Breaking News

Kaliforniya o'quvchilari afg'on tengdoshlariga kodlashtirishni o'rgatmoqda


Tolibon hukmronligidagi Afg'onistonda qizlar 6-sinfdan keyin o'qiy olmaydi
Tolibon hukmronligidagi Afg'onistonda qizlar 6-sinfdan keyin o'qiy olmaydi

Kaliforniya shtatida yuqori sinf o’quvchilari afg’onistonlik qizlarga kodlashtirishni o’rgatmoqda. Tolibon zulmi ostida yashayotgan, maktabga bora olmay qolgan yoshlarga Amerikadagi tengdoshlari madadkor.

Janavi va Aya - Janubiy Kaliforniya robotlar komandasi a’zolari. Kelajagini texnologiya sohasida ko’radigan bu qizlar Afg’onistondan do’stlar orttirgan. Muntazam virtual mashg’ulotlarni yo’lga qo’ygan.

Janavi deydiki, kodlashtirish afg’on qizlarga robotlar tilini o’rgatib, shu tariqa ularga bir dunyo bilim beradi, ularning tasavvurini kengaytiradi.

AQSh-Afg'oniston: Robototexnikani o'rganayotgan qizlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:32 0:00

Afg’onistondagi o’quvchilar yozgan kodlar hozir Kaliforniyadagi robotlarni harakatlantirmoqda. Onlayn darslarning hozirgacha bergan samarasi shu.

“O’zimni juda omadli deb bilaman. Maktabga boraman, sinfxonalarda o’tiraman, atrof xavfsiz, to’siqlar va taqiqlar yo’q. Olgan bilimimni uzoq yurtlardagi tengdoshlarim bilan bo’lisha olish – baxt. Boshqalarda mendagi imkoniyatlar yo’qligi adolatsizlik, chunki ular ham o’qiy olishi kerak”, - deydi Aya.

Opa-singil Farishta va Najiya Tolibon hokimiyatga qaytgan paytda maktabni bitirish arafasida edi. Hozirda Afg’onistonda qizlar 6-sinfdan keyin o’qiy olmaydi. Farishta va Najiya endilikda Pokistonda qochqin. Kaliforniyadagi tengdoshlari yordamida saboq olmoqda.

“Xayolimga kelmagan narsalarni bilib oldim. Robotlar, kodlar … Kaliforniyadagi do’stlarimiz – o’qituvchilarimiz. Robotlar endi men uchun sir emas, ularni qanday ishga solib, kodlarni qanday yozishni ancha o’rganib oldim”, - deydi Farishta.

Kobuldagi islomiy maktablar, 11-avgust, 2022
Kobuldagi islomiy maktablar, 11-avgust, 2022

Bu tashabbus ortidagi nohukumat tashkilot “Afg’oniston uchun Ta’lim ko’prigi” deb ataladi. 400 dan ortiq afg’on qiz uning dasturlarida qatnashib, AQShdagi o’quvchilar va ustozlar bilan bog’langan. Muallimlar oylik olmaydi, ko’ngillilar.

Afg’onistonda internet sekinligi sabab darslar har doim ham maromida emas, ayrim hollarda juda sekin. Biroq koordinatorlar mamnun, chunki yoshlar baribir bir-biridan bebaho bilim olmoqda, bir-biriga tayanch. Eng yopiq mamlakatlardan birida yashaydigan yoshlar Kaliforniya bilan aloqada va ta’lim olmoqda.

“Bu yoshlarning dunyoqarashi kengayib, kelajakka umid bilan qaray olishi muhim. Siyosiy va geografik chegaralar ular uchun to’siq emas, chunki mana yo’lini topib, mexanika va robototexnikani o’rganmoqda. Ularga bilim berishga shay o’qituvchilar talay, materiallar bor, quvvatlov bor”, - deydi Muhammad Ali Kava, dastur yurituvchisi.

Najiya fikricha, o’quvchilar ko’payib boraveradi.

“Men o’zim bu imkoniyatni targ’ib qilayapman. Kaliforniyadagi o’qituvchilarimiz va tengdoshlarimiz bizga ko’maklashayotgani haqida Afg’onistondagi yaqinlarim va o’rtoqlarimga aytayapman. Ular ham darslarga qo’shilmoqda. Internet yo’q bo’lsa, albatta og’ir, lekin mana shunday imkoniyat bor”.

“Afg’oniston uchun Ta’lim ko’prigi” tashkiloti bu darslarni sertifikat beradigan kurslarga aylantirmoqchi, toki uni bitirganlar universitetlarga kira olsin, ishlay olsin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG