Amerika Misrda kim tomonda?

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Oq Uyda xavfsizlik kengashi majlisida

Misr Amerikaning arab dunyosidagi eng yirik ittifoqchisi. Vashington insonparvarlik yordami qatorida harbiy va iqtisodiy madad ham ko’rsatadi.

O’tgan yili AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi doirasida (USAID) Misrga 1,5 milliard dollarlik ko’mak berilgan. Bu yil uchun ham shuncha sarflash rejalangan.

Amerika Misrda kim tomonda?

Davlat departamenti so’zlovchisi Filip Kroulining aytishicha, yordam qirqilmaydi va Qo’shma Shtatlar Misr xalqini qo’llab-quvvatlashda davom etadi.

“Mamlakat kelajagini xalqning o’zi hal qiladi. Rahbarlar omma fikri va talabi bilan hisoblashib ish tutishi kerak”,- deydi diplomat.

Amerika Misrda kim tomonda?

Vashingtonda tanilgan ekspert Tavfiq Hamid fikricha, AQShning 30 yillik rahbar Husni Muborakka qanday muomala qilayotgani undan to'ygan Misr xalqining bu davlatga nisbatan munosabatini belgilaydi.

“Amerika Misr xalqi tarafida bo’lsa, buni ochiq aytsin va isbotlasin. Armiyaning yonini olsin",- deydi tahlilchi.

"Ana shunda Misr xalqi AQShga ishonadi va hurmati oshadi. Aks holda Vashingtonga nisbatan nafrat kuchayib, bu davlat arab dunyosidagi ittifoqchisidan ayrilishi tayin”, - deydi Tavfiq Hamid.

AQSh hukumati Qohiraga maxsus vakil yuborgan. Frank Visner Misrda elchilik qilgan, Muborak bilan aloqasi bor. Davlat departamenti nazarida Visner Misr hukumatini murosa qilishga ko’ndirishi mumkin.

Amerika Misrda kim tomonda?

Lekin Oq Uy Misrda aynan qanday o’zgarish bo’lishi kerak degan savolga javob berishdan bosh tortmoqda.

“U yerda siyosiy o’zgarish bo’lishi kerak”,- deydi prezident Barak Obamaning matbuot kotibi Robert Gibbs.

Amerika Muborak prezidentlikdan ketishini istarmidi?

“Gap bizning nima istash-istamasligimizda emas”, - deb javob beradi Gibbs.

“Buni biz, Amerika xalqi yoki hukumati, hal etmaymiz. Misrdagi namoyishchilarga quloq tutsangiz, ular nima xohlashini o’zi aytmoqda”, - deydi Oq Uy matbuot kotibi.

Obama ma’muriyati Misr muxolifati, jumladan “Musulmon Birodarlar” yoki boshqa partiya va harakatlar bilan aloqada emasligini aytmoqda.

Lekin u murosa va muzokara tarafdori, rahbarlar va oppozitsiya gaplashishi kerak degan fikrda.

http://www.youtube.com/embed/dUPtjNDdYqQ