O'zbekiston Rossiyaning mintaqadagi yangi bazasiga qarshi

O’zbekiston hukumati Rossiya Qirg’iziston janubida harbiy kuchga ega bo’lishidan norozi. Tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotda aytilishicha mintaqada Rossiya kuchlarining ortishi jangari harakatlarini kuchaytirishi va berqarorlikka turtki berishi mumkin.

Ochilsa, bu Rossiya uchun Qirg’izistondagi ikkinchi baza bo’ladi. Bishkek yaqinida mana bir necha yildirki bu davlat qo’shinlari joylashgan.

"Jahon" agentligi tarqatgan xabarda ta'kidlanishicha O'zbekiston Qirg'iziston janubida Rossiya harbiylariga zaruriyat yo'q deb hisoblaydi.

Hukumat pozitsiyasi shuki, uch respublikasi tutashgan joyda o'zga davlat kontingenti bo'lishi millatchilikka asoslangan ziddiyatlarga, ekstremistik kuchlar faollashishiga olib borishi mumkin.

Rossiya va Qirg'iziston prezidentlari yangi baza haqida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining Issiqko'lda o'tgan norasmiy sammitidan so'ng kelishgan. Maxsus memorandum imzolangan.

Issiqko'lda Bakiyev O'zbekiston rahbari bilan ham alohida so'zlashgan. Karimov va Bakiyev munosabatlar istiqboli haqida fikr almashgan.

Kreml O'zbekiston bayonotiga nisbatan qanday munosabatda ekani hozircha noma'lum.

Rossiyalik ekspertlar fikricha yangi baza Toshkent uchun saboq bo'lishi kerak, chunki O'zbekiston Amerika bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda. Respublika biqinida Rossiya harbiylari xizmatda turishi, deydi tahlilchilar, Karimov uchun siyosiy signal.

Jamoatchilik, ayniqsa ziyolilar Rossiyaning so'nggi qadamlaridan xavotirda.

"Tarixdan bilamizki, rus armiyasi bir joyga kelsa, jim yurmagan. Buxoroni vayron qilganida, bizni bosib olganida ham, katta zulm o'tkazgan. Shuning uchun hukumtni gaplarida jon bor. Bakiyev faqat shaxsiy manfaatlaridan kelib chiqib bunga rozi bo'ldi. Saylov o'tdi. Yevropa missiyasi tanqid qilganda, MDH missiyasi saylovni ma'qullab o'tiribdi. Bakiyev aynan hukumatda ko'proq o'tirish uchun bu ishga rozilik bermoqda”, - deya sharhlaydi mustaqil jurnalist Nosir Zokir.

“Mintaqa Rossiyani iqtisodiy sarmoyalari uchun emas, harbiy qudrati uchun nishon bo'lmoqda. Bu Rossiyani iqtisodiy imkoniyatlari cheklanib, faqat harbiy qudratga tayanyotgani bilan bog'liq”, - deydi tahlilchi Faxriddin Nizomov.

Qirg'iziston va Rossiya o'rtasidagi memorandumga ko'ra 1 noyabrga qadar Rossiya qo'shinlari qayerda joylashishi va buning shartlari haqida bitim imzolanadi. Baza Botkentda joylashishi mumkin. Rossiya Tojikistonda ham harbiy kuchga ega.

Tahlilchilar hozirgacha mintaqada kuzatilgan beqarorliklar asosan Farg'ona vodiysidan boshlanganini eslatadi.

"O'zbekistonning Qirg'iziston va Tojikiston bilan munosabatlari yomon. 1990-yillardagi o'zbek-qirg'iz urushi, o'zbeklar va turk mesxetilari o'rtasidagi janjalni ham Rossiya KGBsi chiqargan edi. Endi bular keladigan bo'lsa, yana o'zbek-qirg'izni urushtirishga harakat qiladi. Bu urushni bostirish uchun armiyani olib kiradi. Shu bilan mintaqa davlatlarini yana bo'ysindirib olishga harakat qiladi”, - deydi Nosir Zokir.