O’zbekistonda aholining 51 foizini, ishchi kuchining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Dilorom Toshmuhamedova fikricha ayollar hayotiga e’tiborni oshirish lozim.
Qonunga ko’ra, Oliy Majlis va mahalliy organlarga ko’rsatiladigan nomzodlarning kamida 30 foizi ayollar bo’lishi lozim. Bu kabi qonunlar qo’shni davlatlarda ham olg’a surilmoqda. Lekin qonun bilan jamiyat va siyosatda ayol roli kuchayib qolayotgani yo’q.
Boshqaruv organlarida ayollar roli sezilmaydi
Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, ayol hamisha oilam, bolalarim va yaqinlarim deb yashagan. Ayol hayot beshigini tebratadi. Ayol xotirjamlik va to’qlik timsoli; yo’qdan bor qiladigan shaxs.
Matbuot sahifalariga ko’z tashlar ekansiz, ayol aqlli, mehnatkash, kamtarin, mehribon va samimiy inson... Shuncha ajoyib hislatlarni o’zida mujassam etgan bu jins nahotki o’z yurtini boshqara olmaydi? Vaholanki, odamlar yuqoridagi sifatlarga ega namoyondalarni orzu qiladi.
Markaziy Osiyoda yaqin o’tmishda eng yuqori lavozimni balki Qirg’izistonda Roza Otunbayeva (1990- yillarda, shuningdek 2005 yilda muvaqqat ravishda) tashqi ishlar vazirasi sifatida egallagan. Otunbayeva 2005 yildagi inqilob ortida turgan siyosatchilardan va hozirda muxolifat yetakchilaridan biri.
Shahlo Mahmudova mustaqil O'zbekistonning ilk tashqi ishlar vazirasi bo'lgan. 1991 yil oxirlaridan 1992 yil boshigacha. Rasmiy doiralarda Mahmudova O'zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga kirishi uchun katta hissa qo'shgan rasmiy sanaladi.
Sog’liqni saqlash, maorif, madaniyat va xotin-qizlar masalasi bilan shug’ullanadigan rasmiylar orasida ayollar ko’p, ammo mamlakat hayotiga bevosita ta’sir ko’rsata oladigan, iqtisodiyotni, siyosiy-ijtimoiy erkinliklarni ta’minlashda jonbozlik ko’rsatayotgan ayollar barmoq bilan sanarli.
Qirg’izistonlik siyosiy tahlilchi Erika Maratning aytishicha, uning vatani Markaziy Osiyoning eng demokratik davlati deya tilga olinsada, mamlakat parlamentida bugun ayol zoti yo’q.
“1990-yillarda Qirg’izistonda ayollar juda faollashgan… Hukumat ham buni olqishlagan. Lekin 2003 yilda saylov qonunlari o’zgardi. Siyosatga faqat cho’ntagi baquvvat odamlargina aralasha oladigan bo’ldi. Hozirga kelib qonun yana yangilanyapti. Umid qilamizki, ayollarning yana partiyalardan teng huquqli nomzod sifatida saylovda qatnashishi mumkin bo’ladi”, -deydi Erika Marat.
O’zbekistonning 100 a’zolik senatida atigi 10 ayol o’tiradi. 120 a’zolik quyi palatada esa 21 ayol deputat bor. Jinsiy tengsizlik masalalari haqida kitob va ilmiy maqolalar muallifi Marfua To’xtaxo’jayeva fikricha gap aslida sonda emas, sifatda.
“Odamlar orasida bo’lib, ularning muammosini o’rganishi kerak. Bizda rasmiylar oddiy omma bilan qiziqmaydi. Boshqa davlatlar parlamentlarida omma uchun ochiq tinglovlar bo’ladi. Odamlar qonunchilar nima haqida o’ylayotganini biladi",- deya mulohaza yuritadi olima.
"Bizda faqat saylovoldi kampaniyasida o’zini tanitishga harakat qiladi. Saylangach, ularning hech kim bilan ishi yo’q. Shu bois parlamentda ayollar 100 foiz bo’lsa-da, xalq bilan ishi bo’lmasa, foydasi yo’q”.
Tahlilchilar nazarida mintaqa xotin-qizlari uchun bugun eng muhimi siyosat emas, oilani qanday boqish, farzandlar tarbiyasi, ta’limi va ularni uy-joyli qilish.
Tojikistonlik yosh mutaxassis Nozima Nurmuhammedovaning aytishicha, erkaklar chet elga ish izlab ketarkan, xotin-qizlar yelkasiga og’ir vazifalar yuklanmoqda.
“Erkaklar yetishmay qolgan. Qishloq joylarda hamma ishni xotin-qizlar bajaradi. Dalada faqat ayollarni ko’rasiz. Ayollarga yaxshi to’lanmaydi. Ular mulkka, jumladan yerga egalik qilolmaydi. Qarabsizki, onalar bolalarini ham mehnatga jalb etishga majbur. Maktabga bormay, dalaga chiqadi”,- deydi Nozima Nurmuhammedova.
O’zbekistonda ilk bor ayol arbob - Dilorom Toshmuhamedova prezidentlikka nomzod
Tanqidchilar ko’zi bilan qaraganda Dilorom Toshmuhamedova prezident Islom Karimov siyosatini quvvatlaydigan, muxolif bo’lmagan “qo’g’irchoq” nomzodlardan biri.
Toshmuhamedova partiyaviy chiqishlari va Oliy Majlisdagi faoliyatida davlat boshqaruvida xotin-qizlar rolini oshirish haqida kuyunib gapiradi. Partiyadoshlari uni O’zbekiston faxrlansa arziydigan qonunchi, tajribali arbob sifatida tilga oladi.
Lekin ayol faollar fikricha hozirgi hukumatni yoqlagan arboblar, ayolmi yoki erkak, mamlakat hayotini ijobiy tomonga o’zgartira olmaydi. Buning ustiga, saylovda bir erkak oiladagi barcha ayollar nomidan ovoz berib keladi deydi Marfua To’xtaxo’jayeva.
“Hukumatimiz hali ham eskicha fikrlaydi. Yuqori lavozimdagi ayollar respublikaning oddiy xotin-qizlaridan, ular hayotidan ancha yiroq. Qorni to’qning, qorni och bilan nima ishi bor degandek”.
O’zbekistondek aholi asosan qishloq joylarda yashovchi jamiyatlarda ayollar taraqqiyoti uchun dunyoqarash va mentalitetni kengaytiruvchi, uni boyituvchi, insonlarni erkin fikrlashga undovchi dasturlar yetishmaydi. Faol ayollarning ko’pi chet davlatlar aynan shu borada ko’maklashishi kerak degan fikrda. Xotin-qizlarning bilim saviyasini oshirish uchun ta’lim sohasini yaxshilash tavsiya qilinadi.
Jahon Banki kabi xalqaro moliyaviy tashkilotlar, qolaversa Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, Markaziy Osiyo nohukumat sektorlarini asosan ayollar yuritadi. Ekologiya va salomatlik, bolalar va ayollar, ta’lim va tarbiya bilan bog’liq muammolarni aynan shu toifa vakillari ko’tarib chiqmoqda.
Lekin, deydi gender masalalari bilan mashg’ul mutaxassislar, ayol siyosiy sahnada o’z o’rnini topmas ekan, boshqaruv organlarida o’z qudratiga ega bo’lmas ekan, uning siyosiy salohiyati ham cheklanib qolaveradi. Xotin-qizlar ko’pchilikni tashkil etsa-da, xalq va davlat kelajagi ular ishtirokisiz belgilanaveradi.