Ayollar global ishchi kuchining 40 foizdan oshig’ini tashkil etadi. Hech bir jamiyat ularning iqtisodiy va siyosiy ishtirokisiz rivojlana olmasligi qayta-qayta isbotlangan fakt.
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada repressiv tuzumlarga qarshi bosh ko'targanlar safida ayollar ko'p.
Karen Sherman - "Ayollar ayollar uchun" nomli gumanitar tashkilot xodimi.
"Odamlarni o’z haqqini talab qilishga undagan, qurol-yarog’ olib kirishga yordamlashgan, jurnalistlarga axborot uzatib turgan, namoyish paytida jarohat olganlarga qaraganlar - opa-singillarimiz", - deydi u.
Misrlik Sara G’alol 30 yillik rahbar Husni Muborak hokimiyatdan ketishiga guvoh bo’lgan. Hozir Texasda, Jorj Bush prezident markazida xotin-qizlar masalalari bo’yicha izlanadi.
Samar al-Husayniy ham shu dastur qatnashchisi. Uningcha, tarixiy o’zgarishlar yuz berdi, lekin xalq orzusiga erisha olgani yo’q.
"Inqilobdan oldin barcha muammolarda eski tuzumni, Muborak hukumatini ayblar edik. Undan qutulsak, hammasi joyiga tushadi der edik. Afsuski, bugungi manzarani ko’rib haliyam achinadi kishi",- deydi al-Husayniy.
Siyosatshunos Raniya al-Malikiy yuqoridagi fikrga qo’shiladi.
Yamanda hukumat yangilanishida ham xotin-qizlarning hissasi katta.
Faollardan biri Ashvaq al-Rabbiy:
"Har bir ayol o’z haqqini bilishi va kurashishi kerak. Bizning mamlakatda qilinadigan ishlar ko’p hali".
Yozuvchi Zafaron Ali deydiki, sobiq prezident Ali Abdulla Solihni qanchalik yomonlashmasin, u tenglik va adolat kabi tushunchalarga befarq emas edi.
Karen Sherman deydiki, erkak va ayol teng huquqli bo’lsin desak avvalo iqtisodiy mustaqillik tushunchasiga urg’u berish zarur.
"Ro’zg’orni tebratishda teng hissa qo’shayotgan, uyga daromad olib kelayotgan ayolning mavqei ham oilada, ham jamiyatda balandroq bo’ladi. Iqtisodiy imkoniyatlarning ahamiyati ana shunda",- deydi Karen Sherman.
Iqtisod yoki siyosat, arab dunyosini ostin-ustun qilgan inqiloblarda qatnashgan ayollar yurt ravnaqini o’zimiz belgilaymiz, tenglik va demokratiyadan boshqa yo’l yo’q, deydi.
Dunyo bo'ylab xotin-qizlar ahvoli haqida ma'lumot
- Ayollar global ishchi kuchining 40 foizdan oshig'ini tashkil etadi.
- Deyarli barcha mamlakatlarda qizlar boshlang'ich maktabda o'qish imkoniyatiga ega. Maorif va ta'lim sohasida og'il bola va qizlarga teng qarab, birdek o'qitish jadal tarzda rivojlanib bormoqda.
- 1980-yildan beri ayollar dunyoda erkaklarga qaraganda uzoqroq yashashi kuzatilmoqda.
- Hech bir jamiyat ayolning iqtisodiy va siyosiy ishtirokisiz rivojlana olmasligi qayta va qayta isbotlangan fakt.
- Qullikka majburlanayotganlarning aksariyati - xotin-qizlar.
- Ko'plab jamiyatlarda ayollarga kam maosh to'lanadi. Ish joyida jinsiy kamsitish hollari kuzatiladi.
- Ko'plab jamiyatlarda ayollar qaror qilish imkoniyatiga ega emas. Ular o'z hayotini o'zi nazorat qilmaydi.
Manba: Jahon Banki