Ukraina-Rossiya: Ozod qilingan Liman, NATO va yadroviy hujum tahdidi

Gaubitsani tozalayotgan ukrainalik askarlar, Seversk, 1-oktabr, 2022.

Ukrainadagi urushning 221-kuni. Ukraina armiyasi Donbassda navbatdagi shahar - Limanni ozod qildi. Strategik nuqtada joylashgan bu shaharning Rossiya armiyasi nazoratidan ozod qilinishi Donetsk va Luganskka yurish uchun yo’l ochadi.

Liman ozod qilinishining ramziy ahamiyati ham bor. Shahar Rossiya o’tkazgan referendumdan so’ng Ukraina tomonidan qayta qo’lga kiritilmoqda. Bu referendum ortidan Vladimir Putin tomonidan imzolangan bitimga muvofiq, Donetsk viloyatidagi Liman shahri rasman Rossiya hududi hisoblanadi.

Prezident Volodimir Zelenskiy Liman ozod qilinishi ortidan shunga ishora qildi va Rossiya referendum o’tkazgan hududlarning davomli tarzda Ukraina tarkibiga qaytarilishiga ishonch bildirdi.

Liman uchun janglar Rossiya armiyasining jangovar holatiga doir tanqidiy qarashlar o’z isbotini topayotganini ham ko’rsatdi. Rus qo’shinlari qurshovi muttasil tarzda siqib borilgan bu shahardan so’nggi soatlarda, jiddiy yo’qotishlar bilan qochib chiqishga majbur bo’ldi.

Rossiya Mudofaa vazirligi Limanning boy berilishini qo’shinlarning qulayroq mudofaa chizig’iga o’tkazilishi bilan izohladi, ammo bu rus armiyasi, xususan, qo’mondonlikka nisbatan tanqidlar keskin kuchaygani bilan kuzatiladi.

Buni ham ko'ring Qrim-tatarlar Ukrainaga qarshi urushga tashlanmoqda

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov Limanning boy berilishini qo‘mondonlarning no’noqligi, askarlar taqdiriga befarq generallar qo’mondonlikda ekanligi bilan izohladi. Odatda sukut saqlab kelgan rus jurnalistlari qo‘mondonlikni jiddiy tanqid ostiga oldi.

Ukrainaga atalgan yadroviy qurollar

Ramzan Qodirov Rossiya armiyasi qo’mondonligini keskin choralarga, hatto Ukrainada kichik quvvatli yadro qurolini ishlatishga ham chaqirmoqda.

Qodirovning bu bayonoti Rossiya Ukraina hududlarini rasman musodara qilishi, Prezident Putinning Rossiya yadro qurollarini ishlatish imkoniyatini saqlab qolayotgani haqidagi po’pisalari ortidan yangramoqda.

Putin o’z chiqishida yadro qurollari ishlatilishi mumkin bo’lgan manzillar va hududlarga to’xtalmadi, faqat Rossiya bu choraga murojaat qilishini aytish bilan kifoyalandi.

Qodirovning bayonoti Rossiya yadro qurollarini ishga solgan taqdirda, bu manzil aynan Ukraina bo’lishi mumkinligi bilan ajralib turadi.

Harbiy ekspertlar Ukraina armiyasining muvaffaqiyatli qarshi hujumlari davom etar ekan, Rossiya ritorikasida yadro, taktik yadroviy qurollar tahdidi kuchayib borishini ta’kidlashmoqda.

Ammo haqiqatda Rossiyaning yadroviy urushga tayyorligi, Putin bunga jur’at qilishi bahsli masala ekanligicha qolyapti. AQSh va NATO urush yadroviy ko’rinish olgan taqdirda Rossiyaga nisbatan keskin javob bo’lishidan ogohlantirgan.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin matbuotga intervyusida ayni paytda Rossiya yadroviy qudratini ishga solish qarorida ekanligini ko’rsatuvchi biror jiddiy o’zgarishlar sezilmayotgani haqida gapirdi.

Ukraina NATO a’zoligiga ariza topshirmoqda

Vladimir Putin Moskvada Ukrainaning to’rt viloyatini Rossiya tarkibiga qo’shib olish haqidagi bitimni imzolar ekan, Volodimir Zelenskiy Kiyevda xavfsizlik kengashining favqulodda majlisini o’tkazib, Kiyev NATO a’zoligi uchun ariza berishini e’lon qildi.

Buni ham ko'ring Ukraina urushi yillarga cho‘zilishi mumkin

Agar Moskva Ukraina urushini NATO kengayishiga nisbatan javob ekanligi bilan izohlab kelgani, Rossiya-Ukraina o’rtasida uzilib qolgan muzokaralarning asosiy sharti Ukrainaning NATOga qo’shilmasligi, neytrallik maqomi bo’lgani inobatga olinsa, Zelenskiyning arizasi tomonlarni muzokaraga undovchi omillar deyarli tugaganini ham anglatadi.

AQSh, Germaniya va NATOga kiruvchi boshqa yirik davlatlar Zelenskiy bayonotiga o’z munosabatlarini bildirishdi. AQShga ko’ra, hozir Ukrainaning NATOga a’zoligini muhokama qilish vaqti emas. Germaniya esa yangi davlatlarning NATOga qabul qilinishi faqat kollegial ravishda hal etilishiga diqqat qaratdi. NATO bosh kotibi alyans Ukrainadagi urushga qo’shilmasligini bildirdi.

Ammo Zelenskiyning arizasini qo’llagan NATO a’zolari ham ko’p. Boltiqbo’yi, Sharqiy Yevropa davlatlari Ukrainaning soddalashtirilgan tartibda NATOga qabul qilinishini yoqlab chiqishdi.

Ukraina NATOga qabul qilingan taqdirda tashkilot nizomiga muvofiq NATO davlatlari urishayotgan tomonga aylanadi. Aniqroq aytganda, ular Rossiyaga qarshi urushda bevosita o’z qo’shini bilan ishtirok etishi kerak.

Nafaqat urush, balki urush atrofidagi siyosiy ziddiyat ham chuqurlashib borar ekan, Ukraina mojarosi uchinchi jahon urushiga yo’l ochishiga doir qarashlar, farazlar kengayib bormoqda.

Bu vaziyat manzarasida har qanday urushning muzokara bilan yakunlanishiga doir talqin haqiqatdan, har holda Ukrainadagi reallikdan ancha uzoqda ko’rinadi.

Anneksiya

Urushdagi bu burilish nuqtasi shubhasiz Vladimir Putinning Donetsk, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlarini Rossiya tarkibiga qo’shib olish qarori bilan bog’liq.

Bu kutilgan, qoralangan, munozarali va dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olinmagan qaror ekanligidan qat’i nazar uning amaliyoti urushni yangi bir ziddiyat nuqtasiga ko’tardi, hududlar taqdiri faqat jang maydonida hal etilishini shubhasiz qildi.

Buni ham ko'ring Ukraina hududini o'ziga qo'shib olgan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e'lon qilindi

Rossiyaning anneksiya qarori tan olinmasligi BMT miqyosida ham e’tirof etildi. G’arb keskin munosabat bildirib, Rossiyaga nisbatan qo’shimcha sanksiyalar kiritdi.

Rossiyaning bu ishg’olini qoralayotgan, tan olmayotgan va sukutda qarshilayotgan davlatlar ko’p, ammo olqishlayotganlar yo’q, har holda hozircha.

Rossiyada anneksiya qarori hali qonuniy kuchga kirmadi. Ukraina hududlarini qo’shib olishga doir bitim imzolandi. Konstitutsiyaviy sud qarorni qonuniy deb topdi. Rossiyaning “yangi” hududlariga doir qonun Duma tasdig’idan o’tishi ortidan Putin tomonidan 3-oktabr kuni imzolanishi kutilmoqda.

Putin Belarusga qo’shin jo‘natish niyatida

Rossiya Ukraina armiyasining so’nggi oydagi muvaffaqiyatli hujumlari manzarasida anneksiyani amalga oshirgani, Putin bu boradagi chiqishida Kiyevni muzokaraga chaqirishi bir qarashda Rossiya shu anneksiyalar bilan cheklanishi mumkindek taassurot ham uyg’otadi.

Ammo aksariyat harbiy ekspertlar urush miqyosi kengayishidan, Rossiyadagi safarbarlik ortidan yig’ilgan ulkan qo’shin front chizig’ini kengaytirish maqsadida ishlatilishini ta’kidlashmoqda.

Ayniqsa Belarus Rossiyadan kelayotgan harbiy eshelonlarni qabul qilishga hozirlik ko’rayotgani haqidagi xabarlar soyasida bu farazlar haqiqatga yaqindek. Belarus tomoni bu xabarlarni inkor ham, rad ham qilgani yo’q.

Rus armiyasining Belarus orqali Ukrainaga kirishi hujumlar yana Kiyevga, Ukrainaning markaziy, g’arbiy viloyatlariga qaratilishi mumkinligini anglatadi.

Ukraindagi taniqli harbiy ekspert Oleg Jdanov Rossiya Belarusga 120 mingga yaqin qo’shin jo’natishi mumkinligi haqida ma’lumotlar borligi, ammo shuncha sondagi qo’shin Belarusga jo’natilgan taqdirda ham bu Kiyev yoki Ukrainaning ga’rbiy viloyatlari uchun janglarda o’zgarish qilmasligini ta’kidlab o’tadi.

Belarus Ukraina urushiga tortilishi mumkinligi Rossiyadagi safarbarlik ortidan jiddiy muhokamaga chiqqan. Ukraina Mudofaa vaziri o’rinbosari Anna Malyar Belarus Rossiyadan safarbar qilingan 20 ming askarni joylashtirish uchun kazarma hozirlayotgani haqida yozdi.

Belarusning urushga jalb etilishi ehtimolini Ukraina Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov ham izohlab o’tdi. Unga ko’ra, bunday ehtimollik mavjud, ammo belaruslar Ukrainadagi urushda halok bo’lish niyatida emas, buni prezident Aleksandr Lukashenko yaxshi biladi.