Afg’onistonda xalq AQSh bilan til biriktirgan qurolli guruhdan dod deydi

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda xalq AQSh bilan til biriktirgan qurolli guruhdan dod deydi

Afg’oniston shimolida Tolibonga qarshi kurash maqsadida Qo’shma Shtatlar mahalliy qurolli guruhlarni o’ziga og’dirib keladi. Ular bilan birgalikda toliblarni quvish uchun. Lekin harbiy jihatdan ish berayotgan bu reja aholiga yoqmaydi.

Ismini oshkor etishni istamagan qunduzlik dehqonning aytishicha, u qo’shni viloyatda pul topib, bir yildan keyin uyiga qaytgan.

“Dehqon, oddiy ishchiman, kunu tun mehnatdaman. Onam, ikki inim va singlim jismonan zaif. Otam esa o’tgan yili vafot etdi. Oilani boqib turgan bir o’zim”, - deydi u.

Afg’onistonda xalq AQSh bilan til biriktirgan qurolli guruhdan dod deydi

Ter to’kib, topganini orqalab, u yaqindagina ona shahriga keldi. Lekin Amerika qo’llab-quvvatlovini olgan, xalq Arbakay deb laqab qo’ygan mahalliy kuchlar “qayerda yuruvding”, deb uni holiga qo’ymadi. Yer-joyning yarmini berasan, deb talab qildi. Dehqon, tabiiyki, norozi.

“Yaqinda yana ushlab olib ketishdi. Biri sudrab, oyoq-qo’limni bog’lab qo’ydi. Keyin itlariga talatdi. Ustimga bostirib kelib, kuchuklar rosa tishlashdi. Askarlar boshimni devorga urib, yuzimni majaqladi, qonga belandim”, - deydi u.

Qunduz va unga qo’shni viloyatlarda aholidan bunaqangi hikoyalarni ko’p eshitish mumkin. Hududda Amerika moliyalagan ikki dastur bor: mahalliy afg’on politsiyasi va dolzarb yordam programmasi. Ichki ishlar xodimlari yetishmagani bois bu dasturlarga mahalliy qurolli guruhlar jalb qilinadi.

O’q-dorisi bor oddiy fuqaroni yollashning ijobiy tomonlari serob. Shu atrofda tug’ilgan, odamlarni, tabiatini juda yaxshi bilishadi. Toliblarni siqib chiqarishi ancha oson.

Afg’onistonda xalq AQSh bilan til biriktirgan qurolli guruhdan dod deydi

Tolibonni haydagani uchun esa ularni Amerika maxsus kuchlari bir necha hafta davomida puxta o’qitadi, malakasini oshiradi. Bundan tashqari, qurol bilan, oyiga 150 dollar maosh bilan ta’minlanadi.

Nibikichi Qalayzol tumanida mana shunday maxsus bo’limlardan birini boshqaradi, qo’lida 220 nafar askari bor. Ba’zilar uni yirik jinoyatlarda, masalan, qiynoqlar, asossiz qamash va noqonuniy soliqlar solishda ayblaydi. Qo’mondon buni inkor etadi.

“Kimning shikoyati bo’lsa, oldimga kelib gapirsin. Kattalar oldida aybimni isbotlasin. Aybdor bo’lsam, mayli, oqsoqollar osishsin meni. Arzi bo’lsa, hukumatgacha chiqishsin”, - deydi u.

Bugun aksariyat viloyatlarda qurolli yordamchilar soni afg’on politsiyasi sonidan katta. Ba’zi tumanlarda ular mutlaq ko’pchilik.

Lekin saf kengaygani sari mansabni suiiste’mol qilish hollari ham tobora oshmoqda. Tahlilchi, rasmiy va huquq faollari bu haqda ogohlantirgan.


Qunduzdagi Kanam qishlog’i oqsoqoli Mirza Ali Tanay:

“Avvaliga odamlar xursand edi. Yordamchi guruhlar shaharlarni toliblardan himoya qilib kelayotgan edi. Lekin bugun atrofda Tolibonni uchratish qiyin. Chunki Arbakay xalqni shu qadar ezayaptiki, hukumatning esa qo’lidan hech vaqo kelmayapti, fuqaro toliblar yaxshi edi, deb qolgan. Hukumatga qimmatga tushadi bu hali”.

Hayotulla Amiriy Qunduzda Afg’oniston Inson Huquqlari Komissiyasini boshqaradi. Joriy yilda qiynoqlar va qotillikka doir olti jinoiy ishni ko’rib chiqayapmiz, deydi u. Lekin xavfsizlik kuchlari ustma-ust bo’lib ketgani uchun jinoyatchilarni topib, jazolash qiyin.

Afg’onistonda xizmat qilayotgan NATO qo’mondonlari bu fikrga qo’shiladi. Chunki odamlar ko’pincha afg’on politsiyasi va yordamchi qurolli bo’limlarni adashtiradi.

Poytaxt Kobuldan uzoqda miltig’i bor bu kuchlar o’zini bilmay ketgani rost, deydi kuzatuvchilar. Aholi esa qo’rqib qolgan, shikoyat qilishga haddi sig’maydi.

Chunki tergovdan keyin ushlanib, qiynoqqa solinishi mumkin. Majbur bo’lsak, uy-joyni tashlab chiqamiz, yoki Tolibonga qo’shilib, qasos olamiz, deydi ular.