Muxolifatsiz Qozog'istonda demokratiya haqida bong urishga erta, deydi mahalliy faollar

Qozog'istonda referendum: Almati shahrida ovoz berayotgan fuqaro, 5-iyun, 2022

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri muovini Roman Vasilenko AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universiteti Markaziy Osiyo markazida o'tgan onlayn forumda so'zlar ekan, mamlakat yangi davrga qadam qo'ymoqda, deydi.

"Qozog'iston demokratik tamoyillar va fuqaro talab-xohishlari asosida rivojlanishga bel bog'lagan", - deydi Vasilenko, 5-iyundagi referendumda saylovchilarning 68 foizi ishtirok etganiga urg'u berib.

"Fuqaro ma'qullagan konstitutsion o'zgarishlar 8-iyundan kuchga kirdi. Prezident vakolatlari qisqarib, parlamentniki oshadi. Davlat rahbari endi biror partiya a'zosi emas. Mahalliy rahbarlar ham hozirda ko'proq kuchga ega".

Vasilenkoning qo'shimcha qilishicha, prezidentning oila a'zolari siyosiy lavozimlarni egallamaydi, davlat ulushi bor bizneslarda ham ular boshqaruvda o'tira olmaydi. Konstitutsion sud organlar orasida muvozanat saqlanishini ta'minlashi kerak.

"Mamlakatimiz demokratizatsiya, modernizatsiya va desentralizatsiya yo'lidan boradi", - deydi Vasilenko.

Prezident Qosim-Jo'mart To'qayev ham Qozog'iston markazlashgan tizimdan chekina boshlaydi, deya so'z bergan. Biroq viloyat hokimlarining tizgini hamon uning qo'lida.

Buni ham ko'ring To'qayev siyosiy liberalizm va'da qilmoqda, iroda va harakat savol ostida

Vasilenko deydiki, hozirgi choralar korrupsiya va nepotizm ildiziga bolta ura boshlash uchun muhim qadamlar, ammo islohotlar faqat bosh qomusdagi tuzatishlar emas.

"Hukumat va xalq orasidagi aloqani effektivlashtirishimiz zarur. Inson huquqlari ustuvor bo'ladi. Davlat xavfsizligini ta'minlash birlamchi vazifalardan biri".

To'qayev ma'muriyati yil boshida qatoq shaharlarda kuzatilgan norozilik namoyishlari va zo'ravonliklar qaytalanmaydi degan umidda.

Prezident To'qayev xalq dardini va muammolarini tushunishini eslatib, iqtisodiy va ijtimoiy adolat va'da qilmoqda.

"Bilamiz, ayrimlar nazarida hozirgi harakatlar oz. Lekin, yodda tuting, biz bu bilan cheklanmaymiz. Islohotlar endi boshlanmoqda. Prezident parlamentga yangi takliflar uzatadi, - deydi Vasilenko. - Biz bosqichma-bosqich, bir maromda o'zgarishni istaymiz, revolyutsion burilishlarga qarshimiz".

Biroq vaziyat bilan yaqindan tanish mutaxassislar va faollar tahlilicha, Qozog'istonda hozircha arzigulik yangilik yo'q.

Davlat rahbari yakkahokim bo'lishi uchun sharoit o'sha-o'sha, deydi ular, xavfsizlik organlaridan tortib, viloyatlardagi yuqori lavozimlargacha, hammasini u xohlagan odamlar to'ldiradi. Yangi qonunlarga ko'ra, mahalliy hokimlar endi saylana boshlasa-da, nomzodlar prezident istagan odamlar bo'lmasligi kafolatlanmagan.

Oldingi rahbar Nursulton Nazarboyevning "elboshi" taxtidan tushgani jamoatchilik orasida keng olqishlanmoqda, lekin mamlakatda boylik To'qayevga sodiq elita orasida taqsimlanadi, degan xavotir kuchli. Jurnalistlar, tahlilchilar, blogerlar va aktivistlar hozir shu jarayonni nazorat ostiga olish kerak, deya undamoqda.

Qozog'istonda siyosiy partiya tuzish uchun endi 20 ming quvvatlovchining ovozi kerak, oldingi talab 40 ming edi. Yaqin kelajakda, agar Adliya vazirligi tartibni murakkablashtirmasa, 10 dan ortiq guruh partiyaga aylanishi kutilmoqda. Lekin ular orasida haqiqiy oppozitsiya, amaldagi siyosatni savolga tutib, muqobil yechimlar taklif qila oladigani bo'ladimi?

Buni ham ko'ring Qozog'istonda fuqaro bosh qomusning uchdan bir qismini yangilashga ruxsat berdi

Tanqidchilar uchun yanvar oyida fuqaro qonini to'kkanlarni aniqlab, ularni jazolash ham eng dolzarb vazifalardan. Vasilenko hukumat buning uchun qattiq ishlayapti, deydi.

"Til Kespek Joq" nomli harakat asoschisi Assem Japisheva nazarida Qozog'iston hamon "super prezident respublikasi".

"Bosh qomusga qarang: prezident hali ham butun hukumatni tayinlaydi. Senat raisini ham u tanlaydi".

Japisheva nazarida, To'qayev referendum bilan ikki maqsadni ko'zlaydi. Birinchisi, o'zining qonuniy lider ekanini tasdiqlatib olish. Ikkinchisi esa xalqni sinab ko'rish va bu orqali kelgusi saylovlarga tayyorlanish.

"Referendum erkin va adolatli o'tmadi, biror jihatdan. Juda ko'p xatolar, soxtaliklar, bosimlar va qing'ir ishlar kuzatildi", - deydi Japisheva.

To'qayev, deydi u, demokratiya haqida qanchalik bong urmasin, yangi partiyalarning unga sodiq ekani ta'minlanadi, parlament ham unga qarshi qadam tashlamaydi.

Jurnalist Aygerim Toleuxanova kuzatishicha ham referendum ochiq va demokratik o'tmagan. Shoshib tashkil qilindi, jamoatchilik mavzularni bemalol muhokama qila olmadi, ovoz berganlarning ko'pi nimani ma'qullaganini tushunmadi, deya xulosalaydi u.

"Yanvar voqealarida huquqlari buzilganlar, qiynoqqa solinganlar, yaqinlarini yo'qotganlar adolat kutmoqda. Jamiyatimizning yarasi og'ir, u tarqoq. Hukumat va fuqaro orasida ishonch va hurmatni shakllantirish, hamjihatlikka erishish uchun qattiq mehnat qilish kerak", - deydi Toleuxanova.

U va boshqa tahlilchilar tanqidicha, hukumat "geosiyosiy murakkabliklar"ni bahona qilishga o'rgangan, repressiv ishlarini shunday omillar bilan oqlashga urinadi.

"Hukumat xalqaro arenadagi obro'si ustida o'ylanishi kerak, bu aniq, ammo avvalo siz o'z xalqingizning ishonchini qozoning. Uning fikriga quloq soling. Rahbariyat faqat o'ziga yoqqan odamlarni eshitadi", - deydi Toleuxanova.


Davlatchilik mustahkamlanishi, rahbariyatga xalq irodasini aks ettiruvchi boshqaruv sifatida qaralishi uchun hozirgacha berilgan va'dalar bajarilishi, Qozog'iston haqiqatan ochila boshlashi, shaffoflik va adolat ta'minlanayotgani sezilishi lozim, deydi Jorj Vashington universiteti forumida so'zlagan qozoq faollar.

Hukumat xohlaganini da'vo qilishi mumkin, biroq Qozog'istonda real ahvol yaxshilanmasa, bayonotlar safsata bo'lib qolaveradi.