Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng Prezident Vladimir Putinning ilk xorijiy safari Dushanbega bo‘ldi. Tojikiston rahbari Emomali Rahmon bilan yuzma-yuz muloqoti tafsilotlari noma’lum. Ba’zi tahlilchilarga ko'ra, uchrashuvda asosan Afg‘oniston masalasi muhokama qilingan. Boshqa taxminlarda esa Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT), Rossiyaning Tojikistondagi harbiy bazasidan Ukrainaga qo‘shin yuborish, Rahmonning o'rniga o‘g‘li hokimiyatga kelishi haqida gap ketgan. 1-2-iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda xalq qo‘zg‘alishi va 5-iyul kuni Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga snaryadlar otilishi vaziyat yanayam murakkab ekanidan dalolat.
Tojik tahlilchisi Parviz Mullojonov nazarida, Putin ikki davlat orasidagi tekis hamkorlik yoki Ukraina mojarosi turganda Afg‘oniston masalasini Rahmon bilan muhokama qilish uchun tashrif buyurmagan.
Buni ham ko'ring AQSh Davlat kotibi muovini: "Markaziy Osiyoda suverenitet va mustaqillik uchun sarmoya qilamiz""Ukrainadagi urush Rossiya uchun kutilmagan muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shuning uchun Putin o‘z siyosatini biroz o‘zgartirib, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zo davlatlarining qo‘llab-quvvatlashiga erishishni istashi ehtimoldan yiroq emas", - deydi u.
"Tojikiston ham boshqa MDH davlatlari kabi G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlari yomonlashishini istamaydi. Tojikiston ham G‘arb va ham Rossiya bilan yaxshi munosabatda qolishni istaydi. Ammo Rossiya va G‘arb orasidagi ziddiyatlar keskinlashib borishi rasmiy Dushanbeni borgan sari og‘ir holatga solmoqda", - deydi Mullojonov.
Agar Kreml talab qilsa, deya mulohaza yuritadi u, Tojikiston Rossiyaning bosqinchi siyosatini dastaklashga majbur bo‘ladi va G‘arb davlatlari tanqidiga uchraydi. Tojikiston rahbariyati shu holatdan qochishni istaydi.
Siyosiy tahlilchi Sherali Rizoyon fikricha esa Rossiya Ukrainadagi urushga KXShT harbiy kuchlarini jalb eta olmaydi.
"Tashkilot ichki talabotlari harbiy kuchlarni uchinchi davlat hududiga jalb etishga ruxsat bermaydi. Aksincha, u yoki bu a’zo davlatga tashqaridan hujum bo‘lsa, shu holatda himoya uchun ishlatiladi. Shunda ham boshqa barcha a’zo davlatlarning roziligi olinishi kerak", - deydi tahlilchi.
Buni ham ko'ring Putin Markaziy Osiyo safaridan nimalarni ko'zlamoqda?Tojikiston hukumatidagi bir manbaning ismi sir qolishi sharti bilan "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Ukrainadagi amaliyotlarda Tojikistondagi harbiy qism, 201-diviziya harbiylari allaqachon ishtirok etmoqda. Soni aniq emas, ammo bazada qariyb 7 ming nafar harbiy borligi aytib kelingan. Bu - Rossiyaning xorijdagi eng yirik qurolli kontingenti.
"Davlat rahbarlari haqiqatan ham Afg‘oniston va Tojikiston chegarasini qo‘riqlash hamda Tolibon xatarini muhokama qilgan bo‘lishi mumkin", - deydi tahlilchi Ilhom Yusupov.
Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlangach, Afg‘oniston va toliblar mavzusi kun tartibidan tushgan edi. Shuningdek, Yevropa davlatlari va AQSh tanqidi va sanksiyalari ostidagi Rossiya o‘z ittifoqchilari va safdoshlarini ko‘paytirishga urinmoqda.
Ammo Markaziy Osiyo davlatlari uchun bundan ham xatarliroq holatlar bo‘lishi mumkin, deydi Yusupov.
"Ilgariroq, Belarus prezidenti Qozog'istondan so‘ng mojarolar navbati O‘zbekistonga o‘tishini aytgan edi. Bu orada Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida ham mojarolar bo‘lib o‘tdi. Ammo bu ichki jarayon, markaziy hukumat tomonidan norasmiy liderlarning faoliyatiga barham berish va davlat pozitsiyasini mustahkamlashga qaratilgan amaliyotlar edi. Lekin 1-iyul kuni Qoraqalpog‘istonda boshlangan namoyishlar va to‘qnashuvlar, ko‘p minglab odamlarning ko‘chaga chiqishi va o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan voqealar jiddiyroq o‘ylashga majbur qiladi. Rasmiy Toshkent vaziyatni kuch bilan nazoratga olishga majbur bo‘lishi, bir oyga favqulodda holat e’lon qilishi masala jiddiyligidan darak beradi. Tashqi kuchlar qo‘li borligi ehtimoldan yiroq emas. Toshkent g‘aflatda qolgan ko‘rinadi".
Buni ham ko'ring AQSh: "Markaziy Osiyoda suverenitet va mustaqillik uchun sarmoya qilamiz"5-iyul kuni esa Surxondaryo viloyatiga qo'shni Afg‘onistondan snaryadlar otilgan.
"Bu ham O‘zbekistonga bosim o‘tkazishga harakatlar bo‘layotganidan dalolat bermoqda", - deydi Yusupov.
Dushanbedan farqli o‘laroq Toshkent Afg‘oniston hukumati, Tolibon bilan muloqotda. Dushanbe esa Afg‘oniston tojiklarini qo‘llab-quvvatlab, toliblarga nisbatan keskin pozitsiyada.
Afg‘onistonni yorituvchi Sangartj.com sayti Afg‘oniston milliy qarshilik harakatidagi manbasiga tayanib yozishicha, Putin tashrifidan keyin Dushanbe shahrida Afg‘onistondagi barcha kuchlarning birgalikdagi yig‘ilishi rejalangan va unda toliblar ham qatnashishi kutilmoqda. Maqsad - Afg‘onistonda barcha siyosiy kuchlar ishtirokidagi hokimiyatni tashkil etish. Bu ma'lumotni Tojikiston rasmiylari hozircha tasdiqlamagan, ammo rad ham etmagan. Dushanbe Afg‘onistondagi tojiklar bilan yaqin aloqada ekanligini yashirmaydi.
Yusupov xulosa qilishicha, Tojikistonning Afg‘onistonga nisbatan siyosati Kreml bilan kelishilgan.
"Afg‘oniston qudratli davlatlar qo‘lidagi richag bo‘lib qolmoqda. Istalgan paytda, istalgan maqsadda foydalanilishi mumkin. Jumladan, Markaziy Osiyoning istalgan davlatiga nisbatan ham. Umuman, mintaqa davlatlari geosiyosiy o‘yinlar markaziga tushgan ko‘rinadi. Bu - Markaziy Osiyo davlatlari uchun og‘ir sinovli davr. Mintaqa davlatlariga Rossiya ta’siri qayta kuchayishi mumkin. G‘arb ham bunga qo‘yib bersa kerak", - deydi suhbatdosh.