Bu hafta AQSh poytaxtida siyosiy, nohukumat va ilmiy doiralar bilan suhbatlashgan o'zbekistonlik va qozog'izstonlik huquq faollari nazarida Markaziy Osiyoda fuqaro jamiyatlarini rivojlantirish juda sekin kechmoqda, ammo umidni boy bermaslik kerak.
Vashingtondagi Demokratiya uchun milliy fond rahbari Deymon Uilson deydiki, asosiy maqsad geosiyosatni o'zgartirish emas, balki demokratiya targ'ibotidir.
"Fondimiz erkinlik va adolat urug'ini sochadi", - deydi Uilson mintaqalik huquq himoyachilarini olqishlar ekan.
Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo markazini boshqaruvchi Sebastien Peyruz 1990-yillardan beri regiondagi nohukumat tashkilotlar va ijtimoiy masalalarni o'rganadi.
Peyruz tahlilicha, fuqaro jamiyati taraqqiyotida eng qolog'i - Turkmaniston. Nafaqat mintaqaning, balki jahondagi eng yopiq tuzumlardan biri bo'lmish bu davlatda hukumat fuqaroni mutlaq nazorat qilishga o'rgangan va boshqacha ish tutish mumkinligini xayoliga ham keltirmaydi.
"Fuqaro jamiyati Turkmaniston hukumati nima desa, shu. Unga sarmoya qilinmaydi. Boshqaruv odamlar unga itoat qilishini xohlaydi va kutadi. Tizimni savolga tutish - jinoyat", - deya kuzatadi Peyruz.
Biroq olim fikricha, hozirda Markaziy Osiyoda erkinlikni targ'ib qilish uchun o'ziga xos bir fursat va imkoniyatlar bor.
Rossiya agressiyasidan xavotirlanayotgan va Kremlning keskin bosimi ostida qolgan Markaziy Osiyo hukumatlari muqobil siyosiy va iqtisodiy yo'llar qidirmoqda, deydi ekspert. Ular G'arb bilan ishlashga yanayam oshiqib, yangicha hamkorlikka moyil.
Buni ham ko'ring To'qayevning islohot va'dasi qanchalik ishonchli?Amerika va uning ittifoqchilari ularning dardiga quloq tutar ekan, o'z qadriyatlarini ham olg'a surishi, hatto Turkmaniston kabi repressiv hukumatlarga ham ta'sir qilib, o'zgarishlarga turtki berishi mumkinligini o'ylab ko'rishi kerak, deydi Peyruz.
"Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri uning nufuzi pasaygandek, lekin xulosa qilishga shoshmang", - deydi tadqiqotchi.
"Markaziy Osiyo aholisining munosabatini chuqurroq o'rganib chiqish kerak. Mening tahlilimcha, Rossiyani quvvatlaydiganlar va qoralaydiganlar bir-biridan kam emas".
Ukrainadagi urush qanday yakunlanishi, AQShdagi ko'plab ekspertlar ta'biricha, Rossiyaning atrofidagi mamlakatlarning kelajagini belgilovchi omillardan biri bo'ladi. Kremlning temir panjasidan qutula olmaslik bu jamiyatlar uchun repressiv siyosat pasaymaydi, degan signaldir. Peyruz ham shunday mulohazaga sherik.
Your browser doesn’t support HTML5
Qozog'istonda Inson huquqlari va qonun ustuvorligi uchun xalqaro byuro degan tashkilotni yurituvchi Yevgeniy Jovtis ham bu fikrlarga qo'shiladi.
"Hududiy imperiya yo iqtisodiy imperiya? Rossiya har ikkisini eplashga urinmoqda va bu kurashda jon-jahdi bilan harakatda. Bu esa mintaqamizda demokratik institutlarning rivojlanishini yanayam qiyinlashtiradi. Rossiyaning o'zida o'tgan 30 yildan oshiq davrda erishilgan yutuqlar boy berilmoqda", - deydi Jovtis.
Uning urg'u berishicha, Qozog'istonda Qosim-Jo'mart To'qayev, O'zbekistonda Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlar hali ancha yuzaki.
"To'qayev ham, Mirziyoyev ham retorik reformalar bilan band", - deydi Jovtis.
"Islohotlar dasturi tuzilgan, ma'qullangan, olqishlangan, lekin aslida ular nimani o'zgartirmoqda? Konkret qanday natija bor? Siyosiy islohotlarni sezayapmizmi? Og'izda bitirilayotgan ishlar, hozircha", - deya xulosa qiladi mutaxassis.
Buni ham ko'ring O'zbekistonda 30-aprelgi referemdumda yangi konstitutsiya ma'qullandiKonstitutsiyalarni yangilash, saylov va referendumlar sizni demokratiyaga yoki fuqaro jamiyatiga aylantirib qo'ymaydi, deydi Jovtis. Har ikkala mamlakatda ham muxolif partiyalar yo'q. Deyarli hech kim amaldagi siyosatni savolga tuta olmaydi. Parlamentlar davlat rahbarini so'zsiz quvvatlaydi. Qonunchilik organlarida partiya sonining ko'payishi siyosiy plyuralizm - muammolarga xilma-xil yechimlar taklif qilinayotgani va masalalar ochiq va erkin debatda ekanidan darak emas.
Jovtis deydiki, Markaziy Osiyo ahli va uning erkinligi uchun jon kuydirishini aytadigan G'arbdagi tashkilotlar va hukumatlar avval fuqaro jamiyati deganda nimani nazarda tutayotganini tushunib olishi kerak.
"Jamiyat degan narsa har yerda bor; odamlar bormi, demak, jamiyat deb qaralishi mumkin. Fuqaro jamiyati - o'z haq-huquqlarini biladigan, himoya qila oladigan, adolat talab qila oladigan, hukumatni tanqid qila oladigan, ijtimoiy-siyosiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda hissa qo'sha oladigan sistema. Unga faqat nohukumat tashkilotlar emas, individual fuqarolar ham kiradi. Bugungi Markaziy Osiyoda, xususan Qozog'istonda, fuqaro jamiyati nodavlat muassasalar, faollar, mutaxassislar va yosh adolatparvar insonlardan iborat. Katta guruh emas, ammo o'z ovozi va roli bor", - deydi Jovtis.
Toshkentda "139 Documentary Center" deb nomlangan tasviriy san'at maskanini ochgan Timur Karpov O'zbekistondagi siyosiy mahkumlar va qiynoqlar haqida hujjatli film ishlab, nom qozongan. Film bu hafta Jorj Vashington universitetida namoyish etildi. Unda Islom Karimov davrida asossiz qamalgani, azob chekkanini da'vo qiluvchi qator insonlar taqdiri haqida hikoya qilinadi.
Mirziyoyev davrida qamoqdan ozod etilgan bu shaxslar rasman oqlanishni xohlaydi. Inson huquqlari himoyachilari deydiki, qiynoqqa solingan va umrining bir necha yilini panjara ortida o'tkazgan bu o'zbekistonliklardan davlat kechirim so'rashi va tovon to'lashi kerak. Mirziyoyev ma'muriyati bunday qarorlardan yiroq.
Your browser doesn’t support HTML5
Karpov singari faollar deydiki, hukumat ko'nmasa-da, masalani ko'taraverish kerak, chunki omma haqiqatni unutmasligi, adolat ta'minlanishidan har bir fuqaro manfaatdor ekanini anglashi zarur.
"San'at orqali o'z fikrimizni bildirib, befarq emasligimizni ayon etishga harakat qilayapmiz. Bugun odamlar jim o'tirishni istamaydi va imkon qadar o'z qarashlarini aks ettirishga urinmoqda", - deydi Karpov.
Yoshlarning ovoziga loqayd bo'lmaslik kerak, deydi u. Jamiyatni cheklashga harakat qilish bu zamonda hech qanday progressga yetaklamaydi. Yangi bosh qomusmi, ovoz berishmi yo har qanday boshqa islohot - hukumat qilayotgan ishlari samara berishini istasa, fuqaro bilan hisoblashadi, deydi Karpov.
Demokratiya uchun milliy fondda Yevrosiyo dasturlariga bosh-qosh Spaska Gatzinskaning kuzatishicha ham Markaziy Osiyoda yangi avlodning o'z ovozi va talablari bor. Ularning dardi xalqaro hamjamiyatga yetib kelmoqda va ularni quvvatlashni xohlagan taraflar talay, deydi Gatzinska.