Xitoy masjidlarni kamaytirmoqda

Etnik qirg'iz aholisi bilan tanilgan Artush shahridagi masjid, Shinjon-uyg'ur muxtoriyati. Uyg'urlar bu hududlarni Sharqiy Turkiston deb ataydi

Xitoy musulmonlar soni katta hududlarda masjidlar sonini kamaytirgan holda diniy nazoratni kuchaytirmoqda. Inson huquqlari bo'yicha xalqaro "Human Rights Watch" tashkiloti shunday mazmunda tahlilnoma taqdim etdi.

22-noyabr kuni chop etilgan hisobotda Shinjon-uyg'ur muxtoriyati va boshqa viloyatlarda musulmonlarning ibodatgohlari astalik bilan yopilayotgani, eskilari buzilib, yangilari qurilmayotgani qayd etilgan.

Rasmiylarga ko'ra, masjidlarning yangi tizimi joriy etilmoqda, ya'ni ayrimlari birlashtirilmoqda va ularning faoliyati qayta ko'rib chiqilmoqda. Muddao - yangi masjidlar qurish emas, mavjudlarini rasmiy talabga moslash.

Ularning ko'rinishi ham o'zgarib borayotgani kuzatiladi. Yangi masjidlarda, masalan, qubbalar yo'q.

HRW eksperti Maya Van tahlilicha, bu ishlar bilan Pekin mamlakatda islomga qanday e'tiqod qilinishi ustidan kontrolni mustahkamlamoqda.

“Gap faqat masjidlarning ko'rinishi yangilanayotganida emas. Musulmonlar bemalol namozini o'qishi, diniga rioya qilishiga cheklovlar qo'yilmoqda”, - deydi Van.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi va uning elchixonalari bunday xulosalarni asossiz deb hisoblab, davlat e'tiqod erkinligini e'zozlaydi, deya ta'kidlaydi.

“Turli etnik kelib chiqishga ega musulmonlar mamlakatimizda bemalol masjidlarga boradi yoki uyida e'tiqodini qiladi", - deydi Liu Pengyu, Xitoyning Vashingtondagi diplomatlaridan biri.

Uningcha, Pekin siyosatini ataylab buzib talqin qiladigan va vahima ko'taradigan tomonlar bor. Xitoy hukumati uni huquqbuzar deb qoralovchi tashkilotlarga nisbatan odatda shunday tanqidlar yog'diradi.

Mamlakat rahbari Si Zinpin 2016-yildan boshlab "islomni xitoylashtirish zarur", deb keladi. Ya'ni, unga ko'ra, musulmonlarni tashqi ta'sirlardan asrash lozim; barqarorlik va tolerantlikni targ'ib qilish uchun mutaassiblikning oldini olish kerak.

Prezident Si mamlakat bo'ylab masjidlarni isloh qilishni buyurgan. Ibodatxonalar vatanparvarlikni, xitoy madaniyati va urf-odatlarini targ'ib qilishi shart.

Yorkent, Shinjon, Xitoy, 16-iyul, 2023

Uyg'urlar va boshqa turkiy elatlar millionlab sonda yashovchi o'lkani Xitoy Shinjon deb ataydi, ammo musulmon aholi uchun bu hudud Sharqiy Turkiston. Buni ochiq ayta olgani va tuzumni savolga tutgani uchun bir milliondan osiq uyg'urlar va boshqalar mehnat lagerlariga tashlangan. Pekin buni ham inkor etadi.

Prezident Si maslahatchisi Van Huning Xitoy Islomiy uyushmasini e'tiqodni mamlakat tamoyillariga moslashga chaqirgan, ya'ni davlat ravnaqi uchun musulmonlar avvalo xitoylik ekanini anglashi va unutmasligi zarur.

Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada tashviqot olib boriladi. Islom Xitoy uchun begona din emas, bu zaminda qadim tarixga ega, tub madaniyat bilan qorishib ketgan, degan mazmundagi kontent tarqatiladi.

HRW hisobicha, Shinjonda masjidlarning uchdan ikki qismi endi yo'q.

Ninja viloyatidagi ikki qishloqdagi yetti masjiddan to'rttasi hozirda buzib tashlangan. Ularning hammasining qubbasi olib tashlangan. Ninja Shinjondan keyin eng kop musulmon yashaydigan mintaqadir.

Ninja viloyatining olti millionlik aholisining uchdan bir qismi musulmon ekani taxmin qilinadi.Ninjada, rasmiylarga ko'ra, 4000 dan oshiq masjid bor.

2014-yilgacha Ninjada 4200 ga yaqin masjid bo'lgan. Endilikda 400-500 tasi yopilgan. Izlanishlar ko'rsatganki, 2020-yildan beri Ninjada musulmon ibodatxonalarining uchdan bir qismi yo'q qilingan.

O'tgan uch yilda masjidlardda bo'lgan o'zgarishlar, hozirda olib borilayotgan loyihalar va ko'rilayotgan choralar HRW hisobotidan o'rin olgan.

Huquq himoyachilari taxminicha, Pekin islom va musulmonlarga qarshi siyosatini keskinlashtirib bormoqda.

Xitoyda har bir fuqaroni keng va chuqur tarzda xitoylashtirish siyosati avjiga chiqmoqda, deya kuzatadi mutaxassislar.

Xitoy hukumatiga ko'ra esa mamlakat taraqqiy etmoqda va manzara ham shunga yarasha yangilanmoqda. Musulmonlar oldin asosan qishloq xo'jaligi kabi iqtisodiy jihatdan og'ir sohalarda mehnat qilgan bo'lsa, bugun ularning oldida boshqa imkoniyatlar bor, deydi rasmiylar.

Jamoatchilik orasida norozilar borligini ichki ishlar xodimlari bilan bo'lib turadigan to'qnashuvlardan ko'rish mumkin. Qarshi chiqayotganlar ko'p emas, deydi ekspertlar, chunki zulm darajasi yuqori.

Qashg'ar, 14-iyul, 2023

Pekin musulmonlar davlatga sodiq bo'lishini ta'minlashga bel bog'lagan.

Ma Ju ismli xitoylik musulmon faol "Amerika Ovozi" bilan muloqotda bunday xulosaga qo'shiladi. Uning aytishicha, hukumat masjidlarga kim kirib-chiqishini ham nazorat qiladi.

"Bolalarga yo'l yo'q. Yosh avlod hozir islomni masjidga borib o'rganayotgani yo'q", - deydi Ma.

Namozxonlarning hujjatlari tekshiriladi, ibodatlar videoga olinadi va masjid faoliyati muntazam kuzatuvda.

“Musulmonlar yashaydigan hududlarda bunday cheklovlar anchadan beri mavjud. Odamlar tekshiruvdan bezib, masjidlarga bormay qo'yadi, e'tiqodi susayadi. Hukumat shuni istaydi va bora-bora Xitoyda islom yo'qola boshlaydi", - deydi Ma.

Britaniyalik olim Deyvid Strup olib borgan tadqiqotlar ham shuni tasdiqlaydi.

Pekin xitoylashtirish siyosatining katta qismini aynan musulmonlarga qaratmoqda. Namozxonlar kommunizmga qarshi emasligini, unga asoslangan tizimga muxolif emasligini isbotlab turishi zarur. Aks holda ular ekstremist deb ko'riladi va bosim ostida qoladi.

“Islomiy qadriyatlarni Xitoy davlatini boshqaruvchi partiya tamoyillariga moslash jarayoni bu", - deya tushuntiradi Strup.

AFP axborotiga ham tayanildi