Bir oydan beri O'zbekistonda siyosiy tizimni ko'zdan kechirib, jamoatchilik bilan muloqot qilib, 9-iyuldagi prezident saylovlarini demokratik talablarga javob bermadi, deya baholagan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti missiyasi boshligi Ursula Gatsek "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, 57 davlat a'zo blokning aniq normalari bor.
O'zbekiston ham tashkilotning bir qismi ekan, bu kuzatuvchilar saylov jarayonini elakdan o'tkazdi. "Xulosalarimiz jiddiy qabul qilinib, tavsiyalar tatbiq etilishi kerak", - deydi Gatsek.
Dastlabki hisobotda qator yutuqlar ham e'tirof etiladi, ammo O'zbekiston bu imtihondan ham o'ta olmadi. Davlat shu kungacha, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga ko'ra, biror demokratik saylov o'tkazmagan.
Shu yilning 30-aprelidagi konstitutsion referendum ham erkin va adolatli deb topilmagan edi. Bunisi ham siyosiy raqobatsiz, fuqaro uchun tanlov imkoniyatisiz, informatsion jihatdan noxolis va jiddiy kamchiliklar va xatolar ummonida o'tgan.
Elchi Gatsek deydiki, O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev u bilan muloqotda saylov risoladagidek o'tishi uchun jon kuydirayotgani sezilgan.
Gatsek va uning komandasi Toshkent ularning hisobotini izchil o'rganib, birgalikda muhokama qiladi va demokratik qadamlar tashlaydi, degan umidda.
Missiy lideri sifatida u katta xalqaro tajribaga ega. Britaniyada ulg'aygan, asli polyak. 1990-yillar boshida tarixiy vataniga joylashib, siyosatga kirgan. Senatorlik qilgan, shuningdek, Polshaning Yevropa Ittifoqi parlamentidagi vakili bo'lgan.
Uzoq yillardan beri YXHT doirasida saylovlarni kuzatib keladi va qator missiyalarni boshqargan, jumladan Turkmaniston va Qozog'istonda.
AQShda 2020-yilgi tortishuvlarga boy prezident saylovida tashkilot kuzatuvchilariga liderlik qilgan. Yevropada, jumladan Fransiyadagi saylovlarni ham kuzatib, baholagan.
"Hammasini bog'lab turadigan yagona omil - bir tashkilot ekanimiz va tamoyillarimiz. Ularga ko'ra, biz demokratiyaga intilishimiz, xalqaro me'yorlarga bosh egishimiz kerak", - deydi Gatsek.
"Har bir mamlakat qanchalik o'ziga xos jamiyat va tizim bo'lmasin, umumbashariy normalarga amal qilishi lozim. Blokka kirganida a'zolar shunga so'z bergan, - deydi diplomat, O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va boshqa organlarning YXHT hisobotiga bildirgan munosabatlariga nisbatan.
"Amerika Ovozi" bu borada so'raganida, Markaziy saylov komissiyasi mamlakatdagi saylovni demokratik va adolatli deya himoya qildi. Komissiya a'zolari YXHT tavsiyalarini inobatga olishini aytsa-da, hammasini emas, tanlab-tanlab amalga oshirishini ta'kidladi.
Ayrim rasmiylarga ko'ra, YXHT bahosi muhim emas, uni xursand qilish maqsad emas. Ular saylovni kuzatgan boshqa tashkilotlarning maqtovlarini qayd etadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Gatsek deydiki, uning tashkilotigina, ya'ni YXHT qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi kuzatuvchilari saylov haqida xolis va ishonchli ma'lumot beradi.
"Chunki biz jarayonni chuqur o'rganamiz, muayyan metodlar asosida analiz qilib, mezbon davlatga tizimni yaxshilashda yordamlashamiz", - deydi u.
YXHT shu kungacha O'zbekistonda 11 saylovni kuzatgan. "Islohotlarga talab keng va rekommendatsiyalarimiz amaliyotni kutmoqda", - deya eslatadi Gatsek.
Saylov oldidan u Prezident Mirziyoyev va boshqa uch nomzod bilan uchrashgan. Ularning saylov komandalari bilan ham gaplashgan. Tafsilotlar hisobotlarda ask etmoqda, deydi Gatsek va tabiiyki, xulosalarda.
Ya'ni, saylov adolatli tanlov bo'lmadi, degan baho ortidagi ko'plab omillar bor, xususan media asosan Mirziyoyevni yoritgan, qolgan nomzodlar kam ko'ringan, prezidentni tanqid qilmagan, saylovoldi kampaniyasi raqobat va kurash ruhida kechmagan, muxolif ovozlar yangramagan, debatlar bo'lmagan, qolaversa ovoz berish, sanash va hisobot jarayonida jiddiy egri harakatlar qayd etilgan.
Demokratiyadan qo'rqmaslik kerak, deya undaydi Gatsek. Harakat qilinsa, o'rganiladi, o'rganilsa ishonch paydo bo'ladi, ishonch esa tizimni mustahkamlaydi, erkin va adolatli qiladi.
O'zbekistonda saylovlarda ayollar faolligi diplomatning nazariga tushgan, ammo xotin-qizlar himoyasi va huquqlarini ta'minlash uchun hali ko'p ishlar qilinishi kerak, deydi diplomat.
Gatsek O'zbekistonda ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlar turli cheklov va bosimlar ostida ishashini ham yaqindan ko'rdi. Saylov demokratik o'tmasligida bu muammolar birlamchi, deydi u.
"Har bir davlat o'z demokratiyasini yaratadi", - deya tan oladi arbob. "Biroq buning uchun kuchli iroda zarur. Xalqaro hamjamiyat, jumladan bizning tashkilotimiz sizga yordamga shay. Kuzatish missiyamizning maqsadi hamisha ezgu, a'zo davlat xalq ishonadigan va tayanadigan sistemaga ega bo'lishida ko'maklashish".