Xitoyga o’zini do’st deb bilganlar unga ortiq ishonmaydi

  • Amerika Ovozi

Yigirma yildan buyon Xitoyni yoritib kelayotgan amerikalik jurnalist fikricha, bu mamlakatning global kuch sifatida maydonga chiqishi butun dunyoni xavotirga solishi kerak.

“Blumberg” axborot agentligi sharhlovchisi, uzoq yillar Pekin va Gonkongda yashagan Maykl Shuman o’z maqolasida avvaliga Xitoyga “maftun” bo’lgani, so’ngra fikri o’zgarganini tasvirlab beradi.

“Xitoy haqida yozadigan ko’pchilik singari men ham 1996-yilda u yerga birinchi qadam qo’yganimda hayratda qolganman”, - deya yozadi Shuman.

Buni ham ko'ring AQSh harbiylari: Xitoy dunyoning harbiy qudratiga aylanish niyatida

Biroq vaqt o’tgan sari “kayfiyatim tushib boraverdi” va bu ehtimol qisman fuqaro hukumatga nisbatan chora ko’ra olmaydigan davlatda yashash bilan bog’liq, deya tushuntiradi u. So’nggi uch yilda Xitoydan butkul hafsalam pir bo’ldi, deydi jurnalist.

Shumanga ko’ra, Xitoy Prezidenti Si Zinpin odil boshqaruv va demokratik qadriyatlar borasidagi qarashlarni o’zgartirishga bel bog’lagani, avtokratik tizimlarni G’arbdagi singari hukumatlardan ustunroq turadi deya ko’rsatayotgani ayniqsa xavotirli. Bu dunyodagi demokratik davlatlar uchun eng katta tahdid, deydi u.

Kanada hukumatida 40 yil davomida turli lavozimlarda ishlagan Margaret Jonston ham Xitoyga ishonchi qolmaganini aytadi.

“1979-yilda birinchi tashrifimdan beri Xitoyga do’st bo’lganman, ularga ilm-fan va texnologiya salohiyatini oshirishda ko’maklashdim. 2014-2016 yillarda Kanada-Xitoy do’stlik jamiyatining vitse-prezidenti edim”, - deydi u.

Karyerasini Kanadaning Xitoy bilan aloqalarini rivojlantirishga bag’ishlagan Jonston Kanada-Xitoy Ilm-fan va texnologiya qo’mitasining a’zosi ham edi. 2018-yilda ikki kanadalik hibsga olinishi ketidan Xitoyga munosabati o’zgardi. Pekin bu harakati bilan Vankuverda “Huawei” kompaniyasi rasmiysi hibsga olinishiga javob qaytarayotgan edi.

“O’shanda Shanxayda edim. Kanada fuqarolari hibsda ekanini ertasiga bir uchrashuvda tilga oldim. Suhbatdoshim Xitoy qo’lida 100 kanadalikning ismi tushirilgan ro’yxat borligini, ular istalgan payt ushlanishini aytdi”, - deydi Jonston.

Hozirda iste’foga chiqqan Kanada rasmiysi Xitoy boshqa davlatlar uchun ham o’xshash ro’yxatlar tuzganini taxmin qiladi.

Buni ham ko'ring Xitoy besh yillik yangi iqtisodiy rejani e'lon qilishi kutilyapti

Xitoyga o’nlab yillar davomida fan va texnologiyani rivojlantirishda ko’maklashgan Kanada rasmiylari, jumladan, Margaret Jonstonga ko’ra, xitoylik olimlar boshida barcha yordam va maslahatlarni minnatdorchilik bilan qabul qilgan.

Lekin vaqt o’tishi bilan vaziyat o’zgardi, deydi u.

“So’nggi yillarda ular har qanday yordamga ochiq emas. Xitoy o’zi uchun strategik deb belgilagan sun’iy intellekt, biotexnologiya, kvant va ilg’or materiallar sohalarida eng sara olimlarimizni xohlaydi”, - deydi Jonston.

Uning aytishicha, Pekin boshqa mamlakatlar, jumladan, AQShni ilm-fan va texnologiya bo’yicha ortda qoldirib, yutuqlarni harbiy sohaga yo’naltirishni maqsad qilgan. Ularning innovatsion va harbiy qudratini oshirishga yordam bermasak, hamkorlik qilishni istashmaydi, deydi Jonston.

“Bu maqsadga erishishda biz ularga yordam bermasligimiz kerak. Xitoyga men ham, boshqa kanadaliklar ham ortiq ishonmaydi”, - deydi suhbatdosh.