AQShda ishsizlik 8,4 foizda qolmoqda

  • Amerika Ovozi

Mississippi shtatida ishsizlar mehnat markazi eshigida navbatda turibdi

O'tgan bir hafta ichida AQShda 884 ming kishi ishsiz ekanini aytib, davlatdan yordam so'ragan. Ishsizlik avgust oyida 8,4 foizga tushdi. Pandemiya davrida 22 million ish o'rni boy berilgan. Yarmi hozirgacha tiklandi.

O'tgan oy mamlakat bo'ylab 1,4 million mehnat o'rni yaratilgan. Iqtisodiy muammolarni hal etish uchun bu yetmaydi, deya tan olmoqda Oq uy.

Shunga qaramasdan Prezident Donald Tramp o'tgan oylarda ochilgan imkoniyatlarni o'zining ulkan g'alabasi deya baholab, amerikaliklar shu bois ham uni qayta saylashi kerakligini aytmoqda.

3-noyabrdagi saylovlar oldidan Kongress yana bir iqtisodiy yordam paketini ma'qullaydi deya kutilmoqda, ammo hozircha partiyalar bu borada kelishuvdan yiroq.

Iyul oyi oxirigacha ishsizlar o'z shtatlari beradigan moliyaviy ko'makdan tashqari federal hukumatdan haftasiga 600 dollarlik chek olayotgan edi. Respublikachilar yil oxirigacha bu summani 300 dollar tushirgan holda yordam berishni taklif qilmoqda. Demokratlar esa ko'makni hafttasiga 600 dollarda ushlab turishga harakat qilmoqda.

Respublikachilar iqtisodiy yordam paketi 500-700 millard dollar orasida bo'lsin, deydi. Demokratlar esa kamida 2 trillion dollarlik madad haqida gapirmoqda.

Kongress tortishar ekan, Prezident Tramp maxsus farmon bilan ishsizlarga haftalik yordam pulini 400 dollar qilib belgilab qo'ydi. Bu ko'mak qancha davom etishi mavhum.

Oq uy, 10-sentabr, 2020

Koronavirus Amerikada hozirgacha 190 ming kishini hayotdan olib ketdi. Virusni yuqtirganlar soni 6,5 milliondan oshgan. Kasallikdan tuzalganlar 4 millionga yaqin.

Tramp prezidentligi haqida chiqayotgan yangi kitobda muallif Bob Vudvard yozadiki, Amerika rahbari virus xavfi naqadar jiddiyligini, mamlakat pandemiya yoqasida ekanini bila turib, buni omma oldida tan olmagan. Tramp bilan suhbatlashgan Vudvard kitobda Oq uyning oxirgi oylardagi faoliyatini ochib beradi.

Prezidentga ko'ra, u xalqni hech qachon aldamagan.

"Mamlakatimiz pandemiyani yenga boshlagan, oxiri yaqin", - dedi Tramp bugun Michigan shtatida saylovchilar bilan uchrashuvga yo'l olar ekan.

Prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden esa Trampni Amerika va dunyoni aldab kelayotganlikda ayblamoqda.

"Donald Tramp bu virus qanchalik halokatli ekanini bila turib, uning ta'sirini ataylab past baholagan, chunki qayta saylanishi uchun iqtisodni kuchli qilib ko'rsatishi kerak edi", - deydi Bayden.

"Tramp aldadi, odamlar o'ldi", - deya xulosa qilmoqda Kongressdagi demokratlar.

Prezident Tramp esa vahima hech qachon foyda keltirmagan, deydi.

"Vaziyatga qarab chora ko'rildi va bu choralar sabab balki millionlab insonlarning hayoti asrab qolindi", - deydi u.