Severodonetsk uchun qonli janglar, Ukraina armiyasi o’q-doriga muhtoj

Ukrainaning Severedonetsk shahri ishg’oli uchun janglar davom etyapti. Shahar markazidan siqib chiqarilgan ukrain armiyasi “Azot” zavodida mudofaani davom ettirmoqda.

Mudofaa uchun qulay bu inshoot ikkinchi Mariupolga, “Azovstal” zavodiga aylanishiga doir taxminlar bor. Uch oylik qamal ortidan asirga tushgan “Azovstal”dagi jangchilar ustidan esa mahkama boshlandi.

Shu hafta tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi sudi ikki nafar britaniyalikni va marokashlik bir jangchini o’lim jazosiga mahkum etdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya-Ukraina: Frontdagi muhim voqealar sharhi

Ukraina qurolli kuchlari safida xizmat qilgan xorijliklarning, harbiy asirlarning o’limga hukm qilinishi xalqaro jamoatchilik, xususan BMT tomonidan norozilik bilan kutib olindi.

AQSh davlat kotibi bu mahkamaning soxtaligini ta’kidlar ekan, Rossiyani va uning qaramog‘idagi hokimiyatlarni xalqaro huquqiy me’yorlarni hurmat qilishga chaqirdi.

Xorijlik asirlarga nisbatan hukm “Azovstal” himoyachilari ustidan rejalangan mahkamaning dastlabkisidir. Bu zavodda asirga tushgan 2,5 ming harbiyning aksariyati Rossiyada millatchi ekstremistik tashkilot sifatida e’lon qilingan “Azov” polki jangchilaridir. Mahkama bu jangchilarga ham o’lim jazosini qo’llashi mumkin.

Buni ham ko'ring 100 kundan oshgan urush: G’arb qurollari va Putindan ogohlantirish

Hozirgacha qurbonlar haqida sukut saqlab kelgan Ukraina taxminiy ma’lumotlarni taqdim etdi. Raqamlar bir qadar bahsli. Prezident Volodimir Zelenskiy har kuni urushda 100 ga yaqin jangchi halok bo’layotgani, 500 nafarga yaqini jarohatlanayotganini aytdi.

Ammo biroz o’tib, Ukraina prezidenti devoni rasmiysi Mixaylo Podolyak har kungi halok bo‘layotganlar soni 200 ga, jarohatlanganlar esa 600 ga yaqinligini bildirdi.

Ukraina prezidenti ofisiga tegishli yana bir manba, Aleksey Arestovich urush boshlanganidan buyon 10 ming atrofida ukrain harbiysi halok bo’lganligini aytdi.
Rossiya o’z armiyasi, shuningdek, Ukraina armiyasiga doxil qurbonlar haqida sukut saqlab keladi. Ukraina tomoni Rossiya armiyasidan berilgan qurbonlar soni shu hafta yakuniga ko’ra 32 mingdan oshganini bildirgan.

Donbassdagi janglar har ikki tomonda qurbonlar sonini ko’paytirgan. Front chizig’i deyarli 500 kilometrga cho’zilgan, ammo sanoqli nuqtalarda og’ir janglar ketyapti.
Asosiy nuqta - Rossiya armiyasi qurshovga olishga urinayotgan Severedonetsk shahri. Bu yerda 10 ming atrofida ukrain jangchilari bor. Ta’minot yo’llari rus armiyasi tomonidan qirqilgan taqdirda vaziyat o’ta og’irlashishi kutilyapti.
Ishg’ol qilingan hududlarda Rossiya tarkibiga qo’shilishga doir tadbirlar kechyapti, aholiga Rossiya pasportlari tarqatila boshlangan.

Rossiya kuni sifatida belgilangan 12-iyunda Ukrainaning ishg’ol qilingan hududlari bo’ylab tantanalar o’tkazilgan. Prezident Vladimir Putin shu munosabat bilan Rossiyadagi millatlararo tenglik va jipslik haqida gapirdi.

Masalan, men o’z ona tilim tatarchada yaxshi gapira olmayman. Bu menga nisbatan o’tkazilgan denatsifikatsiya natijasidir. Aynan shuning uchun ham Ukrainadagi urush menda, men kabi boshqa milliy ozchilik vakillarida aks-sado bermoqda.

Rossyalik faollar Rossiyaning o’zi denatsifikatsiyaga muhtojligini ta’kidlashmoqda. Rossiya televideniyesining taniqli jurnalistlaridan bo’lgan Farida Qurbongaliyevaning rus millatchiligiga doir maqolasi jiddiy muhokamalarga sabab bo’ldi.

Qurbongaliyeva “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Moskvaning o’zini Rossiyadagi millatlar tili, madaniyati va o’zligini yo’qotishda ayblaydi.

“Bu maqolani yozishimga Ukrainadagi urush turtki berdi. Biz bilamiz, Putin Ukrainani davlat sifatida tan olmaydi, ukrainlarni esa ruslarning bir bo’lagi deb hisoblaydi. Shundan so’ng men Ukrainaga urush ochishda e’lon qilingan denatsifikatsiya Rossiyaning o’zida uzoq yillardan buyon amalda ekanligini tushundim. Bu tarix davomida Rossiya tarkibidagi o’nlab xalqlar o’z tilini, madaniyatini, o’zligini yo’qotdi. Masalan, men o’z ona tilim tatarchada yaxshi gapira olmayman. Bu menga nisbatan o’tkazilgan denatsifikatsiya natijasidir. Aynan shuning uchun ham Ukrainadagi urush menda, men kabi boshqa milliy ozchilik vakillarida aks-sado bermoqda. Ular Ukrainadagi hozirgi jarayon orqali o’zlarini anglashyapti. Qolaversa, Rossiya ishg’ol qilingan hududlarda ukraincha kitoblarni yoqayapti, nomlarni qaytadan ruslashtiryapti”, - deydi Farida Qurbongaliyeva.

Urushni kuzatib kelayotgan xalqaro tadqiqotchilar ayni paytda front burilish nuqtasida turgani, Ukraina armiyasi artilleriya, o’q-doriga o’ta muhtojligi, Donbassdagi yirik shahar Severedonetsk boy berilishi Kiyev uchun nafaqat harbiy, balki siyosiy mag’lubiyat bo’lishini ham ta’kidlashmoqda.

Ukraina Mudofaa vazirligiga ko’ra, armiya frontning boshqa chizig’ida, xususan, Xerson viloyatida muvaffaqiyatli qarshi hujumlarni amalga oshirmoqda.