Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorlik kelishuvini yangiladi

  • Amerika Ovozi

Bugun Yevropa Ittifoqi yetakchi rasmiylari va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari hamkorlikni oshirishni ko'zlovchi majlis o'tkazdi. Tomonlar orasidagi 16-yig'in deya ta'riflanayotgan tadbir onlayn kechdi.

Muloqotga blokning tashqi masalalar bo'yicha bosh rasmiysi Jozep Borell raislik qilgan. Unda ittifoqning xalqaro hamkorlikka mas'ul diplomati Yutta Urpilainen ham qatnashgan.

Yevropa va Markaziy Osiyo bir-biri bilan har taraflama yaqindan ishlashni xohlaydigan mintaqalardir, deyiladi anjuman yakunidagi qo'shma bayonotda.

"Tinchlik, xavfsizlik, inson huquqlari, demokratiya va xalqaro qonunlar, taraqqiyot - ularni qadrlash va bu qadriyatlar sari birga qadam tashlash - mushratak manfaatlardir".

Koronavirus pandemiyasini yengish, iqtisodiy tiklanish, ekologik talablarga binoan yangi tizimlar barpo etish - tomonlar bu masalalarni ham muhokama qilgan.

Buni ham ko'ring Stiven Blenk: AQSh Markaziy Osiyoga kuchli muqobil yo'l taklif qilishi kerak

Yevropa Ittifoqi mintaqa uchun bu maqsadda 134 million yevro ajratgan. O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston hukumatlari bu yordamdan minnatdor ekanini bildirgan.

Blokning 2019-yilda tasdiqlangan strategiyasiga ko'ra, Yevropa Ittifoqi islohotlar boshlagan har bir respublikaga ko'makni oshiradi, xususan texnik va siyosiy madadni.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" (HRW) blokni Markaziy Osiyo bilan hamkorlikda huquqni birinchi o'ringa qo'yishga undab keladi. Rasmiylarning javobi shuki, bu masala allaqachon prioritetlardan biri.

Lekin huquq himoyachilari buning isbotini amalda ko'rishni xohlaydi. Repressiv tuzumlar bilan ishlayapsiz, deya eslatadi ular, vaziyatga ko'z yuma olmaysiz.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha vakili Piter Burrian "Twitter"da ta'kidlashicha, mintaqa bilan bugungi muloqotda ham inson huquqlari va adolat talabiga kuchli urg'u berilgan.

HRWning Yevropa va Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Hyu Uilliamson buni olqishlab, tomonlarni rasmiy davrada berayotgan so'zlarida turishga, huquq ta'minoti yo'lida amaliy qadamlar tashlashga chaqirdi.

Tashqi ishlar vazirlarining gaplari safsata emasligini hukumatlar isbotlashi lozim, birinchi navbatda o'z xalqiga va keyin albatta xalqaro hamjamiyatga, deydi huquqbonlar.

Qo'shma bayonotga ko'ra, ittifoq mintaqa bo'ylab qonun ustuvorligi, demokratik boshqaruv, gender tengligi, inson huquqlari e'zozlanishi yo'lida qilinayotgan ishlarni quvvatlaydi. Jumladan, blok xotin-qizlar rolini oshirish, yoshlar bilan ishlashda yordamlashadi.

Ta'lim va sog'liqni saqlash sohasida ham Yevropa Ittifoqi mintaqaga ko'makni kengaytirmoqchi. Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot haqida gap ketar ekan, ekologiyani asrab-avaylash ham muhim jabha, deya qayd etiladi bayonotda.

Buni ham ko'ring Tramp Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatni qanchalik yangiladi?

Ilm-fan, texnologiya va innovatsiya - ittifoq bu yo'nalishlarda ham yangi loyihalarga homiylik qilmoqchi.

Xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, inson savdosi va qoradori savdosiga qarshi kurash, shuningdek, kiber-xavfsizlikni ta'minlash - blok va mintaqa bu sohalarda ham birga ishlashda davom etadi.

Yaqin kelajakda tomonlar Turkmaniston va O'zbekistonda tadbirlar rejalagan. Siyosiy barqarorlik va taraqqiyot masalalari asosiy mavzular bo'ladi.

Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari Afg'onistonda tinchlik tomon harakatlarni ham bir ovozdan quvvatlashini izhor etgan.

Keyingi yig'in 2021-yilda Dushanbeda o'tishi ko'zlanmoqda.