Rossiya O’zbekistonga Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga kuzatuvchi davlat maqomida qaytish taklifi bilan chiqqan. Senat raisi Nig’matilla Yo’ldoshevning Moskvaga safari davomida bildirilgan bu taklif Rossiya rahbari va boshqa siyosatchilarning O’zbekistonga tashrifi ortidan kuzatilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Islom Karimov prezidentligi davrida Toshkent Moskva yetakchiligidagi bu harbiy ittifoqni aynan mamlakat mustaqilligiga tahdid tug’dirishi hadiki bois tark etgan edi.
Bu taklif Ostonada Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga kiruvchi davlatlar sammiti o’tayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda.
Hozircha bu taklifga rasmiy Toshkent munosabati aniq emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o’tgan oy Prezident Vladimir Putinni Toshkentda kutib olgan. UlariIkki o’rtadagi strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator hujjatlarni imzolashgan edi.
Rus millatchi siyosatchisi Vladimir Jirinovskiyning Buxoroda rasman qabul qilinishi O’zbekiston-Rossiya munosabatlari haqiqatda o’zgarishlarga uchrayotgani, yangi rahbariyatda rossiyaparastlik siyosati yaqqol ko’zga tashlanmoqda, degan xavotirlarni yuzaga chiqardi.
Bu munozaralarga Jirinovskiyning o’zbeklar haqoratlangan, mintaqa davlatlarini Rossiya tarkibiga qo’shib olishga doir bayonotlari bilan tanilgani sabab bo’ldi. Toshkent mintaqada taqiqqa tushgan Jirinovskiyga uyushtirilgan qabul yuzasidan biror izoh bermadi.
Mirziyoyev va Putin oktabr oyida Toshkentda o’tgan muzokaralari davomida O’zbekistonni Rossiya yetakchiligidagi harbiy, siyosiy, iqtisodiy ittifoqlarga qaytishi mumkinligi haqida gap yo’q. Har holda tashrif bo’yicha jamoatchilik taqidim qilingan ma’lumotlarda bu haqda hech narsa deyilmaydi.
Ammo Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan O’zbekiston-Rossiya aloqalarida shiddatli yaqinlashuv boshlangani alohida qayd etiladi.
Mirziyoyev hokimiyatga kelishida Moskva bevosita ishtirok etgani haqida taxminlar ham yo’q emas.
Muxolifatdagi O’zbekiston xalq harakati yetakchisi Muhammad Solih fikricha, Karimov o’limidan so’ng mintaqani eng yirik davlati bo’lgan O’zbekistonni Mirziyoyev orqali boshqarish Putin, Rossiya uchun eng ma’qul yo’l sifatida tanlangan.
"Karimov o’limidan so’ng yuzaga chiqqan nomzodlar orasida Mirziyoyev Rossiya uchun eng ma’quli edi. Chunki Rustam Azimovga G’arbga og’ishi mumkin nomzod sifatida qaraldi. Parlament raisi esa (Nig’matilla Yo’ldoshev) hech qanday siyosatchi emas edi. Tanlov sifatida Mirziyoyev qolgan edi chunki u Karimov davrida ham Putin bilan yaxshi edi, Rossiyaga nisbatan biror qarshiligi yo’q. Shu sabablar bois ham mintaqadagi eng muhim davlat bo’lgan O’zbekiston rahbarligiga Mirziyoyevni olib kelish, u orqali bu o’lkani boshqarish Putin uchun eng yaxshi nomzod edi”, - deydi Solih.
Rossiya-O’zbekiston aloqalari Karimov davrida sovuq bo’lmasa-da, bir qadar masofada edi. Karimov Rossiyaga nisbatan shubha gumonlarini yashirmagan. O’zbekistonni Moskva yetakchiligidagi harbiy ittifoq Kollektiv xavfsizlik shartnomasidan chiqib ketishi ham shu xavotirlarga asoslangan edi.
Shu ma’noda Karimovning o’limi, O’zbekistonda hokimiyat almashishi Moskva-Toshkent munosabatlarida yangi bir davrni boshlab berdi.
Olim Baxtiyor Isabekka ko’ra, Toshkent-Moskva o’rtasidagi bu yangi davr jamoatchilik darajasida, ijtimoiy hayotda ham yaqqol sezilmoqda.
“Bu o’zgarishlar nazarimda yaxshi emas, ayniqsa til siyosati bo’yicha. O’sha 1980-90 yillarda o’zbek ziyolilari ko’tarib chiqqan masalalar(o’zbek tiliga davlat tili maqomini berish) yana teskari tomonga qarab ketyapti. Men ozim kuzatib, hisob kitob qildim. Biz yashaydigan hududni o’zida o’zbek tilining sovet davridagi va hozirgi paytdagi qo’llanish doirasini oladigan bo’lsak, hatto sovet davridagidan ham pasayib ketgan. Men amaliyotini aytyapman, buning ustiga nevaram uchun o’zbek tilidagi maktab qidirdim, topdim, ammo maktab direktori menga nega nevarangizni rus tilli maktabga bermayaptisiz, rus tilini bilar ekan-ku deydi. Hamma ruscha maktabga beryapti, demak sharoit shuni talab qilyapti”, - deydi Baxtiyor Isabek.
Mirziyoyev prezidentlik saylovlaridagi g’alabasi ortidan Karimovni tashqi siyosiy tamoyillarga sodiq qolishini bildirgan edi. Bu tamoyillardan biri O’zbekistonni harbiy-siyosiy ittifoqlarga qo’shilmasligi, o’z hududida xorij davlatlariga qarashli harbiy bazalarni joylashtirmaslikdir.