Vashingtonda asoslangan "Freedom House" - "Ozodlik Uyi" xalqaro tashkiloti Qirg'izistonni adolatga chaqirmoqda.
O'zbek huquq faoli Azimjon Asqarov va u qatorida o'tgan yilning iyun oyida mamlakat janubida yuz bergan qonli voqealar ortida turganlikda ayblanib qamalgan yana yetti kishi taqdiri hozir Oliy Sud qo'lida.
Asqarov Jalol-Obodda hibsga olingan va mahalliy sud tomonidan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan. Unga etnik nafrat urug'ini sochganlik va ommaviy tartibsizlik uyg'otganlik singari ayblar qo'yilgan edi.
Huquq himoyachilari, xususan "Ozodlik Uyi" singari xalqaro tashkilotlar nazarida tergov jarayonida ko'plab xatolarga yo'l qo'yilgan, tekshiruv qonunan olib borilmagan. Dastlabki sud ishlari adliya me'yorlariga javob bermagan. Apellyatsiya tartibida qayta ko'rilganda ham qonunbuzarliklar kuzatilgan.
Asqarov huquqiy himoya bilan ta'minlanmagan. Ayblanuvchi uchun gapirgan guvohlar, unga yordam berishga harakat qilgan advokat va mutaxassislar hayoti xavf ostida bo'lishiga qaramay hukumat biror chora ko'rmagan.
Mamlakat adliya tizimi o'ziga nisbatan ishonchni tiklashi kerak, deyiladi "Ozodlik Uyi" bayonotida.
"Asqarovning ishi Qirg'iziston adliya tizimi uchun juda jiddiy sinov", - deydi tashkilotning yetakchi vakili Sem Patten.
"Hukumat zarur choralar ko'rib, jamiyatda adolat borligini isbotlay oladimi? Mana hozir sizga imkoniyat bor", - deydi u, rasmiy Bishkekka murojaat qilib.
2010 yilning iyun oyida O'sh va Jalol-Obod qonga belangan, o'zbek mahallalariga o't qo'yilib, yuzlab ming aholi qo'shni O'zbekistonga qochishga majbur bo'lgan edi.
Xurujlarda asosan qirg'iz to'dalari ayblanadi, lekin Qirg'iziston milliy komissiyasining bildirishicha, markaziy hukumat janubda vaziyat tang ekanini, siyosiy-ijtimoiy ahvol og'ir ekanini bila turib ham biror chora ko'rmagan. Xavfsizlik kuchlaridan tortib, muvaqqat rahbarlargacha, mojaroning oldini olish, muammolarni bartaraf etish uchun harakat qilmagan, deyiladi hisobotda.
Qochqinlar bir necha kun ichida vatanga qaytdi, ammo hozirgacha ham qiyin bir ahvolda kun kechirmoqda. Xalqaro hamjamiyat yordamida ular vaqtincha turar joy bilan ta'minlangan, moddiy yordam olmoqda. Lekin kelajak mavhum. Minglab o'zbeklar chet eldan boshpana izlab ketgan yoki madad kutib o'tiribdi. Aholi qo'rqinchda yashayotganini aytadi, tazyiqlar davom etmoqda.
Huquq-tartibot organlari hozirgacha to'rt ming jinoiy ish ochgan. Aksariyat hollarda o'zbeklar sudga tortilmoqda. Mojaro ortida turganlikda, qabih jinoyatlarda asosan ular ayblanmoqda.
Shu kungacha 40 kishi umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.
Asqarov o'zbek huquqlari uchun kurashib tanilgan faol. Uning “Havo" degan nohukumat tashkiloti militsiya va adliya xodimlari yo'l qo'ygan xato va amalga oshirgan jinoyatlar yuzasidan ma'lumot to'plagan.
Asqarov qirg'in paytida, Jalol-Obod viloyatining Bozor Qo'rg'on tumanidagi vaziyatni video tasmaga tushirgan.
Hibsga olingach, panjara ortida qayta-qayta qiynoqqa solingani haqida aniq ma'lumotlar bor.
Inson huquqlari bo'yicha "Human Rights Watch", Xalqaro Amnistiya singari tashkilotlar hamda G'arb davlatlari Azimjon Asqarov ishini xolisona ko'rib chiqishni so'rab keladi.
Qirg'iziston rahbariyati buni va'da qilgan, ammo faolning yaqinlari biror o'zgarish ko'rmayotganini aytadi.