Turkiyalik jurnalist Erdal Emre yaqinda Xitoyning Shinjon-Uyg’ur avtonom viloyatiga safari taassurotlari bilan bo’lishmoqda.
"Jami sakkiz ommaviy axborot vositalaridan kelgan jurnalistlar bilan Shinjonga sayohatimiz yakunlandi. Safar davomida ko'p narsalarni o'rgandik. Taassurotlarimiz haqida yozamiz. Mehmondo'stliklari uchun xitoylik hamkasblarimizga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz", - deb yozadi safardan qaytgan jurnalist “X” ijtimoiy tarmog’ida.
“Guangming Online” nashri va Shinjon Kibermakon masalalari komissiyasi hamkorligida tashkil etilgan media sayohatda 11 nafar turk jurnalistlari ishtirok etdi.
Mediatur Shinjonning Urumchi, Ili, Aqsu va Qashqar shaharlariga uyushtirildi. Xitoy hukumatining nazorati ostida o’tdi.
“Guangming Online” - “Guangming Daily” hukumat gazetasining internet nashri. Muassisi - Xitoy Kommunistik partiyasi.
Buni ham ko'ring Xitoy Shinjonga uyushtirayotgan mediaturlar kutilgan natijani beryaptimi?Shinjon Kibermakon masalalari komissiyasi hukumatning mintaqaviy idorasi bo’lib, Shinjonda internet va onlayn kontentni boshqaradi, nazorat qiliadi.
“Guangming Daily” xabariga ko'ra, loyiha Shinjondagi hamjihatlik, farovon hayot, taraqqiyotni namoyish etish uchun tashkil etilgan.
Shinjon Kibermakon masalalari komissiyasi rahbari Jang Junning aytishicha, maqsad tanqidlarga qarshi turish va mintaqaning ijobiy imijini oshirishdir.
“Umid qilamizki, hamma Shinjonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, tushunadi. Shinjon tarixini turli tillarda aytib beradi va Shinjonning haqiqiy manzarasini dunyoga yetkazadi”, — deydi rasmiy.
Xitoyning xorijiy jurnalistlarni qabul qilishi Shinjonda inson huquqlari poymol etilayotgani haqidagi da’volarga qarshi turish yo’lidagi bir tadbirdir. AQSh, G’arb davlatlari va xalqaro tashkilotlar Xitoy hukumatini ommaviy hibslarda ayblaydi. AQSh Xitoyning uyg’urlarni ommaviy miqyosda hibslarga olishini genotsid, BMT esa insoniyatga qarshi jinoyat deb atagan.
Hisobotlarga ko’ra, uyg'urlar va turkiy musulmonlar bu muassasalarda majburiy targ'ibot, mehnat, haqorat va sterilizatsiyaga duchor bo'lmoqda.
Xitoy rahbari Si Zinpin 2022-yilda tashqi tashviqot ishlarini kuchaytirish to’g’risida ko‘rsatma bergan edi. U Xitoyning global ta'sirini kuchaytirish va Shinjon haqidagi tasavvurni shakllantirish, mintaqani ijobiy nuqtai nazardan ko'rsatish uchun turli platformalardan foydalanish muhimligini ta'kidlagan.
Anqaradagi Hoji Bayram Veli universiteti professori Abdureshid Jelil Karlukka ko'ra, Xitoy ommaviy axborot vositalari orqali turk jamoatchiligi fikriga ta'sir o'tkazish uchun pul sarflamoqda.
Pekinning targ’ibot kampaniyasi aynan Turkiyaga qaratilgani bejiz emas. Turkiya dunyodagi eng yirik va siyosiy jihatdan faol uyg‘ur diasporasiga mezbonlik qiladi. Huquqni himoya qilish guruhlariga ko’ra, Turkiyada 50-75 ming uyg‘ur bor.
“Xitoyga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlangan “CRI Turk” va “CGNT Turk” kabi media gigantlar turk tilida 24 soat koʻrsatuvlar olib boradi”, - deydi Karluk.
“CRI Turk” Xitoy hukumatiga tegishli bo'lgan Xitoy xalqaro radio kompaniyasiga qarashli.
Xitoyning Turkiyadagi elchixonasi e'lon qilgan videoda “Harici” media tashkiloti asoschisi Tunch Akkoch G'arb ommaviy axborot vositalarining xabarlari bilan Shinjonda ko’rganlari o'rtasida keskin farq borligini bildirdi.
“Biz G’arb ommaviy axborot vositalaridan eshitadigan axborotdan butunlay boshqacha taassurot oldik, umuman o’zga manzara”, - deydi Akkoch.
“Jumhuriyat” gazetasi vakili Mustafo Birol Gugerning aytishicha, u Urumchi bozorida odamlarning yuzida tabassum ko’rgan. Bu esa aholining o’z hayotidan mamnunligini bildiradi, deydi Guger.
Buni ham ko'ring Hisobot: Genotsid aybloviga qaramay, Shinjonga xalqaro turlar davom etmoqda"Agar siz mamlakatdagi stress darajasini bilmoqchi bo'lsangiz, jamoat joylariga borib odamlarning yuziga qarashingiz kerak, – deydi Guger. – Urumchida, katta bozorda bugun hamma jilmayib turibdi. Demak, ular baxtli. Ular baxtli bo‘lsa, biz ham xursandmiz. Mening ko‘rganlarim ommaviy axborot vositalarida aytiladiganlardan butunlay farq qiladi".
“CGTN Turkiya” kanalining “Ajdarni quvib” ko‘rsatuvi boshlovchisi Asli Atasoy Turkiyaning “T24” yangiliklar saytida Urumchiga media safari haqida chiqish qildi.
Urumchidagi No‘g‘ay masjidi imom xatibi Muhterem Sherif bilan bo‘lgan intervyusini taqdim etdi. “CGTN” - Xitoy hukumatiga qarashli ommaviy axborot vositasi. Sherifning soʻzlariga koʻra, uygʻurlar Xitoy hukumatining diniy siyosatidan mamnun.
Xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis, professor Karlukning aytishicha, Pekinning bunday loyihalarga homiylik qilishidan maqsad Turkiyadagi uyg'urlar huquqlarini qo'llab-quvvatlovchi konservativ guruhlarning pozitsiyasini o'zgartirishdir.
“Turkiyada 2016-yildan beri Gʻarbga qarshi kayfiyat, ayniqsa antiamerikanizm kuchayib borayotgan bir paytda, Xitoy turk milliy konservativ guruhlariga taʼsir oʻtkazishga harakat qilmoqda, ularni Xitoyga majmuaviy dasturlar doirasida olib borish orqali”, - deydi Karluk.
Uyg'ur huquqlari himoyachisi Yalkun Uluyol fikricha, Pekinning turk jurnalistlariga homiylik qilayotganidan maqsad - mamlakatda davom etayotgan huquqbuzarliklardan odamlarni chalg’itish. Bu Xitoyning ijobiy imij yaratishga doir strategiyasining bir qismidir.
“Avvalgi sa’y-harakatlariga o’xshab, Xitoy mamlakatda davom etayotgan qonunbuzarliklarni oqlashga va xalqaro legitimlikka erishishga harakat qilmoqda”, - deydi faol.
Uluyol fikricha, Turkiyaning iqtisodiy manfaati uygʻurlarning huquqlaridan ustun qo’yilmoqda. Uning aytishicha, Turkiya Xitoyning BYD elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi bilan bir milliard dollarlik kelishuv imzoladi.
Istanbul va Urumchi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar sakkiz yillik tanaffusdan soʻng qayta tiklandi. Bu esa Anqarani Pekinning uyg’urlarga doir siyosatini tanqid qilishdan uni oqlashga o’tganiga isbotdir.