Toshkentda “Amerika Ovozi”jamoatchi muxbiri Abdumalik Bobayev sudga tortilayotgani Vashingtonda xavotir bilan tilga olinsa-da, rasmiylar buni hozircha ochiq qoralashga jur’at etmayapti.
Parda ortidagi muzokalarda O’zbekistonga bu jinoiy ish asossiz ekani aytilgan. Muxbirning soxta ayblovlar bilan jazoga tortilishi oradagi muloqot va hamkorlikka zarar yetkazishi uqtirilgan.
Lekin Toshkentdan bu borada biror yangilik yo’q. Sud kuni hozircha ma’lum emas.
Amerika O’zbekistonga nisbatan ayni damda qanday ta’sir kuchiga ega?
AQSh o’z xalqaro teleradiosiga uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan o’zbek jurnalistini qutqarish uchun nima qila oladi?
Obama ma’muriyati aloqalarda o’zaro manfaatlarga urg’u bermoqda. Matbuot va so’z erkinligi bu hukumat uchun manfaat bo’lishi mumkin, ammo Abdumalik Bobayevni Toshkent shahar prokuraturasi jamoat xavfsizligi va tartibiga raxna soluvchi materiallar tayyorlaganlikda ayblamoqda.
Ayblov xulosasida muxbirning ayrim “haqiqatdan yiroq” va “xavfli” maqolalari keltiriladi. Masalan, 2009 yilning 19 sentabrida efirga uzatilgan “O’zbekistonda bepul tibbiy xizmat faqat qog’ozda” sarlavhali lavhasi yoki o’sha yilning 24 sentabrida “O’zbekistonda iqtisodiy krizis ta’sirini yashirib bo’lmaydi” nomli materiali yoki 8 oktabrdagi “O’zbekistonda sarmoya uchun imtiyoz bor, to’siqlar ham ziyoda” mazmunidagi reportaji.
O’zbekiston jadal tarzda rivojlanib bormoqda, har sohada olamshumul o’zgarishlar bor deb bong urib keladigan hukumat nazarida “Amerika Ovozi” yoritgan yuqoridagi muammolar g’irt safsata.
Prokuratura xulosasicha, bu maqolalar vahima ko’tarishga qaratilgan, fuqaro totuvligini buzish va vaziyatni beqarorlashtirish uchun to’qib chiqarilgan uydirmalar.
Muxbirga bu muammolar haqida gapirgan ekspertlar, o’z boshidan kechirganlarini so’zlab bergan fuqaro va tadbirkorlar esa, oddiy qilib aytganda, yolg’onchilar.
Prokuratura aytmoqchiki, O’zbekistonga inqiroz kelmagan, sog’liqni saqlash tekin va a’lo darajada, biznes sohasi ham gullab yashamoqda. Ya’ni bugungi holatdan nolish - jinoyat.
Abdumalik Bobayev Toshkentdan turib, bu nozik masalalarni yoritar ekan, kuzatuv ostida ekanini yaxshi bilar edi. Har bir qadamini o’ylab qo’yar, har bir ma’lumot asosini tekshirib, ishonchli manbalarga tayangan holda axborot berar, u yuborgan har bir material Vashingtondagi tahririyat tomonidan ko’rib chiqilib, ana undan keyingina efir va internet yuzini ko’rar edi.
Yozda O’zbekistonda bo’lib, ziyolilar bilan gaplashgan, mamlakatni kezib, qator maqolalar yozgan Joshua Kuchera (Kucera) hamkasbiga qo’yilgan biror ayblovdan hayron emas. Toshkentda chet elga mamlakat haqida tanqidiy reportajlar berayotgan yana bir jurnalistdan qutulishmoqchi, vassalom, deydi u.
Joshua Kuchera ta’biricha, “Amerika Ovozi” muxbiriga jinoiy ayblovlar qo’yilishi Toshkentning o’ziga ishonchi baland ekani, O’zbekistonda “Qo’shma Shtatlar biz bilan baribir hamkorlik qilishga majbur” degan fikr hukmron ekanidan dalolat.
Afg’onistonda vaziyat tang, deya sharhlaydi u, Pokiston orqali urush maydoniga biror narsa olib kirish tobora qiyinlashib bormoqda. Xalqaro koalitsiyaga suv va havodek zarur mahsulotlarni yetkazishda Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O’zbekiston muhim rol o’ynamoqda, deydi Joshua Kuchera.
Vashington jurnalist taqdiri yuzasidan ochiq va qattiqroq bosim bermayotganining sababi ham shunda, deya mulohaza yuritadi u.
Karimov ma’muriyati AQShdan jiddiyroq e’tibor so’rayotgani sir emas.
“Men yozda u yerda bo’lganimda, ko’p odamlar bilan suhbatda bo’ldim”,- deydi u. “Hammaning og’zida bir gap: Amerika Islom Karimovning yordamiga muhtoj”.
Qirg’izistonda iyun oyida yuz bergan qonli voqealarga O’zbekistonning bosiq javob bergani, yuzlab ming qochqinni o’z bag’riga olib, yordam ko’rsatgani Karimovning nafaqat regiondagi balki xalqaro maydondagi nufuzini ham biroz oshirgan. G’arb rasmiylari, jumladan Amerika diplomatlari unga qayta-qayta minnatdorchilik bildirgan.
"Lekin Amerika biror ta’sir kuchiga ega emas deyish ham xato bo’ladi", - deydi Joshua Kuchera.
"Shimoliy Ta’minot Tizimi, Afg’onistonga yuk olib boradigan proyektda qatnashib, O’zbekiston iqtisodiy foyda ko’rmoqda va bu borada ko’proq imkoniyatlarga ega bo’lishni istaydi. Shuningdek, u Amerikadan sarmoya so’rab keladi. Ko’p narsa ikki davlat orasidagi ishonch, rasmiylar orasidagi muloqot qanchalik ochiq va samimiy ekaniga bog’liq",- deydi u.
Bugungi vaziyat 2005 yildagidan ancha boshqacha. Rangli inqiloblar vasvasasi, repressiyaga zo’r berish, Andijon fojiasi yuzasidan Karimovga nisbatan qat’iy tanqidlar va buning natijasida Xonoboddagi havo bazasining yopilishi.
Hozirga kelib, deydi amerikalik jurnalist, O’zbekistonda rahbariyatni tanqid qila oladigan hech kim qolmadi, hisob.
Endi, “Amerika Ovozi”ning birgina jamoatchi muxbirini qamash bilan O’zbekiston nimaga erishadi? Buning ustiga uning professional jurnalist ekani, muxolifatchi yoki siyosiy faol emasligi oydek ravshan.
O'zbekiston bu ish bilan o'zini yana bir bor yomonotliq qiladi xolos, deydi Joshua Kuchera.
Vashington siyosiy doiralarida xavfsizlik va inson huquqlari, qay biri ustun ekani haqida bahslar tinmaydi. Muvozanatli siyosat haqida og’iz ko’pirtirib gapiradiganlar serob, lekin amalda bunga erishish qiyin.
Shunday ekan, deydi Joshua Kuchera, AQSh rasmiylari “Amerika Ovozi” muxbirini qanchalik himoya qilib chiqmasin, qaror qilish payti kelganida, tarozining bir pallasiga bu muxbir, erkinlik va qadriyatlar, ikkinchi pallasiga esa Vashingtonni O’zbekiston bilan hamkorlik qilishga majbur qilayotgan sabablar qo’yiladi.
Shu o'rinda O'zbekiston ham bu borada puxta o'ylab ko'rishga majbur, deydi tahlilchi, aks holda endigina jonlanayotgan rishtalarga yana darz ketishi tayin.