Xitoy 15 kishini shu oy boshida Shinjonda kuzatilgan notinchliklar ortida turgan asosiy shaxslar deb atab, ularning ism-sharifini e’lon qilgan.
Kuni kecha uyg’urlar yetakchisi Robiya Qodir Urumchidagi zo’ravonliklar ketidan 10 ming uyg’ur bedarak ketgan deya chiqqan edi. Xitoy rasmiylari esa Robiya Qodir tuhmat qilmoqda deydi. Aslida, deydi ular, uyg’urlar bu ayol undovi bilan qozg’olon ko’targan.
Bugun Xitoy davlat telekanalida etnik nizolar ortida turganlikda gumon qilinayotgan 15 shaxsning rasmi ko’rsatilgan va ulardan o’zini politisya qo’liga topshirish so’ralgan.
E’londa aytilishicha, o’z ixtiyori bilan aybiga iqror bo’lgan kishilar kechirilishi mumkin, tutilganlari esa qattiq jazolanadi.
Hozirgacha, deydi rasmiylar, 40 kishi hibsga olingan va davlat ularning kim ekanini ma’lum qilmoqda. Hukumatning qayd etishicha, Urumchidagi namoyish va to’polonda qariyb 200 kishi o’lgan.
Shu kunlarda Yaponiyaga safar qilib, xalqi uchun yordam so’rayotgan Robiya Qodir esa Xitoyni yolg’onchi deb atab, uyg’urlar yashaydigan mintaqadagi notinchliklar mustaqil tergov qilinishi lozim deydi. Uyg’urlar yetakchisi Xitoyni muzokaraga chaqirmoqda. Pekindan biror javob yo’q.
Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilot – Human Rights Watch nazarida esa BMT singari global tashkilot mustaqil tergov o’tkazishi kerak. Xitoy haqiqatdan qo’rqmasa, bunga yo’l berishi kerak, deydi Human Rights Watch xodimi Felim Kayn.
"Hozir na Xitoy va na chet elda yurgan uyg’urlar da’vosiga ishonish mumkin. Ularda ishonchli, mustaqil tasdiqlangan ma’lumot yo’q. Shu bois 5 iyulda Urumchida aslida nima bo’lgani haqida jahon ahli aniq tasavvurga ega emas",- deydi huquqshunos.
Xitoy qo’zg’olon paytida va uning ketidan 1600 kishi jarohatlanganini aytib keladi. Hibsda saqlanayotganlar soni bir yarim mingga yaqin ekani ham ma’lum.
Shinjon-Uyg’ur Muxtoriyatida 20 millionga yaqin aholi yashaydi, yarmi uyg’urlar. Bu millat yarim asrdirki, Xitoyni bosqinchilik, uning huquqlarini poymol etayotganlikda ayblab keladi. Uyg’ur ozodligi uchun kurashayotganlar quvg’inda va xorijdan turib faoliyat yuritadi.