Tojikistonda odamlar internetdan nima izlamoqda?

"Odamlar hali kompyuterdan to'liq foydalanishni bilmaydi"

Internet - siyosat, iqtisodiyot, ta’lim va ayniqsa yoshlar hayotiga ta’sir qilayotgan global tarmoq barcha to’siqlarga qaramay Markaziy Osiyoni ham qamrab olmoqda.

Jumladan Tojikistonda internet asosiy axborot manbalaridan biri.

Tojikistonda Internet-provayderlar uyushmasining yillik hisobotiga ko’ra, mamlakatda global tarmoqqa kiradiganlar soni 1 million 600 mingdan ortadi.

Tashkilot direktori Parvina Ibodovaning aytishicha, Dushanbe, So'g’d va Xatlon viloyatlarida foydalanuvchilarning 70 foizi internetga asosan pochta uchun kiradi. Faqat 40 foizigina undan axborot izlaydi.

Internet jurnalistika respublikada unchalik rivojlanmagan.

Hukumat ba'zi saytlarni to'smoqda, ammo bu to'g'ri siyosat emas, deydi ziyolilar

Fergana.ru saytining Tojikistondagi muxbiri, jurnalist Tilav Rasulzoda deydiki, ommaviy axborot vositalari xodimlari hali o'z maqolalarini internet saytlariga joylashni bilmaydi.

“Sababi, bu ish ham o’ziga xos malakani talab qiladi. Tojikistonda hali kompyuterni bilmaydigan jurnalistlar bor. Ba’zi gazetalar, masalan “Aziya-Plyus” yoki “Fakti i Kommentariy” gazetalarining elektron ko’rinishlari bor. Bu gazetaning ilovasidir, mustaqil sayt emas. So'g’d viloyatida shu ham yo’q. Bo’lgani ham oyda bir marta yangilanadi, buning hech kimga qizig’i yo’q. Bu kulgili holat, ammo ko’rinish shunday. Tojikistonda yoshlar internetdan ko’proq o’zaro informatsiya olish va vaqtini ko’ngilli sarflash uchun foydalanishadi”, - deydi u.

Rasulzoda fikricha, nafaqat oliy o’quv yurtlari balki ish joylarida ham kompyuterni ishlatishga o’rgatish zarur.

Тоjikistondagi So'g’d viloyat o’zbek ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, mustaqil ekspert Ilhom Yusupov tojikzabon jurnalistlar internetdan juda unumli foydalanmoqda, deydi.

“Lekin o’zbek jurnalistlari uchun imkoniyat kamroq”, - deydi u.

“Sababi, o’zbeklar ko’proq qishloq joylarida yashaydi. U yerlarda internet xalqimiz orasiga kirib bormagan. Masalan tojikcha saytlarni ko’rsak, “Avesto” juda mukammal ishlayapti. Yoki “Migrant”, “Varorud” va hokazolar. Ammo, mumkin bordir, mumkin yo’q, aniq bilolmayman. Lekin o’zbekcha saytlarni hali ko’rganim yo’q, uchratganim yo’q”, - deydi u.

Yusupov shuning uchun ham o’zbek markazi kelajakda o’zbek saytlarini ochishni rejalashtirgan, deydi.

Tojikistonda yoshlar internetdan ko’proq o’zaro informasiya olish va vaqtini ko’ngilli sarflash uchun foydalanishadi

Mustaqil jurnalist Qamari Ahror respublikada hukumat internetga to’siqlar qo’yganini aytadi.

“Iqtisodiy sharoit, rasmiylarning munosabati o’z ta’sirini ko’rsatmoqda”, - deydi u.

Lekin, deydi tojik jurnalisti, bu sohada ilgarilagan yoshlar yo’q emas.

“Nabiolloh Sunnatiy, Firdavsiy A’zam kabi juda yaxshi blog ijodkorlarini bilamanki, ular o’z saytlarini ta’sis etishdi”,- deydi u.

“Ularga har kun odamlar kiradi. Yosh ijodkorlar jamlangan “So'g’d” haftanomasi chop etilmay qolgach, uning www.sugd.tj elektron shakliga o’tishdi. Tojikistonda yangi sayt www.pressa.tj ishga tushdi. Bu biz uchun quvonchlidir”, - deydi u.

“Varorud” gazetasi ma’sul kotibi Jo’ra Yusufiy nazarida to’rt-besh yil oldin faqat “Ozodlik” yo “BBC”, “Sadoi Amriko” ("Amerika Ovozi") kabi radio, “Aziya-Plyus”, “Avesto” saytlaridan foydalanilgan bo’lsa, hozir qariyb barcha haftanomalar o’zining elektron nusxalariga ega", deydi.

“Internet jurnalistika Tojikistonda sekin-asta rivojlanmoqda. Ammo boshqalarga qiyoslaganda, tarmoqning rivojlanishi zamon talabiga javob bermaydi. Bu ko’proq jurnalistlarning o’ziga bog’liq bo’lgan sabab deb bilaman. Hozir xalqaro tashkilotlar bizda jurnalistlarni internetga o’rgatishmoqda”, - deydi u.

Tojikstonda rasmiylarning internetga to’sqinlik qilishini Rasulzoda samarasiz deb hisoblaydi.

“Saytni berkitib qo’yish, masalan hozir hech kimning qo’lidan kelmaydi. Internetdan foydalanishning juda ko’p yo’llari bor. Foydalanuvchilar to’siqlarni aylanib o’tishlari mumkin. Saytga to’siq qo’yish rahbarlar uchun juda samarasiz bir harakat deb aytish mumkin”, - deydi u.