Toshkentdagi xalqaro konferensiyada Tolibon hukumati vakillari ham ishtirok etadi. Bu haqda Moskvada safarda bo’lib turgan O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri lavozimi bajaruvchi Vladimir Norov ma’lum qilgan.
Bu konferensiya - Tolibon hukumati rasman taklif qilingan ikkinchi yirik xalqaro anjuman. Bundan avval toliblar Sankt-Peterburgda o’tgan iqtisodiy forumda qatnashishgan edi.
Norovga ko’ra, Tolibonni taklif qilish ularning hukumatini tan olishni anglatmaydi. Maqsad, deydi u, xalqaro jamoatchilik tomonidan toliblarga qo’yilayotgan talablarni eslatish, jumladan inklyuziv hukumat tuzishni tezlashtirish.
25-26 iyul kunlari o'tishi rejalangan yig'in xalqaro hamjamiyat diqqatini Afg’onistonga qaratish va mamlakatni tiklash bo’yicha harakatlarni muvofiqlashtirishni ko'zlaydi.
Buni ham ko'ring Toshkent Tolibonga qizil chiziqlar chizganmi?Unga 20 dan ortiq davlatlar va xalqaro tashkilotlardan vakillar kelishi kutilmoqda. Konferensiya Toshkentda Afg’oniston bo’yicha o’tgan xalqaro anjumanlarning mantiqiy davomi, deya izohlanadi.
Rossiyaning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Zamir Kabulovning ham ishtiroki tasdiqlangan.
O’zbekiston nazarida xalqaro hamjamiyatning Afg’oniston muammosiga diqqati susaygan.
Bu haqda Norov MDH tashqi ishlar vazirlarinining Tojikistondagi uchrashuvida aytgan edi. Afg’oniston og’ir iqtisodiy vaziyat va gumanitar inqiroz yoqasida, deya ta’kidlagan vazir.
Toliblar qudratga kelganidan beri O’zbekistonda bir necha bor kelib, o’zaro hamkorlikni muhokama qilgan. Toshkent rasmiylari ham Afg’onistonda muzokaralar o’tkazgan.
Tolibon hukumatining Toshkentdagi konferensiyaga taklif etilishi ham o’zaro iliqlikning ifodasi o’laroq ko’rilmoqda, ammo bundan qat’i nazar, hozircha O’zbekiston uni rasman tan olmagan.
Toshkent- Tolibon do'stligi munozaralardan xoli emas, ayniqsa Afg’onistondagi millionlab o’zbeklarning milliy huquqlari cheklanmoqda, degan shikoyatlar fonida. soyasida. O'zbekiston hukumatiga ko'ra, bu masala Tolibon bilan muloqotda muntazam ko’tariladi.
Tolibon hukumati Afg’onistonda jangari guruhlardan tahdidni bir qadar bostirgan, ammo butkul emas. Yaqinda Surxondaryoga Afg’onistondan otilgan besh raketa kelib tushgan, portlamagan, o'lganlar yo'q. Ammo bu voqea xavotirlarni oshirgan.
Ayni paytda surishtiruv ketayotgani ma’lum. Tolibon bu hujum O’zbekiston va Afg’oniston munosabatlariga raxna solmoqchi bo’lgan kuchlar tomonidan amalga oshirilgan, deya bildirgan.
Diniy faol Muhammadsolih Abutov Afg’onistonda jangarilar faoliyatini kuzatib keladi. Uning ta’kidlashicha, Tolibon hozirda bu guruhlarning faoliyatini jiddiy cheklab qo’ygan, xususan O’zbekistonga tahdidlar bilan chiqqan ISHIDning “Xuroson” guruhini ham.
“Afg’onistondan O’zbekistonga birinchi bor raketa otilayotgani yo’q. Ammo so’ngi hodisa shunisi bilan diqqatliki, hech qaysi jangari guruh bu hujumni bo’yniga olmadi. Bir muncha avval ham Surxandaryoga raketalar otilgan, bu hujumni “Xuruson” guruhi o’z bo’yniga olib, O’zbekiston hukumatiga tahdidlar bilan chiqqan edi. So’ngi hodisa yuzasidan esa jimlik. Afg’onistonda, jangarilardan tashqari Tolibon va O’zbekiston o’rtasidagi yaqinlikni yoqtirmayotgan kuchlar bor. Katta ehtimol hujum shu maqsadda qilingan. Lekin bu Tolibon va Toshkent o’rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilmaydi, aloqalar hozir rostan juda iliq. Toliblar terrorchi, ekstremist guruhlarni cheklashga erishdi va O’zbekiston hukumati buni biladi”, - deydi Abutov.
Buni ham ko'ring O'zbekiston: Tolibon bilan hamkorlik o'xshamasa-chi?Tolibon hukumati O’zbekiston hukumati uchun mamlakatdagi haqiqiy kuch. "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Toshkent Tolibonni faqat xalqaro hamjamiyat bilan yakdillikda va birgalikda tan olishi mumkin, degan. Tolibonga nisbatan shartlar va talablar G'arbniki, xususan Amerikaniki bilan bir xil, deydi Irgashev.
"O’zbekiston Tolibon xalqaro hamjamiyat tomonidan ko’tarilayotgan aksariyat talablarni, ayniqsa dinga, ayollar huquqlariga doir talablarni bajarmasligini yaxshi biladi. Toliblar bu masalada ichki vaziyatdan, shariatdan kelib chiqadi. Umuman O’zbekiston hozirgi sharoitda ham Tolibonni rasman tan olishga tayyor, bu xalqaro talablarga emas, Tolibonni tan olaymayotgan qudratli davlatlar pozitsiyasiga bog’liq. O’zbekiston faqat shundan chochib turibdi”, - deya mulohaza bildiradi Abutov.