Xitoy hukumati uyg’ur tanqidchilarini badnom qilish harakatida

  • Amerika Ovozi

Xitoy hukumati Shinjon muxtoriyatidagi repressiv siyosat haqida bong urayotgan uyg’ur va qozoq ayollarni obro’sizlantirishga urinar ekan, bu faollar chekinmasligini aytadi. Quvg’indagi bir necha ayol jurnalistlar bilan suhbatlarda Xitoy lagerlarida zo’rlangani, qiynoqqa solingani va majburiy sterilizatsiya qilinganini tasvirlab bergan.

Xitoy rasmiylari ularni suyug’oyoq, jinsiy kasalliklarga yo’liqqan firibgarlar, deya qoralamoqda. Bu ayollarga ishonmanglar deya undayotgan Pekin Shinjondagi siyosati sababli xalqaro hamjamiyatning tobora kuchliroq bosimiga uchrayapti.

Buni ham ko'ring Peshonasi sho'r uyg'ur

“Xitoy rasmiylari zo’rlik, qiynoq va sterilizatsiya haqidagi gaplarimni yolg’onga chiqarish uchun meni bepusht deb atashgani aqlga sig’maydi”, - deydi 42 yoshli Tursunoy Ziyovuddin.

Xitoy hukumati Ziyovuddinga 2019-yilning sentabrida Shinjondagi lagerni tark etganidan so’ng erini ko’rish uchun bir oyga Qozog’istonga borib kelishga ruxsat bergan. Bir yildan so’ng u AQShning Virjiniya shtatiga ko’chib o’tdi. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, Shinjondagi jarohatlar tufayli AQShda u bachadonini olib tashlashga majbur bo’lgan.

“To’rt marta meni tergov xonasiga olib kirib kaltaklashdi, jinsiy a’zoimga elektrik dubinkani qo’yib qiynashdi, bir necha kishi bo’lib zo’rlashdi”, - deydi Tursunoy Ziyovuddin.

Unga ko’ra, tergov xonasiga olib ketilgan ayrim ayollar kameraga qaytmagan, qaytganlariga esa og’iz ochmaslik buyurilgan.

Pekin uyg’ur ayol faollarni yolg’onchi va aktyorlar deb atab, ularni Shinjon haqida “soxta yangilik” tarqatayotganlikda aybladi. Shinjonning Jamoatchilik bilan aloqalar idorasi rahbari Su Gishianga ko’ra, Ziyovuddinning bayonotlari “g’irt bema’nilik” va undan Xitoyning dushmanlari foydalanmoqda. Gishian ayolning oilaviy hayoti va uning bepushtlik sababli ajrashgani haqida da’volar qildi.

Shinjonning Jamoatchilik bilan aloqalar idorasi rahbari Su Gishian

Ba’zi kuzatuvchilar va huquq faollari fikricha, Xitoy Kommunistik partiyasi tanqidchilarini badnom qilishga urinayotgani yangilik emas. Partiya uyg’urlar va boshqa guruhlar tahqirlanganini mustaqil ravishda tekshirishga yo’l bermaydi.

“Ayblovlar qatorida kishining shaxsiyatini yerga urishga harakat qilishadi. Bularning barchasi Kommunistik partiyaga chet eldan yog’ilayotgan tanqidlarni kamaytirishga qaratilgan”, - deydi Kanadada asoslangan Raul Vollenberg huquq markazi xodimi Anastasiya Lin.

Pekinda o’tgan matbuot anjumanida Shinjon hukumati so’zlovchisi Elijon Anayat Gulbahor Hayithojini tanqid ostiga oldi. Qayta tarbiyalash lagerlarida ikki yil saqlangan bu ayol ham Pekinni qiynoqlar va shafqatsizlikda ayblaydi.

Buni ham ko'ring Xorijdagi uyg'urlar g'oyib bo'lgan yaqinlari haqida ma'lumot izlamoqda

“U Xitoyda yashab yurgan paytlar boshqalar bilan ishqiy aloqada bo’lgan, qo’shnisi uni fosh qilgan”, - deydi Anayat.

U Hayitvajini “terrorchi tashkilot” a’zosi deb atadi. Xitoy rasmiysi ishora qilayotgan Jahon uyg’urlari kongressi Londonda asoslangan bo’lib, uning rahbarlari AQSh Kongressi va BMTda so’zlagan.

55 yoshli Gulbahor Hayithoji, ikki farzandning onasi, Fransiyada yashaydi. 2017-2019 yillarni mehnat lagerlarida qanday o’tkazganini u “Xitoy Gulagidan omon qolgan” deb nomlangan kitobida tasvirlab bergan. Ayolning aytishicha, uni Shinjonning Qaramay shahridagi lagerda 20 kun to’shakka zanjirlashgan. U ham boshqa uyg’ur ayollar boshidan o’tgan voqealarga guvoh bo’lgan.

“Lagerlarda ko’rganlarimni borligicha kitobda yozdim. Xitoy rasmiylari bular yolg’on ekanini isbotlashga ojizlik qilib, sha’nimga dog’ tushirish payida”, - deydi u.

38 yoshli Zumrad Dovut - Pekin qoralayotgan uyg’ur ayollardan yana biri. Rasmiylar uni noraso deya tasvirlab, sterilizatsiya qilingani va lagerda saqlanganini inkor etadi.

“U haqda hamma biladi. Dangasa va qulaylikni yoqtiradigan shaxs. Shaxsiy hayoti tartibsiz. Qo’shnilarining aytishicha, Xitoyda zino qilgan”, - deydi Shinjonning Jamoatchilik bilan aloqalar idorasi rahbari Su Gishian.

Xitoy kasb-hunar markazi deb tasvirlaydigan lagerlardan biri

Dovutga ko’ra, bunday hujumlar asossiz va uning faolligi Xitoyning Shinjondagi qattiqqo’l siyosatini fosh etishda qo’l kelayotganini isbotlaydi. 2018-yilda meni Urumchidagi mehnat lagerida ikki oy saqlashdi, deydi u, so’ng pokistonlik erim meni ozod etishga erishdi.

Dovutning aytishicha, uning qatorida yana 200 ayolni Urumchidagi kasalxonada sterilizatsiya qilishgan.

“Mening va Sharqiy Turkistondagi boshqalarning huquqlari oyoq osti bo’layotgani haqida faktlarni keltirdim. Shuning uchun Xitoy og’zimni yopishga harakat qilayapti”, - deydi u.

Indiana shtatida Xitoy tadqiqotlari bo’yicha professor Tim Groz fikricha, Xitoy diplomatlari va matbuoti qo’llayotgan taktika Shinjondagi huquq ahvolidan xalqaro e’tiborni chalg’itishi qiyin.

“Ushbu taktika shubha uyg’otishga, jiddiy ayblovlardan e’tiborni chalg’itishga qaratilgan. Kommunistik partiya Xitoyga qarshi deb ko’rilgan tadqiqotchilar va axborot vositalariga nisbatan ham o’xshash strategiyani qo’llaydi”, - deydi Groz.

Vashingtondagi Uyg’ur inson huquqlari loyihasi koordinatori Zubayra Shamsiddinga ko’ra, ayblovlar Shinjon haqida ma’lumot tarqatishda ayollar muhim rol o’ynayotganini ko’rsatadi. Faollarning shaxsiy hayotini nishonga olish, sharmanda qilishga urinish orqali uyg’ur guvohlarning og’zini yopishmoqchi, deydi u.

“Guvohlarning ko’rsatmalari Xitoy dunyodan yashirmoqchi bo’lgan faktni fosh etyapti, ya’ni uyg’ularga nisbatan genotsid sodir etilayotganini”.