Koronavirus pandemiyasi oqibatlari Amerikada ish o'rinlari avvalo amerikaliklar uchun ekanini eslatmoqda, deydi Prezident Donald Tramp, shu bois chetdan yollaydigan payt emas.
Bu borada tvit qilgan prezident Kongressga murojaat qilmoqchi emas. Cheklovni u farmon orqali joriy etmoqchi.
AQSh koronavirus yuqtirganlar bo'yicha birinchi o'rinda. Hozirda ular 800 mingga yaqinlashgan, kasallikdan vafot etganlar esa 43 mingga. Tuzalganlar qariyb 73 ming. Jahon bo'ylab, ikki yarim million odam koronavirusga chalingan. O'lganlar 170 mingdan ziyod. Sog'ayganlar esa 653 ming.
Immigratsiya tizimida aynan qanday o'zgarishlar bo'ladi? Amerika darvozalari aynan kim uchun yopiladi? Oq uy bu borada hozircha hech qanday izoh bermagan.
Xitoy va Yevropaning aksariyat davlatlaridan AQSh kelish bir oydan oshibdiki, cheklangan. Tramp bu cheklovchi uzaytirishi mumkin.
Pandemiya sabab AQSh Davlat departamenti dunyo bo'ylab o'z konsulliklarida viza berishni to'xtatganiga ham bir necha hafta bo'ldi.
Amerikada bir oy ichida 20 milliondan oshiq odam ishidan ayrildi. Kongressning barcha sanoatlar va aholiga 2,2 trillion dollarlik yordami ijobiy ta'sir qiladi, deydi Oq uy rasmiylari, lekin vaziyatni o'nglash uchun ko'proq madad va keskin choralar zarur. Tramp immigratsiyani shu bois yopish ilinjida.
Bu orada Jorjiya shtatida bu hafta oxirida bizneslar va korxonalarga qayta ochilishi mumkin. Shtatda koronavirusdan 775 kishi o'lgan, uni yuqtirganlar 19 mingdan oshiq.
Jorjiya gubernatori Brayan Kemp deydiki, astalik bilan va bosqichma-bosqich inqiroz holatidan chiqish kerak. Oq uy o'tgan hafta shtatlar bu borada o'zlari qaror qiladi, federal hukumat yordamga tayyor deya bayon qilgan edi.
Lekin mamlakatning yetakchi tibbiy eksperti Antoni Fauchi nazarida shtatlar shoshlay qadam tashlashi kerak. Pandemiya chekinayotganiga har tomonlama ishonch hosil qilish kerak, deydi doktor, aks holda vaziyat yanada og'irlashadi.
Oq uyga ko'ra, agar ikki hafta davomida virusga chalinganlar soni muntazam ravishda kamayib borsa, demak, ahvol yaxshilanmoqda, deya xulosa qilish mumkin va qayta ochilish haqida jiddiy o'ylasa bo'ladi.
Jorjiyada bunday o'zgarish qayd etilayotganiga endi bir hafta bo'ldi. Hafta oxirida shtat bizneslari ochilsa, Oq uy qoidasi buziladi, deydi ekspertlar.
Gubernator Kemp bizneslar to'liq ochilmasligini, qat'iy choralar ostida ishlashini ta'kidlagan. Biroq, deydi u, ularga daromadini tiklash uchun imkon berish payti keldi.