AQSh elchixonasi viza olish tartibini osonlashtirmoqda

AQShning Toshkentdagi elchixonasi, konsullik xizmati viza so’rab murojaat qilganlardan yangi bir anketa to’ldirishni talab qilmoqda.

DS-160 nomli bu forma oldingilaridan ancha osonligi bilan farq qiladi. Uni internet orqali topshirish mumkin.

30 apreldan kuchga kiradigan DS-160 avvalgi uch anketa - DS-156, DS-157, DS-158 ning o'rini bosadi.

“Yangi anketaning yana bir qulay tomoni, siz o'zingiz haqda to'ldirgan ma'lumotlarni oila a'zolaringiz uchun hujjat to’ldirishda ham ishlatishingiz mumkin. Avval esa oila a'zolaringiz haqidagi o'xshash ma'lumotni qaytadan yozib chiqishingiz talab etilardi”, - deydi vitse-konsul.

Yangi anketaning asosiy qulayligi: savollarning turli tillardagi tarjimasini taqdim etiladi; javoblar yozish, ma'lumot to'ldirish soddalashgan. Anketa avvalgidek faqat ingiliz tilida qabul qilinadi, biroq savollarning boshqa tildagi tarjimalari mavjud.

Konsullik bo'limi bilan suhbatda anketa tasdiqlangani haqidagi sahifaning bosma nusxasi taqdim etiladi. Yangi anketadagi ma'lumotlarni saqlab qo'yish, keyinchalik ham undan foydalanish mumkin.

Elchixonada “press-gap” doirasida o'tgan uchrashuvda AQSh konsuli jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Konsul taqdim etgan ma'lumotlarga ko'ra, AQSh vizasi uchun murojaat qilayotgan o'zbekistonliklar soni ortib bormoqda. O'tgan dekabr oyida konsullik bo'limi 900 arizani ko'rib chiqqan, viza berilishi ham murojaatlar soniga qarab oshayotgani ta'kidlanadi.

“Viza olganlar, rad javobi bilan qaytganlardan ko’proq. O'tgan dekabr oyida 900 ga yaqin murojaat ko’rib chiqildi. Bu so'nggi besh yilda shu fursatdagi ko'rsatkichlar bilan taqqoslansa, bir necha barabar ko’p. Konsullik bo'limidagi ish hajmi anchagina ortgan”, - dedi AQSh konsuli.

Uning aytishicha, AQShga viza olayotganlarning ko'pinini oilasini ko’rishga boradiganlar, talabalar, rasmiylar tashkil etadi.

Uchrashuvda jurnalistlar bir necha ming dollar evaziga viza olishga ko'maklashuvchi guruhlar borligini ta'kidlab o'tishdi.

“Men hozir ko'chada “10 ming dollarga viza olishga ko'maklashaman” degan guruhlar yo'q deb ayta olmayman. Faqat shuni ta'kidlamoqchimanki, bunday odamlarga uchrashishdan ko'ra viza olishning qonuniy yo'llarini ko'rish kerak. Chunki bu qonuniy va ancha arzon”, - dedi konsul.

Konsullik bo'limiga ko’ra, viza olish istagidagi o'zbekistonliklar uchun asosiy talab vatanga qaytishni kafolatlovchi omillarning qanchalik ishonchli ekanidir.

O'tgan yillarda AQSh elchixonasi xodimlari vizalarni sotmoqda degan ayblovlar bo'lgan va bu da'volar rad etilgan. Rasmiy pozitsiya shuki, viza faqat qonuniy talablarga binoan beriladi.