G’arb: Shimoliy Koreya aholisi och, hukumat bor pulini qurolga sarflaydi

  • Amerika Ovozi

Muvaffaqiyatsiz kechgan sinov yangi rahbar, otasi Kim Chen Ir vafotidan keyin boshqaruvga kelgan Kim Chen Unni uyatga qoldirishi aniq, deydi tahlilchilar

Shimoliy Koreya xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramasdan fazoga raketa uchirdi, biroq qurilma ko’tarilgani zahoti parchalanib Sariq dengizga qulagan. Orbitaga ob-havoni kuzatuvchi sun’iy yo’ldosh joylash rejamiz amalga oshmadi, deydi bu mamlakat rasmiylari. Halokat sabablari aniqlanmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi parvozni tanqid qilib chiqqan. Tashvish shuki, bu davlat aslida yadro qurolini tashishga qodir raketani sinamoqchi bo’lgan.

“Juma tonggi soat 7 larda shimoliy Pxenyan viloyatidan bortida sun’iy yo’ldosh bor raketa ko’kka ko’tarildi. Lekin parvoz muvaffaqiyatsiz tugab, hozir olimlar, texnik va ekspertlar uning ustida bosh qotirmoqda”, - deya bildiradi Shimoliy Koreya televideniyesi.

Raketa qoldiqlari Janubiy Koreya sohillaridan 165 kilometr uzoqqa tushgan.

Yaponiya Mudofaa vaziri Naoki Tanaka so’zlariga ko’ra, uchish bir daqiqa davom etgan. “Yaponiya sarhadlari buzilmadi”, - deydi u.

Janubiy Koreya, Amerika, Rossiya va Xitoy harbiy dengiz kemalari hozir mintaqani kezib raketa parchalarini izlamoqda. Qo’shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Pxenyan o’tkazgan bu sinovni tanqid qilib, mamlakat aslida yadroviy qurolni amalda tekshirib ko’rmoqchi, deya gumon qilmoqda.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun raketa parvozini afsus bilan tilga olar ekan, Shimoliy Koreyani provokatsion-g’alamis harakatlarda ayblab, tanbeh berdi. Janubiy Koreya nazarida esa bu davlat qo’shnilar xavotiriga quloq tutmasdan, mintaqa xavfsizligini inobatga olmasdan qilgan qilmishi uchun javob berishi lozim.

Vashington ham Pxenyanning harakatlari mintaqaviy xavfsizlikka tahdid, davlat xalqaro qonunlarni buzmoqda, deya bayonot chiqargan. Shimoliy Koreya aholisi och-nahor bir paytda hukumat bor pulini qurol va propagandaga sarflashni ma’qul ko’rmoqda, deydi Oq uy matbuot kotibi Jey Karni.

Sanoatlashgan yirik mamlakatlar, Katta Sakkizlik ham shimolni ballistik texnologiyani ortiq qo’llamaslikka da’vat etmoqda. Uyushma javob choralarini muhokama qilmoqda.

Shimoliy Koreya eng qashshoq o’lkalardan va yadroviy izlanishlari sababli xalqaro sanksiyalar natijasida yakkalanib qolgan.

Muvaffaqiyatsiz kechgan sinov yangi rahbar, otasi Kim Chen Ir vafotidan keyin boshqaruvga kelgan Kim Chen Unni uyatga qoldirishi aniq, deydi tahlilchilar. Tashabbus shimol asoschisi Kim Ir Senning 100 yillik tavalludiga bog’langan edi.