AQSh Senatidan Markaziy Osiyo rahbarlariga maktublar

Bob Menendez Nyu-Jersi shtati senatori. 1993-yildan beri Kongress a'zosi. 14 yil Vakillar Palatasida xizmat qilgach, Senatga saylangan.

Tinch yo'l bilan faollik ko'rsatgan, davlatni va rahbariyatni erkin fuqaro sifatida savolga tutgan insonlar hech qachon panjara ortiga tashlanmasligi lozim, deydi AQSh senatori Bob Menendez. Demokrat qonunchi bu hafta Markaziy Osiyodagi 10 mahbus taqdiriga e'tibor qaratib, O'zbekiston, Qirg'iziston, Qozog'iston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlarini hozirgi pandemiya xavfini hisobga olgan holda bu insonlarni ozodlikka chiqarishga undadi. Menendez boshchiligidagi 12 senator, respublikachi va demokratlar, har bir respublika prezidentiga maktub yo'llagan. Menendezdan tashqari xatlarga imzo chekkanlar: respublikachi Mitt Romni, demokrat Dik Durbin, respublikachi Tom Tillis, demokrat Richard Blumental, respublikachi Rojer Uiker, demokrat Bob Keysi, demokrat Kirsten Jillibrend, demokrat Sherrod Braun, demokrat Patrik Lihi, demokrat Ben Kardin va demokrat Kris Van Xollen.

Qozog'istonda Aset Abishev va Maks Bokayev siyosiy muxolifat, ekologiya, inson huquqlari uchun hamda qiynoqlarga qarshi kurashgan.

Qirg'izistonda Azimjon Asqarov qamoqxonalardagi og'ir vaziyatni fosh etgan.

Tojikistonda jurnalist Daler Sharipov va huquqshunos Buzurgmehr Yorov adolat va haqiqat uchun jonbozlik ko'rsatgan.

Turkmanistonda Gulgeldi Annaniyozov huquq himoyachisi sifatida ishonch qozongan. Taksichi Mansur Mingelov esa qardoshlarining huquqlari buzilgani, ayrimlari organlar tomonidan qiynoqqa solingani haqida isbot-dalil to'plagan. Talaba Umurzok Umarkuliyev esa Turkiyadagi kursdoshlari bilan klub tuzib, vatan taqdiri haqida qayg'urgan.

O'zbekistonda Iskandar Xudoyberganov huquq faoli bo'lgan. Erkinlik va adolat haqida gapirgani uchun 2002-yilda konstitutsion tuzumga raxna solganlikda ayblanib, bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etilgan.

Tadqiqotchi Akrom Malik esa, deya qayd etiladi senatorlar maktubida, oppozitsiya haqida izlangan, bu borada maqolalar yozgan.

AQSh Senati xulosasiga ko'ra, bu insonlarni insoniylik nuqtai nazaridan ham ozod etish kerak, chunki koronavirus yuqqan taqdirda ularning sog'lig'i dosh bera olmasligi mumkin.

Yuqorida nomi tilgan olingan mahbuslar haqida hukumatlar beradigan umumiy bayonot shuki, har biri sud tomonidan aybdor deb topilgan, shuningdek, ayrimlarining ishi yillar davomida apellyatsiya tartibida qayta ko'rilgan va sud hukmiga ko'ra qamoqda qoldirilgan.

Pandemiya davrida mahbuslarning salomatligi haqida gap ketganida O'zbekiston va qo'shni davlatlarning tegishli organlari koloniyalarda ehtiyotkorlik choralari qattiq va xavotirga o'rin yo'q, deb keladi.

Xususan O'zbekiston hukumatiga ko'ra, o'tgan uch yil ichida minglab mahbuslar insoniy sabablarni hisobga olgan holda hamda qilmishidan pushaymon ekaniga va yangicha hayot yo'lini tanlaganiga tizimni ishontira olgani uchun ozod etilgan, ya'ni afv etilgan.

Inson huquqlari bo'yicha mahalliy va xalqaro tashkilotlar AQSh senatorlari e'tibor qaratayotgan mahbuslar masalasini yillardan beri ko'tarib keladi. Kongress diqqatiga ham aynan shu harakatlar sabab tushgan.