AQSh-Markaziy Osiyo: Diplomatiya faollashgani nimadan darak?

AQSh Davlat departamentidamiz. Tramp ma'muriyatining tashqi siyosatini har kuni dunyo ahliga tushuntirish bilan band Morgan Ortagus yaqinda rahbari - Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan Qozog'iston va O'zbekistonda bo'ldi. Orteges xonim "Amerika Ovozi" bilan suhbatda bu tashrif Vashington uchun qanday ahamiyatga ega ekani haqida so'zladi, shuningdek, qator savollarga javob berdi.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Suhbat uchun vaqt ajratganingiz uchun rahmat.

Morgan Ortagus: Gaplashish imkoniyatidan mamnunman.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bilamiz, bo'sh vaqtingiz juda oz.

Morgan Ortagus: Shunday.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Markaziy Osiyoga borib keldingiz...

Morgan Ortagus: Borib keldik.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Birinchi marta bordingiz mintaqaga shundaymi?

Morgan Ortagus: Ha, men uchun sharaf u joylarga tashrif buyurish. Vashingtonga 13-14 yil oldin ko'chib kelganimda, bu yerda birinchi borgan elchixonam O'zbekistonniki bo'lgan. Ziyofatga borganman va juda qiziqib qolganman. Tashqi siyosatga ham qiziqishim kuchayib ketdi shundan keyin.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Markaziy Osiyo haqida bu safardan oldin qanchalik bilar edingiz ?

Morgan Ortagus: Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan dunyo kezar ekanmiz, mana bu mintaqani ham ko'rdik. Bilimim boyib borayapti. Ajoyib intellektual sinov bu. Markaziy Osiyo - Tramp ma'muriyati nazarida nihoyatda muhim region. "C5+1" formatidagi muloqot ham kuchayib borayotganini ko'rsatib qo'ydik. Davlatlarning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi mustahkamlanaverishi kerak deb hisoblaymiz. Amerika Markaziy Osiyodagi har bir mamlakat bilan yaqindan ishlaydi. Shu bois mana bordik. Davlat kotibi Pompeo har doim bir narsani uqtiradi: borish kerak, ko'rish kerak.

Nursulton, 2-fevral, 2020

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Mintaqada hayajon bilan kutib olindingiz. AQSh bosh diplomati 2015-yildan beri dunyoning bu qismiga bormagan edi. Davlat kotibi Pompeo, siz va Janubiy va Markaziy Osiyo uchun mas'ul diplomat Elis Uellsni ko'rib, siz bilan gaplashib, mamnun bo'lishdi. Lekin hozir o'zingiz aytdingiz, borish kerak va ko'rish kerak, deb. Bu aslida nimani anglatadi? Qozog'iston va O'zbekistondagilar aytishi mumkin, kelishdi, ketishdi; biz ularga qiziqmiz, taomlarimiz va kiyimlarimiz qiziq. Yana qachon kelishadi va nimani o'zgartirishadi, deb. Tarixiy joylarni eslab yurasiz. Balki 1-2 ta gilam sotib olasiz. Lekin gaplashilgan gaplar baribir quruq gap bo'ladi.

Morgan Ortagus: Jiddiy sabablar bilan bordik u yerga. Biri, masalan, O'zbekiston prezidenti boshlagan islohotlarni muhokama qilish. Biz bu jarayonlarni quvvatlaymiz. Amerika bizneslari va sarmoyasi uchun sharoit yaxshilanib, imkoniyatlar ochilishini xohlaymiz. Ikkinchisi, masalan, diniy erkinlik targ'iboti. Davlat kotibi Mayk Pompeo uchun juda muhim masala.

Yana bir dolzarb omil - O'zbekiston terrorizmga qarshi kurashda bizning hamkorimiz. Amerika matbuoti Afg'onistondagi urushni yoritish bilangina cheklanadi lekin aslida bizning u yerdagi missiyamizda O'zbekiston bizga yordam berib kelmoqda. Markaziy va Janubiy Osiyodagi maqsadlarimiz amalga oshishida bu davlatning roli muhim. Afg'onistonda tinchlikka erishishda, bu zamin taraqqiy etishida, siyosiy-iqtisodiy va madaniy hamkorlikda ham O'zbekiston va Qozog'iston hamda Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari behisob hissa qo'shadi.

Davlat departamenti so'zlovchisi Morgan Orteges "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 6-fevral, 2020

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi: Qozog'iston va O'zbekiston rahbarlari bilan muloqotda eshitgan gaplaringizdan qay biri Vashingtonda alohida muhokama qilishga molik deb o'yladingiz? Shunday mavzular bo'ldimi, qanday masalan?

Morgan Ortagus: Shaxsiy muloqotlar tafsilotini bo'lisholmayman, lekin Davlat kotibi Pompeo mintaqaga nisbatan yangi strategiyamizga jiddiy qarab, Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uells bilan bu borada ancha gaplashib oldi. Terrorizmga qarshi kurash - birlamchi masala. Ikkinchisi - Markaziy Osiyo davlatlari bilishi kerakki, biz ularga do'stmiz, sherikmiz va hamkorlikni qadrlaymiz.

Rossiya, Xitoy va boshqa geosiyosiy raqiblarimiz mintaqada o'z ta'sirni kuchaytirar ekan, Markaziy Osiyoga Amerika ham o'z qadriyatlarini eslatib turadi. O'zbekiston va mintaqadagi boshqa jamiyatlarga aytamizki, biz diniy erkinlik, hamjihatlik va tolerantlik tarafdorimiz. Biz adolatli biznes tarafdorimiz. Oshkoralik va javobgarlik biz uchun muhim. Suverenitet, milliy o'zlik, mustaqillik biz uchun muhim va biz sizga bu borada ko'maklashamiz.

Muloqotlarda energetika haqida ham alohida to'xtaldik. Ukraina va Belarusda ham bu borada gaplashdik. Amerika - energetik ta'minotchi. Biz bu sohada ham yordamga tayyormiz.

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": O'zbekistongami?

Morgan Ortagus: Butun Markaziy Osiyoga.

Davlat departamenti so'zlovchisi Morgan Orteges "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Vashington, 6-fevral, 2020

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Bu aytayotganlaringiz haqida oldin ham eshitganmiz - oldingi prezidentlar paytida, oldingi diplomatlardan, shu yerda. Amerikada saylov yili. Bir necha oydan keyin Pompeo bu yerda o'tirmasligi mumkin. Tramp ma'muriyati strategiyani nega shu paytda yangilamoqda? Nimasi bilan muhim bu?

Morgan Ortagus: Qo'shma Shtatlar - barqaror demokratiya. Har ikki yilda, har to'rt yilda saylov. Lavozimlardagi odamlar o'zgarib turadi. To'g'ri, biz ham ketishimiz mumkin. Biroq Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatimiz partiya tanlamaydi. Qadriyatlarimiz ham partiya tanlamaydi. Strategiya asosi o'zgarmaydi. Suverenitet, mustaqillik, manfaatlar - bular o'zgarmas.

Davlat kotibi besh yilda birinchi marta bordi, dedingiz. Bu orada Xitoyning roli kuchaydi. Nafaqat savdo va biznes bobida, balki musulmonlarga, ozchilikdagi elatlarga bosimni oshirdi. Bu bosim Markaziy Osiyoga ham ta'sir qiladi. Shu bois biz borib, aytamiz, biz shu yerdamiz. Qadriyatlarimiz, sadoqatimiz, me'yor va tajribamiz - barchasi Markaziy Osiyo xalqlari xohishi bilan hamohang. Xitoy tekinga yoki arzonga nima taklif qilishidan qat'i nazar, biz bilan tenglasha olmaydi.

Davlat departamenti, Vashington

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Qozog'istonda va O'zbekistonda birdek so'ralgan narsa: Prezident Tramp boradimi regionga? Shu paytgacha Amerikaning biror prezidenti Markaziy Osiyoga qadam qo'ymagan.

Morgan Ortagus: Men buni Davlat kotibi Pompeo va Prezident Trampga albatta eslatib, aytib qo'yaman. Prezident bu yil endi ko'proq mamlakatning o'zida bo'ladi, chunki saylov yili, aytganingizdek, va kampaniya qizg'in tusga kirmoqda. O'zbekiston, xususan, naqadar mehmondo'st yurt ekanini bilamiz. Biz uchun u yerga borish sharaf.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo O'zbekistonda, C5+1

Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Toshkentga yetib borishingiz bilanoq ulamolar va diniy faollar bilan uchrashdingiz. Media bilan emas, fuqaro jamiyati a'zolari yoki odatdagidek, inson huquqlari himoyachilari bilan emas, taqvodorlar bilan. Nega?

Morgan Ortagus: Bu biz uchun nihoyatda muhim. Davlat kotibi Pompeo uchun e'tiqod erkinligi targ'iboti ustuvor vazifalardan. Biz ikki bor bu mavzuga bag'ishlab, vazirlar darajasida katta anjumanlar o'tkazdik. Pompeo qay yurtga bormasin, diniy erkinlikka urg'u beradi. O'zbekistonda ham shunday qildik. Hamjihatlik, tolerantlik... Amerika Xitoy singari davlatlarning musulmonlarga va ozchilikdagi guruhlarga zulm o'tkazishiga qarab turmaydi, hech qachon.

Buni ham ko'ring AQSh-Qozog'iston: Nur-Sultonda uchrashuvlar


Navbahor Imamova, "Amerika Ovozi": Katta rahmat. Davlat kotibi Pompeo bilan ham gaplashamiz degan umiddamiz.

Morgan Ortagus: Unga bu borada aytaman. Xursand bo'ladi.

Navbahor Imamova, VOA: Shu yil oxirigacha...

Morgan Ortagus: Kelishdik.

Navbahor Imamova, VOA: Markaziy Osiyo xususida gaplashamiz. Rahmat!

Morgan Ortagus: Suhbat uchun sizga rahmat!