Xillari Klinton Toshkentda Islom Karimov bilan uchrashdi

Toshkent, 2 dekabr 2010

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bugun Toshkentda O’zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan uchrashib, mintaqaviy xavfsizlik, Afg’onistondagi vaziyat, hamkorlik va yordam haqida gaplashgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, ikki davlat orasidagi savdo bu yili kamida 130 million dollarni tashkil etgan.

Xillari Klinton 2003 yilda nashrdan chiqqan “Tarix Guvohi” (Living History) nomli kitobida Islom Karimov bilan 1997 yildagi uchrashuvini izohlaydi. Uning yozishicha, o’shanda Karimov undan Bill Klinton, prezident sifatida, xalq fikrini qanday o’rganadi d

Islom Karimovning ta'kidlashicha, O'zbekiston Amerika bilan har tomonlama aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor.

Toshkent xalqaro aeroportida respublika Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tomonidan kutib olingan Klinton xonim O’zbekistonda huquq ahvoli og'ir masala ekanini tan oladi.

"Prezident Karimov bilan uchrashganimda uni inson huquqlari va fundamental erkinliklar amalda himoya qilinishini ta'minlashga chaqirdim", - deydi AQSh rasmiysi.

Regional masalalarda hamkorlik o’z yo’liga, deydi u, lekin Amerika bu jamiyatda demokratik taraqqiyot juda sust ekanini yaxshi biladi va muammolarga ko'z yummaydi.

Xalqaro tashkilotlar Obama ma’muriyatini O’zbekiston va butun Markaziy Osiyoda huquqqa ko’proq e’tibor berishga undab keladi.

Klinton xonim bugun Toshkentda fuqarolik jamiyati faollari, huquq himoyachilari va mustaqil jurnalistlar bilan ham suhbat qurib, ularga Amerika erkinlik va demokratiyani targ’ib qilishda davom etadi deb aytgan. So'z va matbuot erkinligi zaruratiga ham urg'u bergan.

“Amerika Ovozi” jamoatchi muxbiri, Malik Mansur taxallusi ostida faoliyat yurituvchi Abdumalik Bobayev AQSh Davlat kotibasi bilan ko'rishgan jurnalistlardan biri.

Muxbirimiz yaqinda Toshkent sudida tuhmat, haqorat va o’z materiallari orqali jamoatchilik xavfsizligiga tahdid solganlikda aybdor deb topilib, 15 million so’mdan ortiq jarima belgilangan.

Abdumalik Bobayev o’zini professional jurnalist deb biladi va korrupsiya, huquqbuzarlik va boshqa siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar haqidagi tanqidiy maqolalari kuchli asosga ega ekanini aytib keladi.

AQSh rasmiylari uning ishi yuzasidan O'zbekistonga xavotir bildirgan. Shuningdek, Vashington siyosiy mahbuslar - qamoqda o'tirgan jurnalistlar, huquq faollari va muxolifatchilar ishini qayta ko'rib, ularni ozodlikka chiqarishga undab keladi.

Bugun Xillari Klinton O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Rustam Azimov bilan ham uchrashgan. Rasmiylar ikki davlat orasida ilmiy va texnologik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bitimga imzo chekkan.

Ushbu hujjat Amerika va O'zbekiston hukumati, idora va tashkilotlar, ilm maskanlari, tadqiqot institutlari va xususiy kompaniyalar orasida aloqalarni yaxshilash uchun zamin yaratadi.