O’tgan oy BMT iqlim anjumaniga mezbonlik qilgan Ozarbayjonning qazilma yoqilg‘ini eksport qilishdagi o‘sib borayotgan roli iqlim o‘zgarishiga kimning katta hissa qo‘shayotganligi haqidagi munozarani keltirib chiqarmoqda.
Bu mas'uliyat qazilma yoqilg‘ini qazib chiqarayotgan va sotayotgan davlatlar zimmasidami yoki uni sotib olib, yoqib, atmosferaga zarar yetkazayotgan davlatlarga tegishlimi? Ushbu masala Boku shahrida bo’lib o’tgan BMT iqlim o‘zgarishi konferensiyasida (COP29) bahslarga sabab bo’ldi.
Iqlim faollari Ozarbayjonning davlat neft kompaniyasi tomonidan o'tgan yili imzolangan bir qator yangi shartnomalarni tanqid qilishdi. Prezident Ilhom Aliyev esa bu kelishuvlarni “Xudoning in'omi” va bozorga bo'lgan talabga real javob deb himoya qildi.
Xalqaro Energetika agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Ozarbayjon eksportining 90 foizdan ortig‘ini neft va gaz tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2000-yillarning boshida “Shohdengiz” gaz konining kashf etilishi tufayli ortgan.
Ozarbayjon neft mahsulotlarining asosiy xaridorlari orasida Xorvatiya, Germaniya, Isroil, Italiya, Portugaliya, Ispaniya, Turkiya va Ukraina kabi davlatlar bor.
Bir vaqtning o‘zida qazilma yoqilg‘i ishlab chiqarishni kengaytirib, boshqa davlatlardan yanada dadil iqlim choralarini talab qilish - qarama-qarshi va nomuvofiq siyosat.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban Rossiya gaziga sanksiyalar joriy etgach, Yevropa boshqa manbalarga, jumladan, Ozarbayjonga murojaat qildi. Boku neft va gaz ishlab chiqarishni kengaytirishni rejalashtirishga kirishdi, deydi “Ember” energetika tadqiqot guruhining Turkiya va mintaqaviy rahbari Ufuk Alparslan.
“Ozarbayjon Yevropa Ittifoqida qazilma yoqilg'iga bo'lgan talab ortadi, deya umid qilmoqda, – dedi Ufuk Alparslan “Amerika Ovozi”ga. – Ayniqsa Ukraina urushidan so’ng, ularning asosiy maqsadli bozori Yevropa Ittifoqi bo’lib qoladi”.
Iqlim o’zgarishi uchun kim javobgar, xaridormi yoki sotuvchimi, degan savolga Ufuk Alparslan ikkala tomon ham bir xil darajada mas’ul ekanligini aytdi.
“Faqat ishlab chiqaruvchilarni ayblash adolatdan emas. Qazilma yoqilg‘iga talab bor. Menimcha, ikkala tomon ham aybdor”, - deydi u.
“Human Rights Watch” tashkilotining atrof-muhit va inson huquqlari bo‘yicha vakili Mirto Tilianakiga ko’ra, barcha davlatlar qazilma yoqilg‘idan toza energiya manbalariga o‘tishni ikki hissa kuchaytirishlari kerak. Uning fikricha, Ozarbayjon COP29 mezboni sifatida yaxshi namuna ko‘rsatmadi.
“Ozarbayjon COP29 iqlim konferensiyasining prezidenti sifatida iqlim maqsadlari atrofida davlatlarni birlashtirishi kerak edi. Bir vaqtning o‘zida qazilma yoqilg‘i ishlab chiqarishni kengaytirib, boshqa davlatlardan yanada dadil iqlim choralarini talab qilish - qarama-qarshi va nomuvofiq siyosat”, - deydi Tilianaki.
Keniyadagi “Power Shift Africa” tadqiqot guruhi vakili Fadhel Kabub karbonat angidrid chiqindilarining oshishi uchun Ozarbayjon kabi ishlab chiqaruvchilarni ayblashni “ikkiyuzlamachilik"” deb biladi.
"Muammo iqlim o‘zgarishini keltirib chiqargan va o‘zining uglerod byudjetini haddan tashqari oshirib yuborgan Global Shimol davlatlarida, ularning Janubiy Janub davlatlariga iqlim qarzini to‘lash mas’uliyati bor”, - deydi Kabub.
Ozarbayjon, agar xalqaro hamjamiyat qo’llab-quvvatlasa, kelgusi 25 yil ichida issiqxona gazlari chiqindilarini 1990-yildagi darajadan 40 foizga kamaytirishni maqsad qilib qoʻygan.
Mamlakat quyosh va shamol energiyasiga oid bir necha loyihalarni rejalashtirgan bo‘lib, ular 2 gigavatt qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishi kutilmoqda. Uning quyosh, shamol, gidroenergiya, biomassa va geotermal resurslardan qayta tiklanadigan energiyani rivojlantirish bo‘yicha "sezilarli" salohiyatga ega ekani aytiladi.
Buni ham ko'ring Tramp iqlim o'zgarishiga qarshi qabul qilingan qonun va choralarni bekor qilmoqchiYevropa Ittifoqi qazilma yoqilg‘iga bo‘lgan talabini kamaytirishga intilar ekan, Ufuk Alparslanning so‘zlariga ko‘ra, Bokuning hozirgi neft va gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish strategiyasi ideal bo‘lmasligi mumkin. Diversifikatsiya masalasi kelajakda kun tartibida bo’lishi muqarrar, deydi u.
Ufuk Alparslanning qo‘shimcha qilishicha, qazilma yoqilg‘i resurslariga boy mintaqadagi boshqa rivojlanayotgan davlatlar ham ichki iste’mol va eksport uchun alternativ energiya manbalarini rivojlantirishlari kerak bo‘ladi.
Bu ularning iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va barqaror energiya ta’minotini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega.
U O‘zbekistonni misol keltiradi. Mamlakat 2019-yilda 2 milliard dollardan ortiq gaz eksport qilgan bo‘lsa-da, keyingi yillarda ishlab chiqarish hajmi kamayib, hozirda gazni import qiluvchi davlatga aylangan.
Hozirda O‘zbekiston Rossiya va boshqa davlatlardan gaz importiga tayanayotgan bo‘lsa-da, mamlakat energiya investitsiyalarini qayta tiklanadigan manbalarni rivojlantirishga yo‘naltirmoqda va kelajakda ushbu energiyani eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi bilan shu maqsadda ko‘p tomonlama kelishuv imzolanishini aytgan.
Kabubning so‘zlariga ko‘ra, Afrikadagi kabi ulkan qayta tiklanadigan energiya salohiyatiga ega rivojlanayotgan davlatlar Global Shimol mamlakatlari tomonidan - "geosiyosiy xavf" degan vaj bilan - ishlab chiqarish texnologiyalaridan mahrum qilingan.
“Global Shimol mustamlakachilik geosiyosiy iyerarxiyasini buzishni istamaydi”, - deydi u.
“Climate Policy Initiative” hisobotiga ko‘ra, 2021-2022 yillarda Afrikadagi iqlim dasturlariga yo‘naltirilgan moliya 44 milliard dollarga yetgan. Biroq ushbu mablag‘ning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i allaqachon qarzga botgan davlatlarga kredit shaklida berilgan.
Ufuk Alparslanning ta'kidlashicha, qazilma yoqilg‘iga tobe rivojlanayotgan davlatlar toza manbalarga o’tishni mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishdan boshlashi, qayta tiklanadigan energiyani baham ko’rish uchun elektr tarmoqlarini yaxshilashi kerak.
“Bu loyihalar xalqaro donorlardan, chetdan moliya jalb qila oladi. Yashil energiya loyihalariga qiziqish qazilma yoqilg‘idan ko‘ra kuchliroq”, - deydi Alparslan.