AQSh Eronni, Eron esa AQShni ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning Yaqin Sharq va Yevropadagi ittifoqchilarga aytishicha, agar Eron bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimga tuzatishlar kiritilmasa, Qo’shma Shtatlar shartnomadan chiqadi.

Payshanba kuni yangi lavozimga kirishgan Pompeo darrov xorijiy safarga otlandi – avval NATO majlisi uchun Bryusselga bordi, so’ng Saudiya Arabistoni, Isroil va Iordaniyaga yo’l oldi. Eron asosiy muhokama mavzusi bo’ldi.

Pompeoning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eron yadro dasturi va uning Yaqin Sharq siyosatiga aralashuvidan xavotirda.

“Yevropadagi ittifoqchi davlatlarni bitimni tuzatishga ko'ndirishga harakat qilamiz. Agar buning iloji bo'lmasa, Prezident Tramp shartnomadan chiqamiz, degan", - dedi davlat kotibi.

Saudiya Arabistoni va Isroil bitimga eng boshidan qarshi bo’lgan. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Pompeo bilan uchrashuv chog’ida Trampning bu qarorini olqishladi.

“Eronning agressiv harakatlarini bitim bilan cheklash mumkin deb o’ylagan odamlar chuchvarani xom sanabdi. Aksincha Tehron boshqa mamlakatlar siyosatiga faolroq aralashmoqda. Uni bu yo’ldan qaytarish zarur. Buni birgalikda qilamiz”, - dedi Netanyaxu.

AQSh davlat kotibi Eronni mintaqani beqarorlashtirayotganlikda, Yamanda xutiy isyonchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda aybladi.

“Eron Yamanda hutiylarga qurol uzatmoqda, pul bermoqda, harbiy tayyorgarlikdan o’tkazyapti. Bu BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga ziddir”, - dedi Pompeo.

Xalqaro yadroviy bitimga shu kungacha rioya qilib kelayotgan Eron tuzatishlarga qarshi ekanini bildirdi. Eron va Rossiya tashqi ishlar vazirlari shanba kuni uchrashib, vaziyatni muhokama qildi, Eron vaziri AQShni xalqaro majburiyatlarini buzayotganlikda aybladi.

“O’zi imzolagan bitimni bajarishdan bosh tortgan holda Eron xalqiga to’g’ri kelmaydigan shartlarni hujjatga qo’shishmoqchi”, - dedi Muhammad Javod Zarif.