Turkiya Rossiyadan xarid qilingan S-400 havo mudofaasi tizimini uchinchi mamlakatga uzatsa, AQSh Anqaraga o’zining ilg’or F-35 qiruvchi samolyotlarini sotishni taklif etmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
So’nggi paytda ikki taraf aloqalari yaxshilanayotganiga qaramay, Turkiyaning rus tizimidan voz kechishdan bosh tortayotgani munosabatlarning yanada yaxshilanishiga g’ov bo’lib qolmoqda.
"Nazarimda, Erdog’an mahkamasidagi ayrim odamlar S-400 tizimlarini sotib olish katta xato bo’lganini tan olmoqda. U qimmat kelishuv ham bo’ldi”, - deydi Qodir Has universitetidan mutaxassis O’nur Ishchi.
Turkiya S-400 tizimi va raketalarini Vashington bilan ishonch rishtalariga putur yetgan va Rossiya bilan aloqalar chuqurlashgan paytda sotib olgan. O’shanda Anqara Vashingtonni 2016-yilda amalga oshmay qolgan davlat to’ntarishiga harakatga aralashganlikda ayblagan.
Turkiya Shvetsiyaning NATOga a’zolik uchun arizasini ma’qullashi ketidan AQSh bilan aloqalar yaxshilana boshladi.
Buning evaziga Vashington Turkiyaga F-16 qiruvchi samolyotlarini sotishga rozi bo’ldi. Biroq Turkiyaga qo’shni va raqib Gretsiya F-16 dan ancha ilg’or hisoblangan F-35 samolyotlarini sotib olishni rejalayotgani Anqarani xavotirga soldi.
"Turkiyada urush tarafdori bo’lgan siyosatchilarga quloq solsangiz, ular Egey dengizida Gretsiya Turkiya harbiy-havo kuchlaridan ustunlikka ega bo’layotganini aytishmoqda”, - deydi Qodir Has universiteti professori Soli O’zel.
Agar Anqara Vashingtonning F-35 samolyotlari bo’yicha taklifini qabul qilishga qaror qilsa, deydi tahlilchilar, Rossiya mudofaa tizimi Ozarbayjon, Qatar yoki hatto Liviyaga yuborilishi mumkin. Bu AQSh bilan aloqalarning qay darajada yaxshilanishiga bog’liq bo’ladi, deydi ular.
"Turkiya S-400 tizimidan osonlikcha voz kechishi mumkin. Chunki bu siyosiy qaror bo’lgan, tizimga harbiy ehtiyoj yo’q. Undan voz kechish ham siyosiy qaror va siyosiy murosa bo’ladi. S-400ning sotib olingani Turkiyaga NATO va AQSh bilan muzokara darajasini ko’tarishga yordam berdi”, - deydi Anqaradagi Tashqi siyosat instituti prezidenti Husayn Bog’chi.
Anqaraning Rossiyadan mudofaa tizimini sotib olgani Moskvada Turkiyani NATOdagi ittifoqchilaridan ajratib olishga qaratilgan diplomatik muvaffaqiyat deb ko’rilgan. Turkiya rus tizimidan voz kechsa, bu ham Vashington uchun o’ziga yarasha jiddiy yutuq bo’ladi.