamaguncha ishonch yo'q, deydi Janubiy Koreya va AQSh rasmiylari.

Koreya sammitlari 2000 va 2007-yilda ham o'tgan. Birinchisida qo'shma deklaratsiya qabul qilingan. Madaniy aloqalar va iqtisodiy hamkorlik qilishga kelishib olingan. Ikkinchisida esa AQSh va Xitoy yetakchiligida Shimoliy Koreyaning atom dasturi yopilishi evaziga iqtisodiy yordam va xavfsizlik kafolati va'da qilingan. Biroq Pxenyan bu kelishuvlarni buzgan. 2010-yilda Janubiy Koreya harbiy kemasiga qilingan hujumdan keyin aloqalar keskinlashgan.

O'tgan oylarda Kim Chen Un murosa qilishga moyil ekanini ko'rsata boshladi. Oldingi shartlarining ko'pini bekor qildi. Yaqinda hatto atom qurollari sinab ko'riladigan maydonni yo'q qilish ahdida ekanini bildirdi.

Biroq, deydi Shimoliy Koreya bo'yicha ekspertlar, Pxenyan iqtisodiy ko'mak olish uchun vaqtincha shunday qarorlar qilib, keyin esa qurollanishga o'tishi mumkinligini isbotlagan. O'tmishdan saboq olib, bu safar murosa mustahkam va kuchli bo'lishini ta'minlash zarur.

Seul ko'chalaridagi ekranlarda...

Janubiy Koreya olimlari va siyosatshunoslari Seulni Pxenyan bilan iloji boricha keskin gaplashib, u atom qurollaridan voz kechmoqchi deya yumshamaslikka undamoqda. Sobiq rasmiy Li Sang-Hyun deydiki, Shimoliy Koreyada rahbariyat o'zgargani yo'q, u hamon "ayyorlarning ayyori".

Iyun oyida Kim Chen Un bilan "ko'rishishim mumkin" deya bong urayotgan AQSh rahbari Donald Tramp "agar samara berishiga ishonmasam, Shimoliy Koreya lideri bilan muloqot qilmayman", deydi.

Pxenyanda taxminan 30 atom quroli bor, shuningdek, yuzlab o'rta va uzoq masofaga yeta oladigan raketalar, yadroviy reaktor va uranni boyitish maskanlari. Yashirin inshootlar ham mavjud, deydi ekspertlar.

Pxenyan bilan rasman murosa qilinsa ham xorijiy inspektorlarni kiritib, tekshirish hamda yadroviy dastur bilan bog'liq hamma narsani yo'q qilish uchun yillar kerak bo'ladi.

Janubiy Koreya rahbari Mun zimmasida buyuk vazifalar turibdi. Biri AQSh hukumati bilan til topishgan holda harakat qilish. Ikkinchisi - Shimoliy Koreyani ko'ndira olish. Uchinchisi esa muzokaradan norozi tomonlarni murosa samara berishiga ishontira olish.

Seul yaqinda o'tgan Olimpiya o'yinlariga mezbonlik qilishda Shimolni ham jalb etdi. Pxenyanga qarshi propagandani to'xtatgan. Birodarlik, qardoshlikka urg'u bermoqda. Xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda, jumladan BMT va Xitoy quvvatlovini olgan holda harakat qilishga bel bog'lagan.

BMTning Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalari amalda ekan, Janubiy Koreya ularga qarshi qadam tashlay olmaydi. Yana bir narsani rasman va ochiq tan olib harakat qilmog'i shart: Shimoliy Koreya dunyodagi eng repressiv tuzumlardan biri. U bilan qilingan har qanday murosa bu holatni oqlay olmaydi.