Xitoy Xalq Respublikasi kommunistik inqilobning 60 yilligi munosabati bilan katta tantanalarga tayyorgarlik ko’rar ekan, madaniy va insoniy haq-huquqlarini talab qilgan Tibet va Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatini qattiq nazorat qilishga urinmoqda.
Rasmiy Pekin Tibet va uyg’ur masalasi bilan shug’ullangan guruhlarni separatizm, hatto terrorchilikda ayblab, ularning xalqaro obrosiga dog’ tushirishga harakat qilyapti.
Jahonda yirik harbiy, siyosiy va iqtisodiy kuchga aylangan Xitoy, Tibetning surgundagi ruhoniy rahbari Dalay Lama va uyg’urlar milliy yetakchisi Robiya Qodirning chet mamlakatlarga borib o’z dardlarini tushuntirish tashabbusiga zarba berish maqsadida, ularga mezbon davlatlar va tashkilotlarga bosim o’tkazmoqda.
Natijada Tayvan hukumati shu yil dekabrida bu mamlakatga borishni rejalagan Robiya Qodirga viza berilmasligini bildirgan. Xitoyga qarshi Tayvan mustaqilligini himoya qilgan taniqli rok musiqachi Freddi Lin yaqinda Vashingtonga safari chog’ida uni Tayvanga borishga da’vat qilgan edi. Robiya Qodir taklifni iliq qarshilagan.
Robiya Qodir hayotiga bag’ishlangan “Muhabbatning 10 Sharti” nomli hujjatli film yaqinda Avstraliya kinofestivalida namoyish etilganini qoralagan rasmiy Pekin, bu gal Tayvanga bosim o’tkazgani aytiladi.
Tayvan Ichki ishlar vaziri Chiang Yih-hva “xorij fuqarosining safari mamlakat milliy manfaatiga zid bo’lgan hollarda, unga viza bermaslikka haqqimiz bor”, deydi.
Xitoy Tibet rahnamosi Dalay Lamaning tabiiy ofat jabrdiydalariga bag’ishlangan marosimda qatnashish maqsadida Tayvanga safar qilishiga ham kuchli norozilik bildirgan.
Shu bosim ostida bo’lsa kerak, markazi Germaniyada bo’lgan Jahon Uyg’urlari Qurultoyi bosh kotibi Dolqin Isoga yaqinda Janubiy Koreyaga kirishga ruxsat berilmadi. U Seul aeroportida ikki-uch kun kutib, AQSh va Germaniya elchixonalari yordamida Germaniyaga qaytishga majbur bo’ldi.
“Albatta Janubiy Koreya hukumati bu borada rasmiy bayonot bermaydi. Ammo Xitoy, “uni ushlab qoling, yoki mamlakatga kirishiga ruxsat bermang” deb Seulga bosim o’tkazgani tayin”, - deydi uyg’ur faoli.
Xitoy nazarida, Jahon Uyg’urlar Qurultoyi yetakchisi Dolqin Iso bo’lginchi Sharqiy Turkiston Ozodlik tashkilotining rahbarlaridan biri. “Bu haqda Janubiy Koreya rasmiylarini ogohlantirganmiz”, - deydi Xitoy mulozimlari.
Xitoy hukumati kelasi oy kitobxonlarning yirik ko’rgazmasiga mezbonlik qilayotgan Germaniyadagi tashkilotlarga ham bosim o’tkazmoqda. Jahon Uyg’urlar Qurultoyining bir vakiliga ko’ra, Frankfurtdagi ko’rgazma tashkilotchilari uyg’ur faoli Robiya Qodirni mehmon sifatida Germaniyaga taklif qilgan.
AQShning Kubadagi Guantanamo qamoqxonasida saqlangan 8 uyg’ur kelasi oy Tinch okeanidagi Palau oroliga jo’natiladi. Bundan oldin yana 4 nafari ozod qilinib, Atlantika okeanidagi Bermuda oroliga yo'l olgan edi.
Guantanamodagi uyg’urlarni unga topshirishni so’rayotgan rasmiy Pekin mezbon mamlakatlarni tanqid qilmoqda. AQSh nazarida esa yanvar oyida yopilishi rejalangan Guantanamodagi uyg’urlar Xitoyda qiynoqqa solinishi mumkin. Shu sabab ularni uchinchi mamlakatga yuborishni ma’qul ko’radi.