O'zbekiston, Afg'oniston va Pokistoн rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar vaziri Toshkentda yonma-yon o'tirib, Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy bidamlik, integratsiya yo'lidagi muammolar va imkoniyatlar xususida so'zladi. Ularga ko'ra, har ikki region istiqboli bir-biriga bog'liq, qo'shni davlatlar bir-biri bilan yanada yaqindan ishlashiga to'g'ri keladi. AQSh ham bu borada hamfikr ekanini bildirgan. Har ikki mintaqa G'arbdagi sheriklardan tashabbuslarni quvvatlashni kutmoqda.
Bir kun oldin nafaqat bu liderlar, balki Xitoy va boshqa davlatlarning tashqi ishllar vazirlari va boshqa yuqori lavozimli rasmiylarini kutib olgan O'zbekiston hukumati 16-iyul kuni anjumanni rasman ochdi. Yig'in bugun yakunlanadi.
44 davlatdan delegatsiya kelgan, shuningdek, 30 ga yaqin xalqaro tashkilotdan va tadqiqot institutlaridan vakillar tashrif buyurgan.
AQShdan ikki delegatsiya Toshkentda bo'ilb, biri ayni damda Tolibon va Afg'onistondagi boshqa siyosiy taraflarni tinchlik muzokarasiga qaytishga undayotgan maxsus vakil Zalmay Halilzod boshchiligidagi guruh, ikkinchisi esa Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi o'rinbosari, Ichki xavfsizlik yuzasidan Prezident Jo Baydenning maslakdoshi Elizabet Shervud-Rendall xonim yetakchiligidagi rasmiylar, xususan Pentagondan mutasaddilar.
Prezident Shavkat Mirziyoev mehmonlarni qutlar ekan, Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan bir-birining madaniyatini boyitgani, Buyuk ipak yo‘li va Hind-gang yo‘li orqali mahsulotlar, bilim, hunar va qadriyatlar tarqalganiga urg'u berdi.
Dunyoning bu mintaqalari yaxlit davlat tarkibida ham bo‘lgan paytlar, jumladan Baqtriya va Kushon imperiyalari, Turk hoqonligi, G‘aznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davrlari haqida tilga olindi.
Buni ham ko'ring O'zbekiston mintaqaviy hamkorlikka va liderlikka intilmoqdaO'zbekiston rahbariyatiga ko'ra, o'tgan ikki asrda bu yaqinlik va bog‘liqlik yo'qolib, siyosiy chegaralar to'siqqa aylanib, hamkorlik o‘rnini ziddiyat va iishonchsizlik egallagan.
Mirziyoyev azaliy rishtalarni tiklash va sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
"Bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni o‘zida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va ob’ektiv jarayonga aylanib bormoqda. Xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy va ma’naviy-madaniy merosidan, iqtisodiyotlarimizning bir-birini to‘ldirib turishidan, intellektual salohiyat va mehnat resurslarining borligidan kelib chiqib, birgalikdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish fursati keldi, deb o‘ylayman va bu, shubhasiz, katta manfaat keltiradi", – dedi O'zbekiston rahbari.
Mirziyoyev deydiki, avvalo, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish lozim.
Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoga effektiv va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasi zarur.
"Termiz - Mozori Sharif – Kobul – Peshovar" temir yo‘lining qurilishi, O'zbekiston, Afg'oniston va Pokiston rahbarlari tomonidan birdek quvvatlangan loyiha, ikki mintaqaning bugungi salohiyatini aks ettirishi kerak, deydi ular.
Buni ham ko'ring Markaziy va Janubiy Osiyo anjumani, 15-16 iyul, 2021Yuk tashish masofasi va vaqti qisqarib, savdo, tranzit va bojxona raqamlashib, tijorat barcha uchun osonlashishi ko'zda tutilgan.
Biroq bu maqsad Afg'onistonda tinchlik o'rnatilishini talab qiladi. O'zbekistonni Pokiston orqali Arab dengizi va Hind okeaniga olib chiquvchi yo'lda hozir Afg'onistondek 42 yildan urushdan chiqmayotgan o'lka bor.
Shunday ekan, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash ham bu konferensiyada muhokamada.
Oziq-ovqat ta'minoti va xavfsizligi masalasi ham dolzarb. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti qishloq xo‘jaligi vazirliklari bilan qo‘shma dastur ishlab chiqishi kutilmoqda.
Ekologiya muhofazasi, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish xususida ham gap ketmoqda.
Markaziy va Janubiy Osiyoning turizm salohiyati, turoperatorlarning yagona platformasini joriy etish, Jahon sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda yangi programmalarni ish solish tashabbuslari olg'a surilgan.
Kelishuvga ko'ra, yaqn kelajakda UNESCO, BMTning ilm-fan, ta'lim va madaniyat bo'yicha agentligi shafeligida Termiz shahrida Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkaziladi.
Mirziyoyev anjumanda qatnashayotgan davlatlarni texnologik va innovatsion loyihalarni quvvatlashga undadi. Olim va tadqiqotchilar uchun maxsus viza tartibini yo'lga qo'yish kerak, dedi u.
Toshkentda 15-iyul kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi. O'zbekiston rahbari bu dargohda mintaqaviy hamkorlik bo'yicha eksper guruh tuzishni taklif qildi.
"Oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyoni, butun Yevrosiyo qit’amizni birgalashib barqaror, iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi", – dedi prezident.
Anjumanda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish video orqai konferentsiya ishtirokchilariga murojaat qildi, Uningcha, O'zbekiston tashabbuslari tahsinga sazovor, har ikki mintaqada integratsion harakatlar kuchaygan, BMT buni olqishlaydi va hamkorlikka tayyor.
Afg‘oniston rahbari Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozef Borrel ham so'zladi. Ularning qayd etishicha, bugungi qiyinchiliklarga qaramasdan birdamlik uchun imkoniyatlar mavjud. Ularninng davlatlari va tizimlari anjumanda olg'a surilayotgan tashabbus va g'oyalarni siyosiy va moliyaviy quvvatlash uchun harakat qiladi. Ular donor tashkilotlar bilan ishlab, yangi tijoriy sistemalar yaratishga bel bog'lagan.
Ishtirokchilarning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, yalpi va alohida sessiyalarda savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport va kommunikatsiya hamda madaniy-gumanitar rishtalar muhokamada.
Konferentsiya yakunida maxsus rezolyutsiya loyihasi tanishtirilb, O'zbekiston unni BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etadi.