Bu hafta Xitoy hukumati Shinjon-uyg’ur muxtoriyatida ekstremist kuchlar xuruj qildi, 18 jangaridan 14 nafari o’ldirildi deya bayon qildi.
Halok bo'lganlar uyg’urlar ekani ma'lum. Bu elatning chet eldagi yetakchilari Xitoy rasmiylari berayotgan ma’lumotlarni inkor etib, o'lganlar aslida tinch namoyishchilar, siyosatdan norozi bo’lib ko’chaga chiqqan begunoh odamlar edi, deydi.
Robiya Qodir, jahon uyg’urlari yetakchisi, Xitoyni cheksiz, uning xalqiga nisbatan jinoyatlarda ayblab keladi.
Nobel tinchlik mukofotiga ko'rsatilgan va dunyo kezib, uyg’ur xalqi manfaatlarini himoya qilib kelayotgan bu ayol Amerikada yashaydi.
Xitoy nazarida Robiya Qodir mamlakat birligi va tinchligiga raxna solayotgan shaxs.
Xonim bilan biz uning Vashingtondagi idorasida, Uy'gur-Amerika Uyushmasida muloqot qildik. Marhamat, tinglang.
Uyg’urlar orasida zo’ravonlikka berilganlar yo’q deb kafolat bera olasizmi, deya so’raymiz Robiya Qodirdan. Bo’lishi mumkin, deydi u, lekin bunga Xitoyning o’zi aybdor.
Xitoy hukumati, deydi lider, yilda 100 kun uyg’urlarga qarshi operatsiyalar olib boradi. Odamlarning dod deb chiqishga haqqi bor, deydi u.
Uyg’urlarning istagi nima? Xitoydan ajralib o’z mustaqil davlatingizni tuzishmi?
Lekin Xitoy hukumati uyg’urlar hech qachon alohida davlat bo’lmaydi va bo’la olmaydi ham deydi. Shinjon uchun katta mablag’ ajratilgan, hudud rivojlanmoqda, katta zavod-fabrikalar ochilib ish o’rinlari yaratilmoqda, zamonaviy texnologiya bilan ta’minlanib, turmush yaxshilanmoqda, deydi rasmiylar, uyg’urlar shukur qilib yashashi kerak.
Robiya Qodirning aytishicha, bugun dunyoda 20 million uyg’ur bor, aksariyati Sharqiy Turkiston, ya’ni bugun Xitoy Shinjon, “yangi yer” deb ataydigan hududda yashaydi. Ikki millionga yaqini esa Markaziy Osiyo va dunyoning boshqa mamlakatlarida, deydi u.
Amerika uyg’ur ozodlik harakatini ruhan va moliyaviy jihatdan quvvatlab keladi. Vashingtonda, ayniqsa Kongressda uyg’urlarga g’amxo’r arboblar juda ko’p.
Lekin Qo’shma Shtatlar Xitoy, iqtisodiy jihatdan qudratli va global maydonda katta nufuzga ega bu hukumat bilan kelishib ishlashga ham majbur.
Terrorga qarshi urushda, 2000-yillar boshida Afg’onistonda bir necha uyg'ur tutilib, Guantanamo qamog’iga olib kelingan edi. Ular bu turmada bir necha yil o’tirdi, keyinchalik aybsiz ekani isbotlandi. Xitoy Amerikadan ularni topshirishni so'radi, ammo Vashington ko'nmadi. Uyg'urlarga boshqa yurtlardan boshpana topib berdi.Yana besh nafari hamon kutmoqda.
"Bu insonlar asta hayotini tiklamoqda", - deydi Robiya Qodir.