AQShning Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasi qanchalik strategik?

Oq uy, Vashington

2021-yilda Afg'onistondan butkul chiqib ketgan AQSh endi Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyasini yangilashi lozim, amaldagi siyosat hozirgi talablarga javob bermaydi, deya undamoqda yetakchi ekspertlar. Davlat departamentiga ko'ra, Markaziy Osiyo strategik ahamiyatini yo'qotmagan, aloqalar jadal.

2020-yilning fevralida, koronavirus pandemiyasi boshlanishidan sal oldin AQSh Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyani yangilab, 2020-2025 yillar orasida Afg'oniston bilan qo'shni bu mintaqa jiddiy e'tiborda bo'lishini e'lon qilgan edi.

Shundan beri Amerikaning o'zida va Markaziy Osiyoda qator o'zgarishlar yuz berdi. Eng katta burilish - AQShning 2021-yilda Afg'onistondan butkul chiqib ketgani. Vashingtonda harbiy amaliyotlarni to'xtatsa-da, Afg'oniston bilan siyosiy-harbiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlikni saqlab qolishni ko'zlagan edi. Lekin Kobulda hukumat hali AQSh chiqib ketmasdanoq Tolibon qo'liga o'tdi. Buyog'iga nima bo'ladi? Amerika endi nafaqat Afg'oniston, balki butun Markaziy Osiyoga nisbatan qanday yo'l tutadi?

Buni ham ko'ring Bayden Markaziy Osiyoga nisbatan qanday siyosat yuritadi?

Ayni damda Davlat departamentida mintaqa bilan aloqalarga bosh-qosh Lesli Vigiri qayd etishicha, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston AQSh uchun hamisha strategik ahamiyat kasb etgan, hozir ham shunday.

Afg'onistondagi o'zgarishlar, Qozog'istondagi g'alayonlar, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi, deydi Vigiri, mintaqa hukumatlarini xavotirga soladi. Uning ta'kidlashicha, har bir mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan rivojlanishni xohlaydi va Amerikaga bu jihatdan tayanishini bildirgan.

"Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining va hamkorligimizning 30 yilligini nishonladik va aytish joizki, biz ularni birinchilardan bo'lib tan olganmiz. Mintaqadagi maqsadlarimiz o'zgarmas: birinchi o'rinda har bir davlatning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini quvvatlaymiz", - deydi Vigiri, AQSh Tinchlik instituti o'tkazgan ekspert muloqotda.

"Siyosiy plyuralizm va demokratik boshqaruv har bir erkin va farovon jamiyat asosidir, deb ishonamiz va hamisha shunday hisoblaganmiz".

"Ikki tomonlama aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirar ekanmiz, biz qonun ustuvorligi, inson huquqlari va fundamental erkinliklarni targ'ib qilamiz, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashda yordamlashamiz".

Buni ham ko'ring Pentagon: O'zbekiston va Tojikistonga olib qochilgan harbiy havo vositalari Tolibonga berilmaydi

Bayden ma'muriyati, deydi Vigiri, O'zbekiston bilan bu jabhalarda birga ishlayotganini misol sifatida ko'rsatadi. Toshkentda 2021-yilning dekabr oyida kechgan ikki tomonlama muloqotda serqirra strategik sheriklikni kengaytirishga kelishib olindi. Yetakchi diplomatga ko'ra, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikdan tashqari inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni yaxshilash yo'lida ham ko'maklashish AQSh uchun ustuvor maqsaddir.

Afg'onistonga nisbatan yondashuv, Vigiri va boshqa diplomatlarning tez-tez tilga olishicha, Tolibon tashlayotgan qadamlarga bog'liq. Hech bir davlat tan olmagan hukumat xalq uchun xizmat qiladimi yo uni ezishda davom etadimi?

Qozog'istonda minglab fuqaro hukumatdan norozi bo'lib ko'chagan chiqqani, qon to'kilgani, beqarorlikka chetdan harbiy yordam orqali barham berishga qaror qilingani har bir tizim avvalo xalq dardini tinglashi zarurligini eslatdi.

"Biz Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizga iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etishda fuqaro jamiyati qanchalik ijobiy rol o'ynashini uqtiramiz", - deydi Vigiri.

Ammo oxirgi 10 yilda Markaziy Osiyoning biror mamlakatida bu borada oldinga siljish kuzatilmadi, ya'ni hukumat fuqaro jamiyati ustidan nazoratni kuchaytirdi, xususan Tojikiston, Qozog'iston va Qirg'izistonda. Chetdan moliya oladigan tashkilotlar doimiy tazyiq ostida.

Turkmaniston shu qadar yopiqki, u yerda fuqaro jamiyati u yoqda tursin, hatto fuqaro o'zi qay ahvolda ekanini aniqlash qiyin.

O'zbekistonda esa fuqarolik jamiyati, ya'ni nohukumat sektor azaldan hukumat yetakchiligi ostida faoliyat yuritgan. Bunday tashkilotlar hozir ancha ko'paygan, lekin ular amaldagi siyosatni savolga tutish bilan emas, aksincha, uni targ'ib qilish bilan shug'ullanadi. Mustaqil tashkilotlar barmoq bilan sanarli. Amerika hukumati bu borada taraqqiyot sekinligini tan oladi. Rasmiylar va mutaxassislar deydiki, asosiy omil - O'zbekiston fuqarolarining bunday o'zgarishlarni qanchalik istashi va buning uchun faollik ko'rsata olishi.

AQSh Tinchlik instituti 27-yanvar kuni o'tkazgan forum (ingliz tilida)

Uzoq yillar davomida Vashingtonda yuqori lavozimlarda ishlab, Markaziy Osiyo poytaxtlarida elchilik qilib, aloqalar shakllanishi va strategiya amaliyotida salmoqli hissa qo'shgan Richard Hougland nazarida hozirgi yondashuv mantiqli.

"Strategiyaning maxfiy versiyasini ko'rganman, unda e'tibor ko'proq Rossiya va Xitoyda. Maqsad va manfaatlar tasvirlanadi, ammo bu maqsadlarga qanday erishib, manfaatlarni qanday himoya qilishga ahamiyat oz. Men buni tushunaman, chunki diplomatiya shunday narsaki, inqirozga qarab chora ko'rasiz", - deydi Hougland.

Amerika 30 yil oldin zarur yordam berilsa, Markaziy Osiyo respublikalari bozor iqtisodiga asoslangan demokratik davlatlarga aylanadi deya ishongan. Lekin bunday bo'lmadi, deydi iste'fodagi diplomat, va bundan u shaxsan hayron emas.

"G'arbga xos qadriyatlar ularga mutlaqo begona edi. Biz shaxs erkinligini targ'ib qilamiz. Bu jamiyatlar esa tubdan avtokrat, yakkahokimlikka asoslangan", - deya tasvirlaydi Hougland.

Buni ham ko'ring Pentagondan O'zbekiston harbiylariga eksklyuziv tabrik

Bu mamlakatlar G'arb istaganidek erkinlashmadi, ammo ancha mustaqillashdi va siyosiy tizimlar sifatida tajriba qozondi, deydi arbob. Ular hozir Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan muvozanatli aloqada bo'lishga harakat qiladi.

Amerika uchun bu muhit bir qarashda ancha murakkab: Rossiya ularni o'ziga bo'ysundirishga urinmoqda. Xitoy ularga tinimsiz sarmoya kiritmoqda. Huquq va qonun muntazam toptaladi.

Bu holatlarga qarab, rishtalarni susaytirish haqida o'ylasangiz, deydi Hoagland Vashington siyosat ahliga qarata, ulkan xato qilasiz.

"Bu davlatlarning har biri o'ziga xos. Ularda yangi avlod hokimiyatga kelar ekan, ko'plari G'arbda ta'lim olgan, u bilan ishlashga ishtiyoqmand. Bu tizimlar albatta o'zgaradi, globallashadi. 30 yil oldin ular izolyatsiyadagi sotsialistik respublikalar edi. Sabr qilaylik, toqat bilan oldinga intilaylik", - deya undaydi Hoagland.

Pitsburg universiteti professori, Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi eksperti Jennifer Murtazashvili tahlilicha, AQShning hozirgi strategiyasi regiondagi talablarga javob bermaydi.

"AQSh aslida juda konstruktiv rol o'ynay oladi, agar mintaqa ahli xohish-talablarini anglay olsa. AQSh va bu respublikalar orasida o'zaro manfaatlar ko'p. Ular ustida qanday ishlash borasida yangicha to'xtamga kelish kerak", - deydi Murtazashvili.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo hozir bag'oyat dinamik mintaqa. Har bir mamlakatning o'ziga xos qiyinchiliklari, boshqaruv va iqtisod bilan bog'liq og'ir muammolari bor. Regionga Rossiya va Xitoy bilan raqobat maydoni deb qarash noto'g'ri siyosat bo'ladi, deydi olima.

"Biz yirik davlatlarga nisbatan reaksiya qilish uchungina bu davlatlar bilan ishlay olmaymiz. Aksincha, AQSh bu mamlakatlar bilan yaqindan bog'lanishi zarur. Mintaqa yoshlardan iborat jamiyatlardir, o'tgan davr mobaynida ko'p saboq oldi".

Murtazashvili deydiki, AQSh korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik jamiyati rivojlanishiga ko'proq ahamiyat qaratishi kerak. Sarmoya jalb qilishga qodir iqtisodiy va moliyaviy tizimlarga ega bo'lish yulg'ichlikni yengish va ochilishni talab qiladi.

Buni ham ko'ring O'zbekistondagi bazada kasallanganini da'vo qilayotgan amerikaliklar

Amerika bu o'lkalar farovon bo'lishini istasa, shunday yo'l tutishi kerakki, ular ham erkinlashsin, ham iqtisodiy jihatdan taraqqiy etsin. Bu ikki narsa bir-biriga bog'liq, deydi Murtazashvili.

Markaziy Osiyo mamlakatlari o'zaro tijoratni kengaytirishni istaydi. AQSh ularga bu borada yordam va'da qilgan. Demak, deydi tadqiqotchi, real qadamlar tashlash kerak. Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik nafaqat sanoatlarni, balki ilm-fan bilan bog'liq sektorlarni ham ulashni taqozo etadi. Iqtisodiy va ma'muriy islohotlarsiz bu davlatlar rivojlana olmaydi, deydi Murtazashvili, shu bois AQSh bu yo'nalishlarda jiddiy madad ko'rsatishi lozim.

Uning ta'kidlashicha, Amerika ta'lim sohasida Markaziy Osiyoga behisob yordam berishi mumkin. Hozirgi harakatlar yetmaydi, deydi u.

Markaziy Osiyo hukumatlari va ilm ahli bilan uzoq yillardan beri hamkor Fred Starr nazarida AQShning amaldagi strategiyasi mintaqaga ko'p narsa taklif qilmaydi. Demokratik talablar esa, deydi ekspert, real vaziyatni hisobga olmaydi.

Starr deydiki, Bayden ma'muriyati hozir xavfsizlik va suverenitet himoyasiga qattiq e'tibor berishi kerak, lekin mintaqa hukumatlariga quloq solgan holda, ya'ni ularning dardlarini tinglasin.

Starr yillar davomida erishilgan kelishuvlar, xususan NATO bilan Markaziy Osiyo yuzasidan hamkorlik, energetik ta'minot bo'yicha loyihalar va boshqa bitimlarni eslatadi. Qani ularning amaliyoti?

Olim fikricha, Markaziy Osiyoga nisbatan siyosat markazida regionning o'zi va uning birlamchi talablari bo'lishi kerak, chunki Amerikaning manfaatlari ham shunda. Barqarorlikni ta'minlash uchun birgalikda nima qilmoq zarur? Bu respublikalar sohama-soha ham mustaqil, ham sheriklikda harakat qila olishi uchun Vashington nima qila oladi? Starr Bayden ma'muriyatini bu borada chuqurroq o'ylanishga undamoqda.

Buni ham ko'ring Qozog'istonda o'zi nima bo'ldi? Mamlakat qay tomon yo'nalmoqda?

"Amerika Ovozi" mintaqada faollar, siyosatdonlar va mutasaddilar, ekspertlar va yoshlar, qolaversa oddiy odamlar bilan gaplashganida ular AQSh rolini asosan diplomatiyada ko'radi: rasmiy uchrashuvlar, bayonotlar, xalqaro mavzulardagi muloqotlar. Jamoatchilik AQSh rosti bilan faollashishini istashini aytadi.

Amerika ko'plar nazarida farovon va erkin hayot timsoli. Hatto uning siyosatidan norozi insonlar ham AQShga borish, unga xos taraqqiyotni ko'rishni xohlaydi. Demokratik rivojlanish sustligi, so'z va matbuot erkinligi cheklangani, fuqaro jamiyati passiv ekani, G'arbdan sarmoya ozligiga qarab, Markaziy Osiyo bo'ylab Amerika deyarli hech narsa qilmayapti, deya xulosa qilish oson. Biroq AQShning mintaqadagi diplomatlari, Markaziy Osiyo bilan yillar mobaynida ishlab kelayotgan tashkilotlariga ko'ra, aslida har qanday rivojlanish o'sha xalq va davlat qo'lida; tashqaridan hech kim kelib reallikni o'zgartirib qo'ya olmaydi.

AQSh rasmiylari qayd etadiki, strategiya global ahamiyatga ega maqsadlarni ko'zlaydi. Vashington har bir holatga qarab eng oqil yo'l tutishga harakat qiladi, deydi ular, ichki masalalarga aralashishni istamaydi. Bayden ma'muriyati yaqinda Qozog'istonga ham shunday yondashdi: xalq va uning boshqaruvi kelishsin, rahbarlar norozi fuqarolar bilan muloqot qilsin.

Inson huquqlari tashkilotlari nazarida esa AQSh erkinlik targ'ibotida yetakchilik qilishi, uni Rossiya va Xitoydan ajratib turadigan unikal jihatidir.

Tinch, farovon va erkin davlatlarga aylansin, bundan manfaatdormiz, deya bu mamlakatlar bilan ishlayotgan ekansiz, hukumatlar bilan huquq va qonun ustuvorligi xususida ko'proq gaplashing, deya undaydi "Human Rights Watch" va "Ozodlik uyi" singari yirik tashkilotlar. Ularning yillik tahlilnomalariga ko'ra, Markaziy Osiyoning har bir hukumati huquqbuzar, har bir tizimda erkinlik muntazam va qo'pol ravishda poymol etiladi.

Buni ham ko'ring AQSh ekspertlari Qozog'istondagi voqealarni qanday tahlil qilmoqda?

2021-yilning dekabr oyida Vashington Demokratiya sammiti o'tkazganida mintaqada biror davlat taklif qilinmadi. Prezident Jo Bayden bu yiginda va boshqa nutqlarida uning tashqi siyosatida avtokratiya, repressiya va korrupsiyaga qarshi kurash birlamchi maqsadlar ekanini aytib keladi. Bayden bunda Rossiya va Xitoyga to'xtaladi, ammo bu yirik davlatlarning bevosita ta'siridagi mamlakatlarni hozirgacha tilga olmagan.

Janubiy Kaliforniya universiteti professori, huquqshunos Stiv Sverdlov nazarida Afg'onistondan chiqib ketgach AQSh endi Markaziy Osiyo hukumatlarining harbiy va logistik quvvatloviga oldingidek muhtoj emas. Xavfsizlik va kontrterrorizm sohasida ular Amerika bilan ishlayveradi, chunki bundan ular ham manfaatdor, deydi Sverdlov.

Vashington hozirga kelib o'z qadriyatlarini, jumladan erkinlikni kengroq va kuchliroq targ'ib qilishga o'tishi lozim, deydi ekspert, va unda buning uchun effektiv mexanizmlar bor. Sverldov deydiki, AQSh huquqbuzar siyosatchilar va korrupsionerlarni jazolovchi qonunlarini mintaqada ham ishga solishi kerak.

"Amerika matbuot erkinligi, so'z erkinligi, uyushish erkinligi, uzviy huquqlar buzilayotganiga aslo ko'z yummasligi lozim, - deydi Sverdlov, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - AQSh strategiyasini yangilashi lozim, buning payti keldi, unda huquq va demokratiya targ'iboti yuqoriga chiqishi kerak".

Fred Starrga ko'ra esa AQSh o'z prioritetlarini belgilashdan oldin Markaziy Osiyoning har bir davlati va butun mintaqa uchun eng dolzarb masalalar nima ekanini ko'rib chiqishi lozim. Aks holda u ish bermaydi, deydi olim.

Hoagland bu fikrga qo'shiladi. Markaziy Osiyoda faollashish zarur, deya tavsiya qiladi u. Ayni damda Qozog'iston va Qirg'izistonda elchilar yo'q. Birinchi navbatda ularni tayinlash lozim, deydi Hoagland.

Murtazashvili va Starr Bayden ma'muriyatini yangi strategiyada Afg'onistonga Markaziy Osiyoning bir qismi deb qarashga chaqirmoqda.

Lekin unga xavfsizlikni ta'minlash nuqtai-nazaridangina e'tibor berish tor yondashuv bo'ladi, deydi ular, bu davlat va besh respublika orasidagi aloqalarni kengaytirishda yordamlashish lozim.

"Aslida Markaziy Osiyo hozir Afg'onistonga nisbatan AQShga qaraganda ko'proq ishonch bilan siyosat yuritmoqda. Ular bu borada bizdan ko'ra ogohroq va irodaliroq", - deydi Murtazashvili.