Markaziy Osiyo davlatlari qanchalik bardoshli?

Onlayn davra suhbatda qatnashgan mutaxassislarning birortasi Markaziy Osiyoning biror davlatida so'nggi paytda aholi fikr-qarashlarini o'rganmagan. Xulosa va tahlil shu paytgacha bilganlari, OAV bergan materiallar, siyosiy va iqtisodiy tendensiyalar, xalqaro hisobotlarga asoslangan

Vashingtondagi yetakchi aql markazlaridan biri Xalqaro tinchlik bo'yicha Karnegi jamg'armasi o'tkazgan onlayn davra suhbatida Markaziy Osiyo davlatlari koronavirus pandemiyasi olib kelgan muammolarga nisbatan qanchalik kurasha olishi va oqibatlarga bardosh bera olishi haqida gap ketdi. Olimlar nazarida, umuman olganda, mamlakatlar bu inqirozdan chiqadi. Qiyinchiliklar mamlakatma-mamlakat o'xshash va shu bilan birga turlicha.

Garvard universitetidan qozoq olima Nargis Kassenova siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik va madaniy bardosh haqida so'zladi. Hukumatda ham, xalq orasida ham egiluvchanlik, moslashuvchanlik asosiy omillardan biri, deydi Kassenova.

Mintaqa xalqlari o'zini chidamli va bardoshli deb biladi; har qanday murakkab vaziyatda tirikchilikni amallashga, ichki va tashqi siyosiy bosim ostida hayot kechirishga o'rgangan, biroq odamlarning talabi oshib bormoqda, deydi tadqiqotchi. Fuqarolar hukumatdan bugun ko'proq xizmat va mas'uliyat kutmoqda. Odamlar xalqaro hamjamiyatdan ham real madadga umid bog'lagan va global o'zgarishlardan orqada qolmaslikni xohlaydi.

Buni ham ko'ring Bugungi Tojikiston G'arb ekspertlari tahlilida

Toronto universitetidan professor Ed Shatz deydiki, mintaqa ahlining siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy bardoshi va chidamliligi ko'p jihatdan davlat idoralari faoliyatiga bog'liq. Tojikiston va Turkmaniston singari yopiq jamiyatlarda koronavirusdek yuqumli kasallik yuzasidan hukumatlar sukut saqlab, faqat o'zlari istagan paytda bu borada og'iz ochayotgani repressiya naqadar yuqori ekanini ko'rsatdi, deydi Shatz.

Ekspertlar hamisha o'zgarish qidiradi va xalqaro tajribaga asoslanib, murakkab muhitlardagi vaziyatni tahlil qilishga urinadi. Lekin olimlar xulosa qilishga shoshmasligi lozim, deydi Shatz. Avvalo, xalq nima deyayotganiga e'tibor berish lozim; jamiyat fikrini chuqurroq o'rganish kerak, deydi tadqiqotchi.

Shatz deydiki, davlat har qanday inqiroz paytida markaziy tayanch sifatida namoyon bo'ladi. Mana shu rolini saqlab qolayotgani tizimlarning bardoshli ekanidan dalolat. Ya'ni, iqtisodiy yetishmovchilik, ijtimoiy muammolar va illatlarga qaramay koronavirus pandemiyasi kabi sinovli davrda odamlar hukumatga tayanishga majbur.

Bu inqiroz sabab Shatz Markaziy Osiyo yoki boshqa davlatlarda ulkan siyosiy burilishlar kutmaydi, lekin davlat va fuqaro yaqinlashishi mumkin, vaholanki, ichki muammolar naqadar chuqur ekani, sistemalar zaifligi aniq.

Oshkoralikka o'rganmagan tuzumlar koronavirus sabab ochilib, xalqni vahimaga solishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarni bemalol ulasha boshlaydi deb kutish kulgili, deydi Shatz.

Lekin rahbariyatlar masala global ekanini ko'rib, sal bo'lsa-da ildamlagani sezildi, xususan Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekistonda. Bu mutaxassislar uchun qishloq joylardagi real holat haqida ishonch bilan gapirish qiyin.

Buni ham ko'ring Tojikiston bozorlarida narx-navo qanday?

Bishkekdan tadqiqotchi Asel Duletkeldiyeva tahlilicha, hozirgidek qiyin pallada odamlarni asosan ikki omil bardoshli bo'lishga undamoqda: norasmiy iqtisod va islom.

Oilaviy byudjetning 40-60 foizini mintaqada oilalar oziq-ovqat uchun ishlatadi, deya qayd etadi Duletkeldiyeva, Jahon banki bergan ma'lumotlarga asoslanib.

Qorinni qarzga yoki barter asosida to'ydirish va boshqalarning ham shunday tizimlarga moslashishi siyosiy bardosh emas, hayot uchun kurashning yangicha ko'rinishi yoki azaliy odatlarga ko'ra bugungi omilkorlik, deya izohlaydi Duletkeldiyeva.

E'tiqoddan malham izlash ham tabiiy, deya tushuntiradi u, tirikchilikni amallash va bir-biriga masofadan ruhiy madad bo'lish.

Duletkeldiyeva fikricha, hukumatlar koronavirus oqibatlaridan saboq oldi, deyish uchun hozircha asos yo'q, xususan Qirg'izistonda.

Parlament saylovlari yaqinlashmoqda, iqtisodiy vaziyat tang, elita sarosimada, deya kuzatadi mutaxassis.

Bu olimlarni diqqat bilan tinglagan tahlilchi va sobiq diplomat Pol Stronski kuzatishicha, pandemiya davrida odamlar, xususan Markaziy Osiyo ahli ko'proq o'ziga, o'z resurslariga, mahalliy norasmiy va nohukumat tizimlarga tayandi.

Shunday qila olish ham bardosh va chidamdan dalolat, deya xulosa qiladi u, ammo tub muammolarni hal etmay shunday davom etish mumkin emas. Hukumatlar hozirgi vaziyatdan to'g'ri dars olib, islohotlar haqida jiddiy bosh qotirishi lozim, deya tavsiya qiladi Stronski.

Uning fikricha, O'zbekiston oshkoralik va xalqaro hamjamiyat bilan ishlashda ancha ildamlagan. Sirdaryo viloyatidagi Sardoba to'g'oni ochilib ketishi mamlakat uchun yana bir zarba bo'ldi, deydi Stronski, hukumat uchun jiddiy sinov.

Tukrmaniston va Qozog'iston haqida kitoblar yozgan yevropalik olim Luka Ancheski bu davlatlarni "yagona resursga asoslangan tuzumlar", deb ataydi. Turkmanistonda tabiiy gaz, Qozog'istonda neft. Bu boyliklar keltiradigan daromad davlatga kuch beradi. Lekin daromad pasaygan va xalq orasida norozilik hissi kuchaygan. Daromad joyida bo'lgan paytda ham uning foydasini sezmayotgan omma koronavirus pandemiyasi tufayli yanayam cheklangan muhitda hayot kechirmoqda. Bardosh darajasi sinovda, odamlar kuchli ruhiy bosim ostida.

Buni ham ko'ring Koronavirus: Turkmaniston 58 afg’onni ozod etdi

Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi kengayib bormoqda, deydi Ancheski. Mamlakat qanchalik yopiq bo'lmasin, haqiqat uchqunlari chiqib kelmoqda. Odamlar qorin dardida xususiy mulklarini sotmoqda, och qolayotgani haqida ochiq gapirmoqda, deydi olim.

"Xalq hozir oldingidek bardoshli emas. Hatto turkmanlarning ham sabr kosasi to'layotgan bo'lishi mumkin", - deya kuzatadi Ancheski.

Tadqiqotchi keyingi jarayonlarni bashorat qilishni xohlamaydi, lekin hukumatning xatti-harakatiga qarab, rahbariyat real vaziyatni qanchalik tan olishi va tushunishini ko'ramiz, deydi u.

Onlayn davra suhbatida qatnashgan mutaxassislarning birortasi Markaziy Osiyoning biror davlatida so'nggi paytda aholi fikr-qarashlarini o'rganmagan. Xulosa va tahlil shu paytgacha bilganlari, OAV bergan materiallar, siyosiy va iqtisodiy tendensiyalar, xalqaro hisobotlarga asoslangan.

Buni ham ko'ring Rossiya-Qozog'iston chegarasida arosatda qolgan o'zbekistonliklar

"Ozodlik" radiosidan ekspert Bryus Penniyer o'tgan 30 yildagi muhim burilishlar va murakkab pallalarni qayd etar ekan, u ham Markaziy Osiyo aholisi siyosiy va iqtisodiy muammolarga hamisha o'zi yechim topgani, ya'ni o'zi va atrofidagilarga tayangan holda bardosh berib kelayotganini tilga oladi.

Koronavirus pandemiyasi sog'liqni saqlash sohasi mintaqaning har bir davlatida nochor ekani, tibbiy mutaxasssislar va ilm ahli qadrlanmasligi va hukumatlar bu borada yuzaki islohot qilib kelganini ko'rsatdi.

Endi chora sifatida bu tizimga ko'proq moliya ajratilishi va dunyoga bu haqda ko'rsatib qo'yish uchun boshqa sohalar chetga surilib, aynan salomatlik uchun misli ko'rilmagan mablag' sarflanmoqda, deya targ'ib qilinishi mumkin, deydi Penniyer.

Buni ham ko'ring XVF: Markaziy Osiyo koronavirusdan qancha zarar ko'rdi?

Iqtisodiy-ijtimoiy muammolar chuqurlashishi har qanday jamiyatda xavfsizlikka tahdid soladi, lekin mintaqaning har bir mamlakatidagi o'ziga xos omillarga yaqindan nazar tashlash kerak, deydi sharhlovchi.

Turkmaniston dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri, biroq bugun tashqaridagi turkmanlarning ovozi balandroq va ular ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda faollashgan. Ularning Ashgabat siyosatiga ta'siri albatta bo'ladi, deydi Penniyer.