Pxenyan Baydenni Osiyoda ballistik raketalar testi bilan kutib olishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Prezident Baydenning Milliy xavsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan media bilan muloqotda, Oq uy, Vashington, 18-may, 2022

Prezident Jo Bayden Yaponiya va Janubiy Koreyaga otlanar ekan, AQSh razvedkasiga ko'ra, Shimoliy Koreya yangi qurollarini sinab ko'rishga tayyorlanmoqda. Prezident Baydenning Milliy xavsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan bu borada 18-may kuni Oq uyda jurnalistlar bilan anjumanda gapirdi.

Bayden Janubiy va Shimoliy Koreya chegarasiga borishni rejalamagan.

"Razvedkamiz Pxenyan sinovlar ko'zlayotgani haqida ma'lumotlarga ega", - deydi Sallivan.

"Biz har qanday ehtimolga hozirmiz".

Sallivan deydiki, AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya yaqin aloqada. Oq uy Pxenyanning harakatlarini Xitoy hukumati bilan ham muhokama qilgan.

Janubiy Koreya rahbari Yun Suk Yeol, Seul, 10-may, 2022

Tashrif 20-24 may kunlarini o'z ichiga oladi. Prezident Baydenning Osiyoga ilk safari. Janubiy Koreya 10-maydan binoan yangi rahbarga ega, Yun Suk Yeol. U esa Pxenyangan nisbatan "qattiqroq turamiz" deya va'da qilgan.

Sallivanning aytishicha, AQSh mintaqaga harbiy yordamini va u yerdagi xavfsizlik choralarini vaziyatga moslashtiradi.

Ayni damda koronavirus bilan kurashayotgan Shimoliy Koreya interkontinental ballistik raketalarini ko'z-ko'z qilmoqchi, deydi diplomatlar.

Janubiy Koreya davlat xavfsizligi bo'yicha yetakchi rasmiylardan Kim Te-hyo ham Pxenyan shunday harakatda ekanini tasdiqladi.

"Bu provokatsiya bo'lsa, uning ko'lamiga qarab, zarur choralarni ko'ramiz", - deydi Kim Tae-hyo.

Tashrifda aloqalarni mustahkamlash bilan bir qatorda, Xitoy, regional savdo va xavfsizlik, shuningdek, yadroviy qurolsizlanish borasida gap ketadi. Bunday muloqotlars fonida Shimoliy Koreya nimaga qodirligini ko'rsatishga jur'at etayotgani G'arb va uning Osiyodagi hamkorlari yuritayotgan siyosat samara bermayotganidan dalolatdek ko'rinadi, deydi ekspertlar.

Bayden prezidentlikni boshlaganidan beri Pxenyan testlarni jadallashtirdi. Har safar Oq uy bu sinovlarni qoralab chiqadi, Shimoliy Koreyani muzokaraga undaydi, ammo u tomondan javob yo'q.

Amerika sanksiyalarni kuchaytirishga undamoqda. Rossiya va Xitoy esa bunday choralarga qarshi.

Vashington Tokio va Seulga ularni har qanday xurujlardan himoya qilishini eslatib keladi.

Janubiy Koreya hukumati AQShdan mintaqada atom qurollariga javob bera oladigan harbiy vositalarni joylashtirishni so'ragan.

Testlar bu davlatga berilishi kutilayotgan gumanitar yordamni to'xtatishi mumkin.

Seulda odamlar Shimoliy Koreya raketa sinovlarini tomosha qilmoqda, 12-yanvar, 2022

AQSh vaksinani bilvosita yuborishni ko'zlayotgan edi, ammo Pxenyan ularni qabul qilmasligi haqida ogohlantirgan.

Jahon Sog'liqni saqlash tashkiloti esa madad berilmasa, koronavirus Shimoliy Koreyada keng qanot yozib, kasallikning yangi ko'rinishlari chiqishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Pxenyan Xitoydan dori-darmon olayotgani ma'lum.

AQSh sun'iy yo'ldosh orqali olgan tasvirlar 2018-yilda Kim Chen In buyrug'i bilan to'xtatilgan testlar qayta boshlangani va yopilgan tunnelar qayta ochilganini isbotlaydi.

Kim deydiki, buning asosiy sababi - AQSh bilan kelishuvga erishilmagani.

Shimoliy Koreya raketalarni sinamoqda, ammo atom bombasini oxirgi marta 2017-yilda testdan o'tkazgan.

Kim, shuningdek, anchadan beri ishlamayotgan yadroviy reaktorni jonlantirishni buyurgan. Atom bombasi uchun zarur plutoniy chiqarish ham rejada ekani aniqlangan.