5-12 iyun kunlari BMT Bosh kotibi o'rinbosari Amina Muhammad O'zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg'iziston va Qozog'istonda bo'ladi. Dushanbeda, jumladan, BMTning suv bo'yicha yirik anjumanida ishtirok etadi.
61 yoshli Amina Muhammad BMTda 2012-yildan beri ishlaydi. Undan oldin vatani Nigeriyada siyosatchi bo'lgan, xususan ekologiya va taraqqiyot bo'yicha vazirlik qilgan.
Xalqaro "Human Rights Watch" (HRW) tashkiloti rasmiyning Markaziy Osiyoga tashrifini olqishlab, qator masalalarga jiddiy e'tibor zarurligini qayd etmoqda.
"Mintaqada xavfsizlik kuchlari begunoh aholini o'ldirmoqda. Huquq faollari va jurnalistlar hibsda. So'z erkinligi va uyushish erkinligi cheklangan. Xotin-qizlarning huquqlari toptalmoqda. Ozchilikdagi jamoalarning ahvoli og'ir," - deya bayon qiladi HRW.
Buni ham ko'ring AQSh: Diniy erkinlik dunyo bo'ylab toptalmoqda, Markaziy Osiyo ahli "ezilganlar" orasidaBMT vakili, deya undamoqda tashkilot, har bir hukumat bilan huquq ahvolini izchil muhokama qilib, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish, tinchlik va barqarorlik uchun fuqaro erkinliklari e'zozlanishi zarurligini tushuntirishi kerak.
Har bir mamlakatda Amina Muhammad fuqaro jamiyati a'zolari bilan alohida muloqot olib borsin, deya tavsiya qilmoqda HRW.
Tojikistonning Tog'li Badaxshon viloyati norozilik namoyishlari ketidan xavfsizlik organlari nazorati ostida. G'alayonlarda 40 dan oshiq fuqaro o'lgani haqida ma'lumotlar bor.
Huquq tashkilotlari bu hududda o'tgan oy hibsga olingan 65 yoshli jurnalist va faol Ulfatconim Mamadshoyeva ozod etilishini talab qilmoqda. Hukumat uni Tog'li Badaxshonda beqarorlik yuzaga kelishida hissa qo'shganlikda ayblagan.
Qozog'istonda esa yil boshidagi notinchliklar hamon mustaqil tergov qilinmagan. Ularda, rasman, 230 kishi halok bo'lgan. HRW tekshirishicha, kamida 10 kishi hech qanday aybsiz o'qqa tutilgan. Aslida, deya xulosa qiladi huquq himoyachilari, yanvardagi qonli voqealarda hukumat berayotgan sondan ham ko'proq fuqaro o'lgan bo'lishi mumkin. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni nishonga olganlikda gumon qilinadi.
Buni ham ko'ring AQSh: Markaziy Osiyoda inson huquqlari ahvoli hamon xarobQiynoqqa solingan mahbuslar taqdiri ham ko'rib chiqilishi, adolat ta'minlanishi shart, deydi faollar.
"BMT mustaqil tergovda yetakchi rol o'ynay oladi. Hukumat Amina Muhammad tashrifi paytida bunga bel bog'lashi lozim", - deya undamoqda HRW.
Rasmiy Ashgabatga borganida Turkmanistonning yangi rahbari Serdar Berdimuhamedovni siyosatni o'zgartirishga chorlasin, degan talablar ham yangramoqda.
HRWga ko'ra, dunyoning eng yopiq va repressiv tuzumlaridan biri bo'lmish bu davlatda xotin-qizlar huquqlari cheklanib, uzviy erkinliklar sistematik buzilishda davom etmoqda.
O'zbekiston va Qirg'izistonda esa, deydi huquqbonlar, Amina Muhammad BMT fuqaro jamiyati va mustaqil axborot vositalarini quvvatlashini namoyon etishi zarur.
"Inson huquqlari himoyasi BMTning asosiy maqsadlaridan biri ekan, Amina Muhammadning tashrifi zoye ketmasligi kerak", -deyiladi HRW bayonotida.