1992-2016 yillar orasida qamoqda o'tirgan Samandar Qo'qonov Shavkat Mirziyoyev prezidentligini tarixiy o'zgarish sifatida ko'radi. O'zbekistonning bugungi rahbaridan u adolat kutmoqda.
"Karimov hali ham rahbarlikda o'tirganida men hayotda qamoqdan chiqmas edim", - deya fikrlaydi Qo'qonov.
Sobiq siyosiy mahbus bilan "Amerika Ovozi" uning Toshkentdagi ko'rkam hovlisida muloqot qildi. Qo'qonov sakkiz farzandning otasi, bir necha nabiralarning bobosi. Kuniga ikki soat yoga bilan shug'ullanishini aytar ekan, suhbatdosh "menda 30 yoshli yigitning kuchi bor", - deya qo'shib qo'yadi.
Haqiqatdan ham Qo'qonovga qarab jismonan va ruhan tetik insonni ko'rasiz. Yuzidan tabassum arimaydi. 74 yoshida, ayniqsa agar chorak asrni panjara ortida o'tkazganini hisobga olsak, bukilib qolgan oqsoqol bo'lishi mumkin edi. Lekin qarshingizda bo'ydor, tik gavdali, did bilan kiyingan, zamon bilan hamnafas bir insonni ko'rasiz.
"Oliy sudga to'rt bor yozdim. Prezidentga to'rt bor murojaat qildim. Samara bermadi. Bir xil, mujmal javob keladi", - deydi u.
Qo'qonov adolat so'ramoqda.
"Qamoqda asossiz va aybsiz o'tirganim tan olinishi kerak", - deydi u. "Oqlanishni istayman".
1992-yilda hibsga olinganida u O'zbekiston parlamenti a'zosi edi. Neft kompaniyasi rahbari edi.
"Karimov meni tahdid sifatida ko'rgan. Meni o'ziga raqib deb bilgan. Uni "Qo'qonov puldor, mafiya boshlig'i" deb ishontirishgan."
Qo'qonov badavlat oiladan chiqqanini aytadi. Eski boylardan biri ekanini qayd etib, sovet davrida ham yashirin tadbirkorlik qilgani haqida hikoya qiladi.
"Dashtda qo'y boqtirar edim, O'zbekiston-Qozog'iston chegarasidagi cho'llarda".
Qo'qonov asli Jizzaxning Forish tumanidan. O'zini hozir ham ishbilarmon deb tanishtiradi.
"Ikki o'g'lim va ukalarim ham meni deb qamalib chiqqan. Keyin yana hayotini tikladi. Neft biznesida".
Qo'qonov hibsga olingan paytda u "Erk" muxolif partiyasi a'zosi bo'lgan. Lekin, deydi u, aslida siyosatga u qadar qiziqmagan.
"Men uchun Muhammad Solih va Islom Karimovning farqi yo'q edi. Birimizni tanla, deb so'rashganida, men uchun ikkalang ham bir xilsan, deganman".
Dastlab Qo'qonov 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Keyin esa jazo uzaytirilgan. Jami besh hibsxona va zonada o'tirgan.
"Men asosan zindonda edim, izolyatsiyada".
Uni sud o'sha paytda moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topgan. Davlat byudjetiga teng mol-mulk musodara qilindi, deya e'lon berilgan. Qo'qonov u kunlar haqida aytib berarkan, "hech qachon hech kimga xiyonat qilmaganman va birovning haqqiga ko'z olaytirmaganman", deydi.
"Tekshirishganida zarracha ayb yoki xato topa olishmagan. Menga tuhmat qilishayotganini, ish uydirma ekanini ko'plar bilgan, bezovta bo'lgan".
Lekin atrofidagilar uni qamoqdan qutqara olmagan. Qo'qonov fikricha, Karimov uni hech qachon ozodlikka chiqarmagan bo'lar edi.
Sobiq siyosiy mahbus deydiki, uning erkinlikka chiqishi mamlakatda yangi davrga to'g'ri keldi.
"O'zbekiston mana endi mustaqil bo'ldi", - deydi u, davlat hozir o'z taqdirini o'zi belgilayotganiga ishonishini aytar ekan.
Qo'shnilar bilan aloqalar, islohotlar, amaldagi rahbar olib borayotgan siyosat - Mirziyoyev to'g'ri yo'lga yetaklamoqda, deydi Qo'qonov.
Ammo O'zbekistonga muxolifat kerak, deydi suhbatdosh, konstruktiv oppozitsiya. Hukumatga xatolarini aytib turadigan, uni tergab turadigan siyosiy taraf zarur, deydi Qo'qonov. Tanqid qila olsin, maqtasin, yordamlashsin, quvvatlasin - qo'rqmaslik kerak, deydi u.
Yoshlarga esa alohida maslahati bor: qattiq ishlang, adolatli boshqaring.
Inson huquqlari tashkilotlari hozirda Mirziyoyev ma'muriyatini sobiq siyosiy mahbuslarni oqlashga undamoqda. Ya'ni, Karimov davrida Qo'qonov singari asossiz zindonga tashlanganlar aybsiz bo'lgani tan olinsin va ularning normal hayotga qaytishi uchun sharoit yaratilsin.
Qo'qonov ta'biricha, bu yo'ldan borib Mirziyoyev xato qilmaydi. Xalqaro tashkilotlar tilga oladigan 28 sobiq siyosiy mahbusning oqlanishi O'zbekistonga real erkinlik kelganini anglatgan bo'ladi, deydi u.
Hukumat bu murojaatlarga javob bermaydi. Biroq o'tgan ikki yil ichida minglab odamlar qora ro'yxatlardan chiqarildi. Minglab fuqarolar avf va amnistiya orqali qo'yib yuborildi.
Qo'qonov bu qadamlarni olqishlaydi lekin u 24 yillik qamoq oldingi tuzumning repressiv siyosati bo'lgani tan olinadi, degan umidda.
Your browser doesn’t support HTML5