O'zbekistonda oq oltinni jon deb terishadi, agar haq to'liq va vaqtida to'lansa

Paxtani O’zbekistonda azaldan yoshlar terib kelgan. Bolalarni paxta terimiga jalb qilishning birinchi sababi, deydi andijonlik faol Saidjahon Zaynobiddinov, hosilning 100 foiz qo’lda terilishidir.

O’zbekiston prezidenti Islom Karimov 15 oktabr kuni xalqni bu yilgi paxta rejasi bajarilgani bilan qutladi. “Mamlakatimiz paxtakorlari 3 million 400 ming tonnadan ziyod yuksak xirmon bunyod etib, katta mehnat g‘alabasini qo‘lga kiritdilar”, - dedi u o’z murojaatida.

“Haqiqatan ham ulkan va sharafli mehnat samarasi bo‘lmish mana shunday marraga erishganingiz bilan o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan siz, azmi qat’iy dehqon va fermerlarimizni, barcha qishloq mehnatkashlarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman”, - dedi Islom Karimov.

Paxta xirmoni haqida gap ketganda, rasmiylar “shartnomaviy majburiyat” xususida so'zlaydi. O’zbekiston axborot agentligi tarqatgan xabarga ko’ra, mamlakat miqyosida o‘rtacha hosildorlik o‘tgan yilga nisbatan 4 foiz oshib, gektaridan 26,3 sentnerni tashkil etgan. Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, hosilning qariyb 90 foizi birinchi navga topshirilgan.

O’zbekistonda oq oltin terimi asta nihoyasiga yetmoqda. Yog’ingarchilik boshlanmay turib hosil yig’ib olinganidan paxtakorlar ham, terimchilar ham xursand. Davlat rahbari “yuksak xirmon xalqimiz hayotini yanada farovon, mamlakatimizni yanada obod etishga, paxta sotish va qayta ishlash borasidagi yutuqlarimizni kengaytirishga xizmat qilishi muqarrar”, deb bong ursada, qishloq joylarida ahvol qanday ekani aholining o’ziga ayon. Ishsizlik eng keng tarqalgan muammolardan biri.

O'zbekistonda oq oltinni jon deb terishadi, agar haq to'liq va vaqtida to'lansa

Paxtani O’zbekistonda azaldan yoshlar terib kelgan. Bolalarni paxta terimiga jalb qilishning birinchi sababi, deydi andijonlik faol Saidjahon Zaynobiddinov, hosilning 100 foiz qo’lda terilishidir.

“Har yili o’rtacha 3 million tonna hosilni terib olish uchun, men o’zim hisoblab chiqdim, 3500-4000 ta paxta terish mashinasi kerak. Bizda bu texnika yo’q va paxtamizni qo’lda terishdan boshqa iloj yo’q. Shu tariqa bolalar ham paxta terimiga majburan qo’shilib ketishayapti”.

Qizig’i shuki, deydi u, mehnatga loyiq haq to’lansa odamlar paxtani faxr bilan teradi, jon deb teradi. Haq talabga javob bermagani uchun paxtani faqat terishga majbur toifalar terayapti – fermerlar, byudjetchi xodimlar, talaba va o’quvchilar.

O’zbekistonda hech kim paxtaning strategik ahamiyatini rad etmaydi. Oq oltin iqtisodiyotni tebratadi, xalqni boqadi deyishadi. Shunday muhim mahsulot ekan, nega davlat bu sohani rivojlantirish, texnik talablarni qondirish uchun sarmoya qilmaydi?

Odatda jamoatchilik fikri bilan hisoblashmay ish ko’radigan hukumatdan bu savolga ham javob olish qiyin. Rasmiy manbalarda paxtachilik sanoati kundan-kunga taraqqiy etayotgani, mashinalar ko’p ekani, lekin hosil shunchalik mo’lki, uni terib olish uchun qo’shimcha mehnat kuchi jalb etilishi tushuntiriladi.

Oddiy qilib aytganda, bolalar mehnati - arzon mehnat kuchi.

“Boshqa imkoniyatni o’zi hozircha yo’q. O’zimizda avval Tashselmash ishlar edi. Paxta terish mashinalari ishlab chiqarilar edi. Unda arzonroq tushar edi. Ularni chet eldan sotib olish juda qimmatga tushadi. Paxta tan narxi oshib ketadi”, - deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

Paxta yetishtirish og’ir mehnat talab qiladi. Hukumat bilan shartnoma tuzgan fermerlar daromaddan ko’ngli to’lmasa ham qora qozoni qaytayotganidan rozi, deydi jarayon bilan yaxshi tanish faol. Dehqonlarga kompensatsiya tariqasida, ijaraga olingan yerning bir qismiga sholi, yeryong’oq, savzavotlar yoki tarvuz-qovun ekib daromad qilish uchun ruxsat beriladi.

O'zbekistonda oq oltinni jon deb terishadi, agar haq to'liq va vaqtida to'lansa

Terim haqi bilan bog’liq bir muammo - davlat ajratayotgan mablag’ning katta qismi belgilangan joyga yetib kelmayotganidir, deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

“3 million tonnadan oshiqroq paxtani terib olish uchun o’rtacha hisobda kilosiga 5-10 sent ajratilsa, bu katta summa - 200-300 million dollar atrofida. Agar shu pul to’laligicha paxta dalasiga yetib kelsa, odamlar qo’shni davlatlarga borib ish qidirib yurmaydi. Shu yerning o’zida pul topishadi”.

Paxta terish mavsumi o’rtacha bir yarim oy davom etsa, qo’pol hisob-kitob bo’yicha, har bir terimchi 150 dollardan 300 dollargacha ishlab olishi mumkin.

“Bu bizda yaxshi ish haqi, ayniqsa qishloq aholisi orasida”, - deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

“Rasman qaralganda, paxtaga pul to’lanadi. Dalada kassir o’tiradi. Lekin, bilasizmi, haq hammaga ham berilmaydi, masalan “byudjetniklar” va studentlarga keyinchalik olasan deb nasiyaga terdirishadi. Darrov bermaydi. Terim tugagach odamlarga haqini talab qilish oson emas, noqulay bir holat. “Qancha tergan eding o’zi” deb so’ray boshlashadi. “Bor, qayoqqa borsang boraver” degan gaplarni eshitishadi. Xullas kalom, ko’p pul olinmay qolib ketadi. Kimlardir bundan manfaatdor”.

Bolalarga arzon ishchi kuchi deb qarab, har yili byudjetdan 300 million dollar havoga uchib ketmayaptimi? – deya so’raydi faol.

Saidjahon Zaynobiddinovning taklifi shuki, mablag’ bankdan chiqmay, naqd pul emas, chek bilan to’lansin.

“Pul bankdan chiqmasa, u talon-taroj bo’lmaydi yo’lda. Cheklar yana davlatning o’ziga qaytadi. Shu cheklar kommunal xizmatlar yoki soliq uchun to’lansa, davlatga ikki baravar foyda bo’ladi”, - deydi Saidjahon Zaynobiddinov.

O'zbekistonda oq oltinni jon deb terishadi, agar haq to'liq va vaqtida to'lansa

“Paxtaning eng ko’p qismini baribir qishloq aholisi teradi. Oilalar katta. Yoppasiga paxtaga chiqishib, bir oila 5-6 tonna paxta terishi mumkin. Haqini ular chekda to’liq olishi kerak. Bu ularga qo’shimcha daromad… Yana bir taklifim, mana shu qishloq aholisiga kommunal va soliq to’lovlaridan oshgan cheklarini banklardan bemalol almashtirish huquqi berilsa, ular jon deb teradi”.

Bu bir huquqbonning taklifi, deydi Saidjahon Zaynobiddinov. Odamlarning orasida yurib ko’rganlari, eshitganlari va bilganlariga asoslanib so’zlaydi u. Eng muhimi odamlarga mehnati uchun haq to’lansin, bolalar ishlatilmasin.

“Huquqbon bo’lib nima amaliy ish qilding degan savolga mana deb ko’rsatishga arziydigan ish bo’lardi”, - deydi u.

“Asosiy gap davlatda, bizning hukumatda. Ular meni eshitsa, men ularga ruscha qilib, “Игра стоит свеч”, degan bo’lardim, ya’ni shu ishni qilsa, davlat hech narsa yo’qotmaydi. Foyda topsa topadi lekin hech narsa yo’qotmaydi”.

Paxta rejasi bajarilgan kuni xalqqa murojaatida yuksak xirmon, farovon hayot, sharafli mehnat, fidokor dehqonu-fermerlar, ayniqsa qishloq aholisi haqida gapirgan prezident; reja bajarilishi uchun javobgar hokim va boshqa mutassaddilar; kassirlardan tortib, xo’jalikma-xo’jalik yurib vaziyatni kuzatib turgan boshliqlar; paxta sanoati ostidagi shaxslar - Saidjahon Zaynobiddinovning bu kamtarona takliflariga qanday javob bergan bo’lardi? Yo bu yilgi mavsum ham o’tar ketar, kelasi yil bir gap bo’lar deyishadimi?