Barak Obama prezidentligi davrida, ya'ni o'tgan o'n yillikda Markaziy Osiyoda elchilik qilgan va Vashingtondan turib aloqalarni tebratgan keksa diplomatlar nazarida Bayden ma'muriyatida mintaqaga nisbatan siyosat uncha o'zgarmaydi. Muayyan masalalarga e'tibor oshishi mumkin, biroq strategiya o'sha-o'sha: davlatlar suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini quvvatlash. Har bir respublika bilan o'zaro manfaatlar yuzasidan ishlash va mintaqaviy birdamlikka undash. Afg'onistonda tinchlikka erishish uchun hamkorlik qilish. Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo orasida yangi savdo yo'llari ochishda yordamlashish. Markaziy Osiyoga Xitoy va Rossiya bera olmaydigan imkoniyatlarni taklif qilish. Mintaqaning har bir mamlakati erkin, demokratik, qonun ustuvor, farovon va tinch-osuda jamiyatlar bo'lishida ko'maklashish.
Amerikada prezidentlar yangilanganida tashqi siyosatda strategiya emas, taktika o'zgaradi. Bayden davrida ham shunday burilishlar kutilmoqda. Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi va Oq uyda, xususan Milliy xavfsizlik kengashida mintaqa bilan shug'ullanuvchi rasmiylar hali to'liq tayinlangani yo'q. Iste'fodagi diplomatlar va siyosatdonlarning umidi shuki, yangi mutasaddilar ulardan oldingilari bilan maslahatlashadi va shu kungacha ish bergan dastur va tashabbuslarni chetga surmay, kengaytiradi va kuchaytiradi.
Buni ham ko'ring Prezidentligining to'rtinchi yilida AQSh Mirziyoyevga qanday baho bermoqda?10 yildirki, Vashington Markaziy Osiyodagi har bir respublika bilan yillik maslahat uchrashuvlari o'tkazadi.
"Bu muloqot", - deydi sobiq yetakchi rasmiy Robert Bleyk, "albatta davom etishi lozim. Mintaqaning besh davlati va AQSh orasidagi C5+1 diplomatik dialogi ham nihoyatda muhim platforma".
Har ikki tashabbusga Obama davrida asos solingan. O'sha paytda faollik ko'rsatgan Bleyk ularni effektiv vositalar deb hisoblaydi.
"Chunki bu muloqotlar davlatlar orasida ishonchni mustahkamlash, ochiq fikr almashish, shuningdek, ziddiyatlarni vaqtida hal qilish uchun imkoniyatdir", - deydi Bleyk.
Unga ko'ra, Bayden ma'muriyati iqtisodiy-ijtimoiy yordam qatorida ilmiy-professional almashinuvlarni, ekologiya himoyasi bilan bog'liq dasturlarni va texnik madadni oshirishi kerak.
Lekin birinchi navbatda, deydi Bleyk, Davlat kotibi Entoni Blinken mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan gaplashib olishi kerak.
Buni ham ko'ring Oq uy: Markaziy Osiyodagi maqsadlar o'zgarmasAmerika vazirlari orasida mintaqaga eng ko'p boradigani davlat kotibidir. Mudofaa vaziri va boshqalar anchadan beri tashrif buyurmagan, biroq AQShning mintaqa uchun mas'ul generallari va boshqa yetakchi rasmiylar hatto pandemiya davrida ham qatnab turdi.
Prezident Baydenning o'zi Markaziy Osiyoga borishi mumkinmi? Vashingtondagi tahlilchilar buning ehtimolini past baholaydi. Shu kungacha Amerikaning biror rahbari mintaqaga qadam qo'ymagan.
O'zbekiston va Qozog'istonda elchilik qilgan, shuningdek, Bleyk singari Davlat departamentida yuqori lavozimlarda ishlagan Jorj Krol nazarida mintaqa Vashington uchun strategik jihatdan juda muhim, lekin prioritet darajasida emas va hech qachon bo'lmagan.
Qo'shma Shtatlarga bu davlatlar bosim va ta'sirini bo'shashtirmaydigan Rossiya va Xitoydan farqli bo'lgan "najot makoni" sifatida qaraydi. Respublikalar Moskva va Pekinga iqtisodiy va biznes jihatdan tobe. Rossiyaga tarixiy-siyosiy va harbiy bog'liqlik hamon kuchli. Bular erta-indin tugashi mumkin bo'lgan rishtalar emas, deydi Krol. Shunday ekan, Vashington Markaziy Osiyoga o'ziga xos shaklda va hajmda yordamlashishi, u bilan strategik hamkorlik qilishi lozim.
Shu kungacha "Amerika Ovozi" AQSh rasmiylaridan ham aynan shunday yondashuv haqida eshitib kelgan, ya'ni Vashington Moskva va Pekin bilan tenglashish niyatida emas. Markaziy Osiyo davlatlari kim bilan qanday va qanchalik hamkorlik qilishni o'zlari belgilaydi. Amerika esa region bilan o'zaro manfaatlarga asoslangan holda qadam tashlaydi. Yuqorida qayd etilgan strategik maqsadlar tilga olinadi.
Buni ham ko'ring Tramp Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatni qanchalik yangiladi?Mintaqada Rossiya, Xitoy yoki boshqa tomon biror mojaro chiqarsa, AQSh chora ko'radimi? Albatta, deydi Bleyk va Krol, munosabat bildiradi, vaziyat va oqibatlariga qarab, ayblangan tomonga sanksiya va cheklovlar qo'yilishi mumkin.
Amaldagi diplomatlar odatda Vashington ichki ishlarga aralashmaydi, lekin holatlarni o'rganib, o'z tahlilini qiladi va hech qachon qo'l qovushtirib o'tirmaydi, deb kelgan.
AQSh xalqaro teleradio kengashining sobiq a'zosi, "Ozodlik" radiosining sobiq rahbari, siyosiy kitoblar muallifi Enders Uimbush nazarida Vashington xalq diplomatiyasini chetga surib qo'ygan va bu xatodir.
"Biz bu davlatlar bilan yaqindan ishlashimiz kerak. Rossiya va Xitoy ta'sirini va kelajagini yuqori baholab yuboramiz", - deydi Uimbush.
Real yondashilsa, deydi siyosatdon, Rossiya tobora zaiflashib bormoqda, Pekin, qolaversa AQShga, u aslo bas kelolmaydi.
Buni ham ko'ring AQSh: Mirziyoyev demokratik lider bo'la oladimi?Lekin Uimbush fikricha, Xitoy roliga nisbatan Vashington o'ziga xos jihatlarini ishga solib, Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirishi mumkin.
"Biz bu davlatga eskicha qaraymiz, ularning bugungi potensialini, bu davlatlardagi dinamikani to'liq anglab yetmayapmiz va imkoniyatlarni boy berayapmiz", - deydi Uimbush.
Bu arbob deydiki, Amerika Markaziy Osiyo davlatlariga aql o'rgatish yo'lidan emas, ular nima xohlayotgani, o'z kelajagini qanday ko'rayotganiga qarab, siyosat yuritishi lozim. Vashington albatta o'z manfaatlarini unutmasligi kerak, lekin ular AQSh mintaqa bilan yaqindan ishlay olsagina himoyalanadi, deydi u.
Ko'p narsa Bayden ma'muriyatida Markaziy Osiyo qanchalik yuqori darajada muhokama qilinishiga bog'liq, deydi Uimbush, balki Osiyo bilan shug'ullanuvchi komanda iznida bo'lar. Siyosatdon aslida shuni tavsiya qilmoqda.