Yaman mojarosi: AQSh husiylarni terrorchilar ro’yxatidan chiqaradi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Prezident Jo Bayden Davlat departamentida qilgan nutqida Amerika tashqi siyosati qay tomon o’zgarishini tushuntirdi. Xususan, AQSh Yamandagi harbiy operatsiyalarga yordamni to’xtatadi. Xalqaro aloqalarda diplomatiyaga keng o’rin beriladi.

“Amerika jahon sahnasiga qaytmoqda, barcha ishlarimizda siz diplomatlarga tayanamiz”, - dedi Bayden Davlat departamenti xodimlari va dunyo bo’ylab diplomatik korpus vakillariga murojaat qilib.

Buni ham ko'ring Bayden: "Amerika birinchi" siyosatidan voz kechib, jahon sahnasiga qaytayapmiz

Qo’shma Shtatlar BMT tomonidan eng dahshatli gumanitar inqiroz deb tasvirlangan Yaman mojarosi bo’yicha ham yangi yondashuvini e’lon qildi.

“Bu urush tugatilishi kerak. Amerika Yamanda davom etayotgan harbiy harakatlarni ortiq qo’llab-quvvatlamaydi. Bu urushga aloqador qurollar savdosi ham to’xtatiladi”, - deydi prezident.

Xususan, mo’ljalni yuqori aniqlikda uradigan raketalarni yetkazish, Yamandagi harbiy amaliyotlar bo’yicha arab davlatlari bilan razvedka ma’lumotlari almashish to’xtatiladi.

Davlat departamenti husiylarni terrorchi tashkilotlar ro’yxatidan olib tashlashi haqida ham Kongressni xabardor qilgan. Qaror Yamandagi gumanitar ahvol bilan bog’liq, deydi rasmiylar.

Husiy isyonchilar

Eronga xayrixoh bu guruh 2014-yilda Yaman poytaxti Sanoni qo’lga kiritgan. Saudiya Arabistoni bir necha arab mamlakatlari bilan harbiy koalitsiya tuzib, husiy isyonchilarga qarshi harbiy operatsiyalar olib bormoqda. Vashington ham ittifoqchisi Riyodga yordam berib kelayotgan edi.

Tramp ma’muriyati so’nggi daqiqada, Bayden ishga kirishishidan bir kun oldin husiylarni qora ro’yxatga kiritgan edi.

E’tibor bundan buyon tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga qaratiladi. Yaman mojarosi bo’yicha maxsus elchi tayinlanmoqda. 2015-yildan buyon bu davlatda 110 ming kishi halok bo’lgan.

“AQSh bu masala bo’yicha elchi tayinlayotgani mojaroga yakun yasash tomon jiddiy qadam tashlayotganini ko’rsatadi”, - deydi siyosatshunos Brayn Katulis.

Jo Bayden Yaman singari urush zonalaridan qochqinlarni qabul qilish to’g’risida ham bayonot berdi.

Buni ham ko'ring Husiylarni terrorchi tashkilot deb belgilash Yamanda gumanitar inqirozga sabab bo’lishi mumkin, deydi kuzatuvchilar

“Misli ko’rilmagan global ehtiyojni qondirish uchun qochqinlarni qabul qilish dasturini tiklashga qaratilgan mashaqqatli ishni boshlaymiz”, - deydi u.

AQSh rahbari Myanmadagi to’ntarishni ham qoraladi. Vashington harbiylarni hibsga olingan rahbarlarni ozod etishga, mobil aloqa va boshqa xizmatlarni tiklashga chaqirmoqda.

Ayni paytda AQSh global harbiy strategiyasini ham qayta ko’rib chiqyapti. Germaniyadagi qo’shinlar sonini kamaytirish bo’yicha Tramp davrida qabul qilingan qaror ijrosi to’xtatilgan.

Brayn Katulisga ko’ra, Trampning kutilmagan qarorlari ortidan AQSh Germaniya va Yevropadagi boshqa yaqin ittifoqchilarini ishontirish harakatida.

“Bu AQSh tashqi siyosatini normaga qaytarish, ya’ni ittifoqchilar bilan yaqin hamkorlik yo’lini tanlash demakdir”, - deydi suhbatdosh.

Davlat departamenti xodimlariga murojaatida Bayden bilim va tajribangizni qadrlaymiz, ishingizni qo’llab-quvvatlaymiz, deya ta’kidladi.