Markaziy razvedka rahbari: "Islomiy davlat" - qotillar va ekstremistlar to'dasi

  • Amerika Ovozi

AQSh Markaziy razvedka bosharmasi boshlig'i Jon Brennan Global xavfsizlik forumida nutq so'zladi. 16-noyabr 2015-yil

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari jon Brennan deydiki, “Islomiy davlat” (ID) ekstremist guruhi yangi strategiya qabul qilgan va Iroq bilan Suriyadan tashqarida ham terror operatsiyalari amalga oshirishga kirishgan.

16-noyabr kuni Vashingtondagi Xalqaro va strategik tadqiqotlar markazida so’zlar ekan, Brennan ID o’ziga sodiq guruhlar orqali boshqa o’lkalarda ham xurujlar qilishi mumkin, dedi.

“Islomiy davlat” guruhi tashqi operatsiyalar dasturini ishlab chiqdi va uni katta talafotlar bilan amalga oshirishga kirishdi. ID tahdidi shu qadar jiddiyki, xalqaro hamjamiyat unga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib kurashmasa, misli ko’rilmagan daraja va ko’lamda hamkorlik qilmasa bo’lmaydi. Bu hamkorlik ma’lumotlar bilan o’rtoqlashish, razvedka va huquq-tartibot organlari hamda harbiylar va diplomatlarning bir-biri bilan yaqindan ishlashini nazarda tutadi”, – dedi Brennan.

U, shuningdek, Parijdagi xurujlarga terrorchilar bir necha oy davomida tayyorgarlik ko’rganini aytdi.

Tashqi operatsiyalarning yana bir misoli - Livan poytaxti Bayrutdagi portlash. Balki Rossiya samolyoti ham ID terrorchilari ishidir, dedi rasmiy.

“Fojealar ortidagi jinoyatchilar aniqlanishini kutar ekanmiz, ular terrorchilik harakatlari ekaniga shubhamiz yo’q. “Islomiy davlat” - qotillar va ekstremistlar to'dasi. Ular soxta diniy qarashlar deb jinoiy faoliyat yuritmoqda,” – dedi u.

Brennan fikricha, AQSh ID tahdidini to’g’ri baholagan. Hamkorlari bilan birgalikda AQSh ID ekstremistlarini Iroq va Suriyada in-iniga kiritib yubordi, shundan keyin ular qing’ir ishlarini boshqa o’lkalarga ko’chirishga qaror qildi, dedi u.